Top.Mail.Ru

Qimmatli qog'ozlarga investitsiya qilish orqali qancha daromad olish mumkin?

Qo'shimcha daromad izlab, ko'plab tashabbuskor va moliyaviy savodli odamlar qimmatli qog'ozlar savdosiga murojaat qilishadi. Bunday operatsiyalardan haqiqatan ham qancha pul ishlashingiz mumkin va investitsiya qilingan mablag'larni yo'qotish xavfi qanchalik katta?

Qimmatli qog'ozlarga investitsiya qilish orqali qancha daromad olish mumkin?

Qimmatli qog'ozlar bozorlaridagi barcha operatsiyalarning asosiy maqsadi aktivlarni qayta sotishda sotib olish va sotish narxlari o'rtasida qoladigan maksimal foydaga ega bo’lishdir.

Ma'lumki, qimmatli qog'ozlarga investitsiyalardan olinadigan daromad birinchi navbatda qimmatli qog'ozlar turiga bog'liq. Shunday qilib, aksiyalardan daromad aksiyalarni bugun bir narxda sotib olish va ma’lum vaqtdan keyin boshqa narxda sotish orqali shakllanadi. Shuningdek, aksiyalardan olingan daromad dividendlar shaklida ham bo’lishi mumkin, ammo barcha kompaniyalar ham dividend to'lamaydi. Obligatsiyalar bo'yicha daromad esa pulingizni kompaniya yoki davlatga qo'shimcha to'lov bilan qaytarish evaziga qarzga berish orqali hosil bo'ladi.

Bugun biz bir nechta kompaniyalar misolida aksiya va obligatsiyalar savdosi orqali qancha va qanday qilib daromad olish mumkinligi haqida gapirib beramiz.

Aksiyalardan boshlaymiz. Aksiyalarni sotib olish uchun boshlang'ich kapital sifatida biz 10 million so'mni olamiz.

1. “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati.

  • Aksiyaning o’tgan yildagi narxi: har bir aksiya uchun 25 000 so‘m.
  • Hozirgi narxi: 35 000 so'm.
  • Dinamika: 40%
  • Dividend: 0%

O’tgan yilda 10 million so‘mga 400 ta donaga yaqin qimmatli qog‘oz sotib olish mumkin edi. Bugungi kunga kelib portfel narxi 14,0 million so'mgacha oshgan bo'lardi, ya'ni bugun aksiyalarni sotish orqali 4,0 million so'm daromad olish mumkin edi. Kompaniya dividendlar to'lamaganligi sababli, yakuniy daromad 4,0 million so'mni tashkil qiladi.

2. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki.

  • Aksiyaning o’tgan yildagi narxi: har bir aksiya uchun 650 so‘m.
  • Hozir narxi: 720 so'm.
  • Dinamika: 10,8%.
  • Dividend: 12%.

Odatda arzon aksiyalarni faqat lotlarda sotib olish mumkin. Masalan, bitta lot 100 ta aksiyaga teng. Shu bois 10 million so‘mga o’tgan yilda 154 ga yaqin lot yoki 15,4 ming dona aksiya sotib olish mumkin edi. Bir yil Ichida aksiyalar 10,8 foizga o'sdi va endi ularning portfeldagi qiymati 11,08 million so'mni tashkil qiladi. Daromad – 1,08 mln. so‘m. Shuningdek, dividend hisobiga 12% qo‘shimcha daromad ham bo‘ladi.

Endi Kapitalbank misolida obligatsiyalar bo'yicha daromadni hisoblash misolini ko'rib chiqamiz. Obligatsiyaning nominal qiymati 1 million so'm bo'lib, bozorda ham 1,0 million so'mga sotilmoqda. Yillik stavka 19% ni tashkil qiladi. Shunday qilib, bir obligatsiyadan yil davomida olinadigan foyda 190 ming so‘mni tashkil etadi. Biroq, bu barqaror kompaniyaning eng oddiy obligatsiyasidir. Daromadni aniqlashning boshqa usullari obligatsiyalar turiga, ularning nominal va bozor narxlariga va boshqa bir qator omillarga bog'liq bo’ladi.

Biz qimmatli qog’ozlar qiymati o'sishining ijobiy dinamikasiga ega bo'lgan kompaniyalarni misol sifatida keltirdik. Lekin hamma biladi, qimmatli qog'ozlar bozori bu nafaqat foyda. Har qanday vaqtda, hatto eng istiqbolli kompaniya ham qadrsizlanishi mumkin. Shuningdek, e'tiborga olish juda muhim bo'lgan bir qator omillar ham mavjud, masalan, depozitariy xizmatlari uchun to'lovlar, brokerga komissiya, foyda solig’i, bundan tashqari, siz qimmatli qog’ozlarni sotishingiz kerak bo'lganda, xaridor topilmaslik xavfi bo’lishi mumkin va natijada sarmoya zarar bilan yakunlanishi ham mumkin.

Shunday qilib, qimmatli qog'ozlar bozorida savdo qilish uchun siz asosiy qoidalarni bilishingiz va har qanday sharoit va bozor o'zgarishlariga tayyor bo'lishingiz kerak.

Aksiyalar, obligasiyalar va ularning kotirovkalari bo'yicha batafsil ma'lumotni Investitsiyalar sahifasida olishingiz mumkin.

16:29 • 06 January, 2024

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish