Top.Mail.Ru

Agar qarz oluvchi kreditni qaytarmasa, kafil nima qilishi kerak?

Kafil qarz oluvchining kreditor oldidagi qarzlari uchun to'liq javobgarlikni o'z zimmasiga oladi.

Agar qarz oluvchi kreditni qaytarmasa, kafil nima qilishi kerak?

Oldingi davrga qaraganda kamroq bo’lsa ham, banklar hali ham kredit majburiyatlarini ta'minlashning bir usuli sifatida kafillarni - jismoniy shaxslarni jalb qilishni amalda qo'llaydilar.

Kafillik - bu kredit bo'yicha majburiyatlarning bajarilishini ta'minlashning bir turidir. Kafil - qarz oluvchi tomonidan kredit bo'yicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, bank oldida ularni to'liq yoki qisman bajarish majburiyatini olgan shaxsdir. Kredit miqdori qanchalik katta bo'lsa, bank ko’proq kafillarni talab qiladi. Shu orqali kredit tashkiloti kreditni qaytarilmaslik xavfini kamaytiradi.

Bank va kafil o'rtasidagi munosabatlar kafillik shartnomasi bilan belgilanadi. Kafil, qarz oluvchi kabi, bankka daromadni tasdiqlovchi hujjatlarning to'liq paketini taqdim etishi kerak va uning daromadi qarz oluvchinikidan past bo'lmasligi kerak.

Kafilning qanday javobgarligi mavjud?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 293-moddasiga muvofiq kafil qarz oluvchi bilan solidar javobgar bo‘ladi. 

Bu shuni anglatadiki, agar qarzdor qarzni to'lashni xohlamasa yoki to'lay olmasa, u holda qarz kafil yoki kafillar tomonidan to'lanadi. Shuni ta'kidlash kerakki, bank qarz oluvchidan ham, kafildan ham yoki bir vaqtning o'zida ikkalasidan ham kreditni qaytarishni talab qilishga haqli. Qarz oluvchi va kafil qarz to'liq qaytarilgunga qadar qarz uchun javobgar bo’ladilar. Solidar javobgarlik har bir qarzdor tomonidan bajarilishi kerak bo'lgan majburiyat miqdorini belgilamaydi. Natijada, kafil bankka qarz oluvchining o'zidan ko'ra ham kreditning ko’proq qismini to'lashi mumkin.

Kafillikdan voz kechish mumkinmi? 

Shunday holatlar bo’ladiki, kafil bir qancha vaqt o'tgandan keyingina kafillikning asl mohiyatini tushunadi va bank bilan shartnomani bekor qilishni xohlaydi. Kafil bo'lishni rejalashtirganlar shuni bilishlari kerakki, bank bilan shartnomani faqatgina qarz oluvchi va kreditorning roziligi bilan bekor qilish mumkin, biroq bank va qarz oluvchi ko'p hollarda bunga rozi bo'lmaydi.

Kafillik qachon bekor qilinishi mumkin:

  • kreditor oldidagi majburiyat to’liq bajarilganligida;
  • majburiyat kafilning roziligisiz o'zgartirilganda (foiz stavkasi yoki kredit miqdori oshirilsa);
  • kafillik shartnomasining amal qilish muddati tugaganda;
  • bank kafilning roziligisiz qarzni boshqa shaxsga o’tkazganda.

 

Kafillik kredit tarixiga qanday ta'sir qiladi?

Kafilning barcha majburiyatlari (summa, foiz va asosiy qarzni to'lash muddati, to'lov sanasi va miqdori va boshqalar) uning kredit tarixida aks ettiriladi. Bu shuni anglatadiki, agar kredit olish uchun ariza berish zarurati tug'ilsa, u holda kafillik majburiyatlari bank tomonidan sizning to'lov qobiliyatingizni baholashda to’liq hisobga olinadi va kerakli miqdordagi kredit olishingizga imkon bermasligi mumkin.

Agar qarz oluvchi kreditni to'lashdan bosh tortsa nima qilish kerak?

Bank oldidagi majburiyatlaringizni bajaring: siz kimga kafillik bergan bo’lsangiz shu shaxsning qarzlarini to'lang. Aks holda, oqibatlar achinarli bo'ladi. Birinchidan, kafil, xuddi qarzdor kabi, qimmatbaho mulkni yo'qotish xavfini o'z zimmasiga oladi. Ikkinchidan, kredit tarixi buziladi va kelajakda kredit olish imkoniyati pasayadi yoki umuman yo’qoladi.

Agar qarz oluvchi o’rniga bankka kreditni kafil qaytargan bo'lsa, pulni qaytarish mumkinmi? O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 295-moddasiga ko‘ra, qarz oluvchining majburiyatlarini bajargan kafil aslida uning kreditori bo‘lib qoladi. Ya’ni kafil qarz oluvchidan pulni qaytarishni talab qilishi mumkin. Agar qarz oluvchi kafilga qarzni to'lashdan bosh tortsa, kafil sudga murojaat qilishi va o’zining barcha xarajatlarini to'liq qoplash huquqiga ega.

Bizning maslahatimiz:

  1. Agar yaqin kelajakda siz katta miqdorda kredit olishni rejalashtirayotgan bo'lsangiz, unda sizning to'lov qobiliyatingizni baholashda kafil sifatidagi majburiyatlaringiz bank tomonidan hisobga olinishini yodda tuting, ehtimol kafillikdan voz kechish maqsadga muvofiqroqdir.
  2. Moliyaviy ahvoli haqida aniq tasavvurga ega bo'lmagan shaxsga kafil bo'lishga rozi bo'lmang.
  3. Agar siz kafil bo'lishga qaror qilsangiz, kredit miqdori va muddati, foiz stavkasi, shuningdek, qarz oluvchining o'zi (fuqaroligi, ro'yxatdan o’tgan joyi, ish joyi, oilaviy ahvoli va boshqalar) to'g'risida ham aniq ma'lumotlarni bilib oling.
  4. Qarz oluvchi shaxs o’rniga kreditni qaytarishga to’g’ri keladigan holat uchun moliyaviy imkoniyatlaringizni oldindan baholang. Agar shunday vaziyat yuz beradigan bo’lsa siz o'zingizga zarar yetkazmagan holda bank oldidagi qarzdorning majburiyatlarini bajara olishingizga ishonchingiz komil bo'lgandagina kafillikka rozi bo'ling. Shuni hisobga olish kerakki, agar qarz oluvchi kredit bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarmasa, unda salbiy kredit tarixi shakllanadi va shu bilan birga bu majburiyatlarni bajarmagan kafillarda ham avtomatik ravishda kredit tarixi yomonlashadi.
  5. Qarz oluvchiga kafillik berayotganda, kredit bo'yicha barcha hujjatlarni saqlang va kredit to'langandan so'ng, bu haqda bankdan ma’lumotnoma olishni unutmang.

O'zbekiston banklarida barcha mavjud kreditlar shartlari bilan Kreditlar sahifasida tanishishingiz mumkin.

14:49 • 20 June, 2024

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish