Top.Mail.Ru

Oferta nima va u nima uchun kerak?

Mijozlar ko'p bo'lsa, hamma bilan shartnoma imzolash qiyin ish. Oferta vaqtni tejashga va xaridor uchun to'lovni soddalashtirishga yordam beradi. Maqolada oferta nima ekanligini, uni qanday tuzish va undan qanday foydalanish haqida aytib beramiz.

Oferta nima va u nima uchun kerak?

Oferta nima

Oferta – bu oldindan belgilangan shartlar asosida shartnoma tuzish taklifi. Shartlar ofertaning o'zida aniq ko'rsatiladi – ularni qabul qilish yoki qabul qilmaslik mumkin, lekin o'zgartirish mumkin emas.

Oferta iqtisodiy faoliyatning har qanday sohasida foydali bo'lishi mumkin, chunki u har bir mijoz bilan alohida shartnoma tuzmasdan bir vaqtning o’zida ko'pchilikka tovar yoki va xizmatlarni sotish imkonini beradi.

Oferta va shartnoma o'rtasidagi farq

Tovar yoki xizmatlarni sotish uchun oferta ham, shartnoma ham qo'llaniladi. Ushbu atamalar o'rtasidagi farq quyidagicha:

  • Oferta – bu ma'lum bir doiradagi shaxslarga bitim tuzish taklifidir. Oferta qabul qilinmaguncha u hech qanday majburiyat tug'dirmaydi;
  • Shartnoma – bu tuzilib bo’lgan bitim bo'lib, unga ko'ra uning barcha ishtirokchilari (ikki yoki undan ortiq tomonlar) biror narsa qilishga majburdirlar.

 

Ammo har bir shartnoma tuzish taklifini oferta deb hisoblash mumkin emas – buning uchun u tuzilishi taklif qilinayotgan shartnomaning barcha muhim shartlarini o'z ichiga olishi kerak. Quyidagi shartlar muhim hisoblanadi, ularsiz shartnoma tuzib bo'lmaydi:

  1. shartnoma predmeti bo'yicha shartlar;
  2. qonunda muhim deb belgilangan, shuningdek ushbu turdagi shartnomalar uchun zarur bo'lgan shartlar yoki tomonlardan birining iltimosiga binoan kelishuvga erishish kerak bo'lgan shartlar.

 

Qoidaga ko'ra, agar oferta xaridorga nima va qanday narxda sotilishini aniq ko'rsatsa, qonuniy deb tan olinadi. Oferta shartnomaning eng keng tarqalgan muhim shartlarini o’z ichiga oladi:

  • kim nimani sotadi;
  • uning narxi qancha;
  • hisob-kitoblarni qanday amalga oshirish kerak;
  • savdo qanday amalga oshiriladi va qaysi vaqtda.

 

Agar xaridor oferta shartlarini qabul qilsa, shartnomada bo'lgani kabi, unga imzo qo'yish va muhrlash kerak emas. Sotuvchi xaridor o'z shartlarini qabul qilishini tushunishi uchun, ikkinchisi faqat muayyan harakatlarni amalga oshirishi kerak – saytda ro'yxatdan o'tish, tovarlar uchun to'lovni amalga oshirish, xizmatdan foydalanishni boshlash. Ushbu harakatlar xaridorning ofertada ko'rsatilgan shartlarni qabul qilishini, ya'ni roziligini ko'rsatadi.

Ofertani qaysi hollarda rasmiylashtirish mumkin emas

Shartnoma tuzishdan ko'ra ofertani tuzish ancha oson. Ammo ba'zi hollarda qog'oz shaklidagi shartnoma oferta bilan almashtirilishi mumkin emas:

  • agar mijozlar nostandart xizmatlar olsa va ularning har biri uchun shartlar o'zgarsa. Bunday holda, barcha xaridorlarga mos keladigan universal hujjatni rasmiylashtirish mumkin emas;
  • ba'zan qonun shartnoma ikki tomonlama bo'lishini va tomonlar tomonidan imzolanishini talab qiladi. Va ba'zi hollarda notarial tasdiqlash ham talab qilinadi. Masalan, mas'uliyati cheklangan jamiyatni ochish uchun ko'chmas mulkni sotib olish yoki ijaraga berishda shartnomalar tuzilishi kerak;
  • agar sotuvchi har kimga mahsulot sota olmasa yoki xizmat ko'rsata olmasa.

 

Agar mijoz ofertani qabul qilib bo’lgan bo'lsa, sotuvchi ham, xaridor ham uning shartlarini o'zgartira olmaydi.

Nima uchun biznesga oferta kerak?

Onlayn do'konlarga oferta shart – bu qonuniy talab. Boshqa sotuvchilar oferta ularning biznesiga mos keladimi yoki yo'qligini o'zlari hal qilishlari mumkin.

Oferta korxonalarga quyidagilarga yordam beradi:

  1. qonunga bo'ysunish. Biznes mijoz bilan shartnoma imzolashi kerak - kelishuvsiz siz iste'molchilar huquqlarini buzganlik uchun jarima olishingiz mumkin;
  2. shartnomalarni imzolashga kamroq vaqt sarflash;
  3. xaridorlarni ishonchini oshirish: agar mijoz mahsulot bilan batafsil tanisha olsa, qarshi ko’rsatmalar, xususiyatlar, kafolat xizmati va h.k.lar haqida bilib olsa, sizga bo'lgan sodiqlik darajasi oshadi;
  4. iste'molchi terrorizmidan qochish - o'z huquqlarini suiiste'mol qiluvchi xaridorlarning xudbin xatti-harakatlari. Mahsulotning batafsil tavsifi, shartlari, to'lov shartlari, yetkazib berish va hokazolar sotuvchini xaridorning manipulyatsiyasidan himoya qiladi.
16:24 • 03 July, 2024

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish