13 Apr 2020 |  488

Valyuta bozoridagi joriy holat yuzasidan axborot

Joriy yil aprel oyida ichki valyuta bozorida soʼmning xorijiy valyutalarga nisbatan almashuv kursi tebranuvchanligining oshishi kuzatildi.
Xususan, soʼmning АQSh dollariga nisbatan almashuv kursi oy boshiga nisbatan 1,8 foizga oshib, 9 762 soʼmni tashkil etdi (yil boshiga nisbatan 2,7 foizga).
Maʼlumki, soʼmning birja kursining oʼzgarishi talab va taklifning ichki va tashqi omillari taʼsirida, birinchi navbatda, joriy operatsiyalar hisobvaragʼi oʼzgarishi asosida shakllanadi.
Koronavirus tarqalishini oldini olish boʼyicha hamkor davlatlarda va respublikamizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida savdo hamda investitsiyalar bilan bogʼliq operatsiyalarning sekinlashishi, oʼz navbatida, import-eksport hajmlarining qisqarishiga va mos ravishda ichki valyuta bozorida faollikning pasayishiga olib keldi.
Joriy yilning mart oyida eksport tushumlari hajmi oldingi oyga nisbatan 10 foizga kamaydi.
Karantin choralari va iqtisodiy faollikning sekinlashishi, shuningdek, Rossiya va Qozogʼistonda milliy valyutalar kursining devalvatsiyasi tufayli transchegaraviy pul oʼtkazmalarida ham pasayish tendentsiyasi kuzatilmoqda.
Joriy yil mart oyida mamlakatimizga kirib kelgan pul oʼtkazmalari hajmi 296 mln. dollarni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 23 foizga pasaygan boʼlsa, aprelning dastlabki 8 ish kunida mart oyining mos davriga nisbatan 3 barobarga qisqardi.
Ushbu omillar jismoniy shaxslar bilan operatsiyalar segmentida soʼmning almashuv kursi boʼyicha maʼlum nisbatan kutilmalarning shakllanishiga olib keldi. Mart oyidan boshlab aholi tomonidan xorijiy valyuta sotib olish hajmining sezilarli darajada oʼsishi kuzatilmoqda.
Xususan, mart oyida jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hajmining oylik oʼsishi 45 foizni tashkil etgan boʼlsa, aprelning dastlabki 8 ish kunida sotib olish hajmi oʼtgan oyning mos davriga nisbatan 28 foizga koʼpaydi.
Yuqoridagi omillar, shuningdek, asosiy savdo hamkorlar milliy valyuta kurslarining sezilarli darajada qadrsizlanishi natijasida ichki valyuta bozorida milliy valyuta kursining maʼlum darajada qadrsizlanishi va shunga mos ravishda soʼmning asosiy savdo hamkorlar valyutalariga nisbatan real effektiv almashuv kursi tafovutining qisqarishi kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yil mart oyidan boshlab Rossiya rublining АQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 10,3 foizga, qozoq tengesi – 12 foizga, turk lirasi – 7,6 foizga va qirgʼiz somi – 11,2 foizga qadrsizlandi.
Markaziy bank soʼm almashuv kursining qadrsizlanishi ehtimolini past darajada baholamoqda. Dastlabki prognozlarga koʼra, qisqa muddatli davrda soʼm almashuv kursi maʼlum bir kichik oʼzgarishlardan keyin oʼzining fundamental trendiga yaqin darajada shakllanadi.
Shu bilan birga, Markaziy bank tijorat banklari kassalarida konversiya operatsiyalarini amalga oshirish uchun yetarli miqdorda naqd xorijiy valyuta mavjudligini va barcha banknotalar dezinfektsiya qilinganligini maʼlum qiladi. Banklarning ayirboshlash shoxobchalari odatdagi rejimda ishlamoqda va naqd xorijiy valyutani sotish va sotib olish boʼyicha hech qanday cheklov va toʼsiqlar oʼrnatilmagan.