08 Apr 2021 |  3,144

Bankomat orqali pulingizni naqdlashtirishda qoʼshimcha foiz ushlab qolinishiga rozimisiz?

Bankomat orqali pulingizni naqdlashtirishda qoʼshimcha foiz ushlab qolinishiga rozimisiz?

Maʼlumki, bank kartalaridan foydalanish oddiy bir holat boʼlib qolgan, qay bir manzilga bormang tijorat banklari tomonidan oʼrnatilgan bankomatlarga koʼzingiz tushadi va bu holdan albatta quvonasiz. Biroq savol tugʼiladi, aholi tijorat banklarining mijozi boʼlsa-da, nima sababdan oʼzi ishlab topgan mablagʼini bankomatlar orqali naqdlashtirishi uchun 0,5-1 foizgacha komissiya toʼlashi kerak?

Bugungi kunda ushbu komissiya foizlari nima sababdan ushlab qolinishi masalasi aholi oʼrtasida koʼplab eʼtirozlarga sabab boʼlayotganligini inobatga olgan holda, depozit.uz rasmiy sayti jamoasi uzoq va yaqin qoʼshni davlatlar banklaridagi holat, jumladan xorijiy va mahalliy ekspertlarning fikr-mulohazalarini oʼrganishga qaror qildi. Xususan Yevropa, Rossiya va Qozogʼiston davlat banklari tajribalarini koʼzdan kechirar ekanmiz, Rossiyaning Аlfa banki oʼz kartasidan foydalanayotgan mijozi uchun bank filiallari va boshqa tijorat banklarining bankomatlari orqali naqd pul yechishni bepul qilib belgilagan. Tinkoff bank esa mijoz plastik karta ochishi uchun 30 foizgacha keshbek berish sharti bilan mijozlarni ushlab qolishga harakat qiladi. Qozogʼistonning barcha tijorat banklari bankomatlaridan naqd pul yechish bepul, birorta tijorat bank buning uchun komissiya toʼlovlari undirmaydi. Xoʼsh shunday ekan, endi nima sababdan Oʼzbekiston banklari mijozning oʼz pulini naqdlashtirishiga foiz ushlab qolishi kerak degan tabiiy savol tugʼiladi? 

Keling, bu borada chet el tajribalari misolida hamda Oʼzbekistondagi ekspertlarning qizgʼin fikr-mulohazalari bilan oʼrtoqlashsak.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, SMBC va MUFG banklarida faoliyat yuritgan, bank sohasida koʼp yillik tajribaga ega boʼlgan hamyurtimiz Oʼzbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi Bosh direktori Murodjon Farmanov tomonidan bildirilgan fikrga koʼra, O’zbekistonda banklar yetarlicha raqobat ko’rmagan va shuning uchun aholidan komissiya va ustamalar undirishda davom etmoqda. Bank uchun aholining depozit shaklidagi mablag’lari eng qadrli resurslardan biri hisoblanadi. Bank tilida depozitlar “yopishqoq resurs” sifatida tanilgan. Ushbu turdagi resurs uchun xorijiy davlatlardagi banklar foiz to’lab berishadi; nomuayyan muddatga qo’yilgan joriy hisob raqamdagi resurslar uchun ham. Yevropada aholi o’zinimas bankni pulini ipotekaga 20 yilga olsa 0% to’laydi. Albatta ushbu kredit turini rasmiylashtirish uchun ma’lum bir xarajatlar undirilishi mumkin, lekin ushbu misolning mazmuni shuki bankdagi deposit/mablag’lar bank faoliyati uchun juda muhim va uni ko’paytirish uchun banklar mijozlarga moddiy va texnik qulayliklarni tekin yaratib berilishi kerak.

O’zbekistonda esa, banklar depozitlardan kredit ajratib birinchi qatlam foydasini ko’radi, bankomatdan pul yechish kabi xizmatlardan 1% komissiya undirib ikkinchi qatlam foyda ko’radi. Aholiga bankka pul qo’yishdan nima foyda?  Kelajakda ushbu holatning o’zgarishi raqobatning oshishiga bog’liq. Yaqinda kirib kelgan banklar hozircha o’z banklarining kapital hisobiga ish faoliyatini boshlagan. Ammo, faoliyatini kengaytirish uchun qo’shimcha mablaglar kerak bo’ladi va aynan shu paytda bankomatlar va boshqa xizmatlar uchun qo’shimcha komissiya undirishda revolyutsiya bo’lishi, ya’ni bankomat komissiyalarining bekor qilinish ehtimoli yuqori.

Banklar tomondan bankomatlarni yuritish uchun xarajatlar esa aholidanmas, aholi mablag’lari hisobiga ajratiladigan kredit ustamalaridan undirilishi kerak.

Keyingi ekspertimiz Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki Yetakchi bankiri Iqbol Hakimov (London, Buyuk Britaniya) fikriga koʼra, bugungi kunda aholidan bankomatlar orqali pul yechish va P2P kartadan kartaga pul oʼtkazmalarini amalga oshirish uchun foiz olinishi ularni oʼz mablagʼlarini bankda saqlashdan tiyilishga olib keladi.  Аgar Buyuk Britaniya misolida aytadigan boʼlsam, aholi bankomatlardan pul yechishi yoki kartadan kartaga pul oʼtkazmasini amalga oshirishi uchun banklar tomonidan hech qanday komissiya undirilmaydi, - dedi Iqbol Hakimov. 

Аlbatta, bu borada mahalliy ekspertlarimiz fikri qandayligi ham bizni qiziqtirdi. Keling, ularning fikrlariga ham nazar tashlaymiz. 

“Ipotekabank” moliya bloki rahbari Аziz Muhiddinov www.linkedin.com sahifasida bankomat xarajatlari internet, texnik taʼminot, nazorat qilish kabi xarajatlarni qoplash uchun bankomatlardan naqd pul yechishda komissiya undiriladi, agar bu xarajatlar olib tashlansa yana ilgarigidek banklar sunʼiy ravishda naqd pul yoʼqligini bahona qilib 20-30 foizdan pulni naqdlashtirish boshlanishini taʼkidlagan.

Bu borada Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Bank isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshligʼi Baxodir Mirzaevning fikricha, joylarda tijorat banklarining bankomatlar oʼrnatishi va 24/7 rejimida faoliyat koʼrsatuvchi kichik shoxobchalarini ochishi Qonun yoki qaror bilan belgilanmagan. Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki regulyator sifatida tijorat banklarining oʼz bankomatlaridan xizmat haqi undirsin yoki tekinga xizmat koʼrsatsin degan tavsiyalarni bermaydi. Bu tijorat banklarining oʼz ichki siyosatlari, bankomatlar orqali foiz belgilashda ham tijorat banklari mustaqil hisoblanadi. Maʼlumki, respublikada naqd pulga boʼlgan talab juda yuqoriligicha qolmoqda. Yevropa va Rossiya davlatlarida naqd pulga talab deyarli yoʼq, aholi koʼproq naqd pulsiz hisob-kitoblarni maʼqul koʼradi hamda barcha savdo nuqtalarida naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun sharoit yaratilgan. Shu sababli bankomatlar orqali naqd pul yechishda muammo yoʼq, foiz ham olib qolinmaydi.

Аgar Oʼzbekiston misolida qaraydigan boʼlsak, barcha savdo nuqtalarida terminallar oʼrnatilmagan, mamlakatning chekka hududlaridagi doʼkonlar hatto terminal nima ekanligini ham bilmaydi. Markaziy bank topshirigʼiga koʼra, tijorat banklari oʼz mijozlarini savdo terminallari bilan taʼminlagan. Biroq, Markaziy bank tomonidan oʼtkazilgan tahlillar shuni koʼrsatmoqdaki, savdo nuqtalarida terminallardan foydalanish talab darajasida emas. Fikrimcha, nafaqat Markaziy bank yoki tijorat banklari, balki Soliq qoʼmitasi ham bu borada ishlarni toʼgʼri tashkil etishi, nazoratni yanada kuchaytirishi lozim. Аgar joylarda terminallardan foydalanish talab darajasida yoʼlga qoʼyilsa, aholi oʼrtasida naqdsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishimiz tezlashadi va iqtisodiyotning yanada rivojlanishi uchun muhim omil yaratiladi, - deya soʼzini yakunladi Baxodir Mirzaev.

Shu oʼrinda mahalliy va xorijiy ekspertlarimiz fikrlariga nazar tashlaydigan boʼlsak, mahalliy ekspertimiz Аziz Muhiddinov bildirgan fikrga koʼra, bankning oʼz xarajatlari borligini tushungan holda 1 foizga qarshilik qilmaylik, lekin qancha koʼp pul yechib olsangiz shuncha koʼp mablagʼ yoʼqotasiz. Аgarda siz 5 mln. soʼm naqdlashtirsangiz - 50 ming, 10 mln. soʼm naqdlashtirsangiz - 100 ming soʼm yoʼqotasiz. Boshqacha aytganda, qancha koʼp naqdlashtirsangiz, shuncha zararga tushasiz! 
Biroq, xorijiy ekspertimiz Murodjon Farmonov banklar mijozlar hisobraqamidagi mablagʼlardan kreditlash uchun resurs sifatida foydalanar ekan, bankomatlar bilan bogʼliq xarajatlarni oʼzlari qoplashlari zarur degan aks fikrni bildirdi. Uning fikricha, yuzaga kelgan holatning sababi banklar oʼz omonatchilarini yetarli darajada qadrlamaydi. Shu sababli tijorat banki oʼz mijozlariga bankomatlardan bepul foydalanish imkoniyatini bermaydi. Buning oʼrniga Oʼzbekiston banklari ham mijoz resuridan foydalanadi, ham mijozdan bankomat xarajati uchun komissiya undiradi.

Demak, jahon tajribasi misolida koʼradigan boʼlsak, mijozning pul mablagʼidan bank resurs sifatida foydalanishi hisobiga bankomat xarajatlarini ham ushbu resursdan olgan foyda hisobiga qoplashi lozim. Аlbatta, jahon tajribasiga tayangan holda tijorat banki 0% miqdorida xizmat koʼrsata olmasa-da, komissiya toʼlovlarini 0,1-0,2 % miqdorida belgilashi maqsadga muvofiq boʼladi. Bu esa respublikada naqdsiz hisob-kitoblarni yoʼlga qoʼyish ishlarini jadallashtirishga samarali hissa qoʼshishi tabiiy. 

Xulosa oʼrnida shuni aytish joizki, banklar tomonidan undirilayotgan komissiyalar miqdorining yuqoriligi mijozlarning banklarga boʼlgan ishonchining susayishiga hamda aholi mablagʼlarini bankdan tashqari saqlanishiga olib keladi.

R.S: Markaziy bank maʼlumotlariga koʼra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga muomalaga chiqarilgan bank plastik kartalari soni 25 775 662 tani, oʼrnatilgan toʼlov terminallari soni 438 410 tani, oʼrnatilgan bankomat va infokiosklar soni 11 800 tani, toʼlov terminallari orqali amalga oshirilgan toʼlovlar summasi (yil boshidan) 81 mlrd. soʼmni tashkil qilgan.
 


Mustaqil jurnalist
Sabohat Xaitkarieva

 

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish