Top.Mail.Ru

Kredit shartnomasini imzolashdan avval o'qilishi muhim bo'lgan bandlari

Kredit shartnomasi, sizning moliyaviy ahvolingizga ta'sir qiladigan boshqa hujjatlar kabi, boshidan oxirigacha diqqat bilan o'qilishi kerak.

Kredit shartnomasini imzolashdan avval o'qilishi muhim bo'lgan bandlari

Shu bilan birga, kelajakda kredit to'lovlari boshlanganda kutilmagan yoqimsiz vaziyatlar bo’lmasligi uchun alohida e'tibor berish kerak bo'lgan muhim bandlari mavjud. Qoida tariqasida, ular bank shartnomani imzolashdan oldin mijozni tanishtiradigan individual shartlar qismida yashirinadi. Umumiy qoidalar esa odatda kreditorning rasmiy saytida joylashtiriladi va ularni istalgan vaqtda o'rganish mumkin.

Kreditning umumiy qiymati

Kredit haqida bilishingiz kerak bo'lgan eng muhim narsa – bu uning to’liq qiymatidir, ya'ni yakuniy ortiqcha to'lov miqdori. Umumiy xarajat har doim ham reklamada ko'rsatilgan va bank kreditni ma'qullagan stavka bilan bir xil bo’lmaydi va odatda balandroq bo’ladi.

Kreditning to'liq qiymati kredit shartnomasining to’lov grafigi sahifasida so’mda va yillik foizda ko'rsatiladi.  Yakuniy ortiqcha to'lov ko’rsatigandan ham kattaroq bo'lishi mumkin - masalan, agar qarz oluvchi to'lovni vaqtida bajarmasa va jarima undirilsa.

To'lov muddatlari

Ko'pgina banklar, kredit olish uchun ariza topshirayotganda, ariza shaklida qulay to'lov sanasini ko'rsatadilar. Uni to'g'ri tanlash juda muhim, chunki uni keyinchalik o'zgartirish har doim ham mumkin emas - ko'plab kreditorlar uchun bu texnik jihatdan mumkin emas va agar ruxsat berilsa, cheklovlar bilan, masalan, har olti oyda yoki bir yilda bir marta.

To'lov sanasini zaxira bilan tanlash yaxshidir. Misol uchun, agar oyning birinchi haftasida ish haqi oladigan bo’lsangiz, unda to'lov sanasini oyning 10-kunidan keyin belgilash to’griroq bo'ladi. Bundan tashqari, bank kredit to’lanishi uchun pul kelib tushishi kerak bo'lgan kunning vaqtini cheklashi ham mumkin. Buni yodda tutish ham muhimdir.

Kreditni muddatidan avval to'lash shartlari

Qarz oluvchi kreditni muddatidan oldin to'lashni istashi mumkin - qonun unga bu huquqni beradi va u har qanday bankdan olingan har qanday kreditga teng darajada qo'llaniladi. Bunday holda, kreditorni muddatidan oldin to'lash to'g'risida oldindan xabardor qilishingiz kerak - turli banklarda buning uchun turli tartiblar mavjud.

Xabar berish usuli kredit shartnomasida ko'rsatiladi. Bu og'zaki bo'lishi mumkin - qo'ng'iroq markaziga qo'ng'iroq qilish orqali - yoki yozma, masalan, mobil ilova chatida yoki bank saytidagi shaxsiy kabinet orqali.

Bankni to'liq va qisman to'lash uchun ham ogohlantirish zarur. Ba'zi mijozlarning fikricha, ortiqcha to'lov amalga oshirilganda, bank tizimi avtomatik ravishda buni tushunadi va kelib tushgan to'liq summani kreditni to’lashga yechib oladi va asosiy qarz kamayadi. Lekin har doim ham bunday bo’lavermaydi. Ko'pgina hollarda, dastur qarz oluvchining maqsadini tushunmaydi va shartnomada belgilangan miqdorda to'lovni yechib oladi va qolgan farq hisobraqamda qolib ketadi.

Muddatidan oldin to’lashda to'lov vaqti ham muhim bo'lishi mumkin. Ba'zi banklar pulni 24:00 dan oldin yechib oladi, boshqalari buni 12:00 yoki 16:00 da amalga oshiradi. Agar mijoz o'sha kuniyoq pul  yechib olinishini kutsa, shartnomadagi vaqtni tekshirish va pulni yechib olinishi vaqti tugagunga qadar kerakli miqdorni to'lashga ulgurishi kerak.

Shartnomani to'liq o'qing!

Kredit shartnomalarida nafaqat yuqorida ko’rsatilgan bandlar muhim ahamiyatga ega – siz hamma bandlarni to'liq o'qib chiqishingiz va o'qiganingizni tushunishingiz kerak. Shubhangiz bo'lsa esa, imzolashni kechiktirish va hujjat bilan tinch muhitda tanishish uchun uyga olib borish yaxshiroqdir. Qonun qarz oluvchiga shartnomani besh kun davomida o'rganish imkoniyatini beradi va bank bu vaqt ichida taklif qilingan shartlarni o'zgartirishga haqli emas.

O'zbekiston banklarida barcha mavjud kreditlar shartlari bilan Kreditlar sahifasida tanishishingiz mumkin.

16:03 • 14 June, 2024

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish