O‘zbekistonda barcha banklar aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi va shu sababli ularning aksariyati qimmatli qog‘ozlar bozorining faol ishtirokchilaridir.
Bugungi kunda 35 ta bankdan 16 tasining aksiyalarini Toshkent fond birjasida xarid qilish mumkin. Ular yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinishi mumkin.
Birja orqali faqat ikkita bank – Asia Alliance Bank va Kapitalbankning obligatsiyalarini sotib olish imkoniyati mavjud.
Tijorat banklari uchun qimmatli qog'ozlar bozori imkoniyatlarini bir qancha ko'rsatkichlar misolida ko'rib chiqamiz.
Aksariyat hollarda banklar bozordagi operatsiyalar soni va aylanmasi bo'yicha yetakchi hisoblanadi. Masalan, 30 kun davomida amalga oshirilgan bitimlar soni bo‘yicha O‘zsanoatqurilishbank va Ipotekabank OTP guruhi yetakchilik qilmoqda. Birinchi bank tomonidan 24 085 ta, ikkinchi bankda 8 442 ta bitim amalga oshirilgan. Top 10 talikka Hamkorbank, Ipak yo‘li bank va Aloqabank ham kiradi.
Yiliga 88 414 ta tranzaksiya amalga oshirgan O‘zsanoatqurilishbank 365 kunlik bitimlar soni bo‘yicha ham yetakchilik qilmoqda. Undan keyin Hamkorbank va Ipotekabank OTP guruhi turibdi.
365 kunlik tranzaksiya aylanmasi bo'yicha esa 580,98 mlrd. so'm ko'rsatkich bilan Orient Finans bank yetakchi bo'lgan. Shuningdek, kuchli beshlikdan OKTOBANK va Ipak Yoʻli banklari mos ravishda 169,83 milliard soʻm va 120,09 milliard soʻm koʻrsatkichlari bilan oʻrin olgan.
Tarmoqlar bo‘yicha 2023-yil noyabr oyi natijalariga ko‘ra, bank sektori qimmatli qog‘ozlar bilan tuzilgan bitimlar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Shu bir oy davomida mazkur yo‘nalishda 19 618 ta bitim amalga oshirildi.
Biroq, hajm bo'yicha banklar bozorning atigi 11,39 foizini egallaydi.
Aksiyalar likvidligi bo‘yicha ham bank sektori yetakchilik qilmoqda, 2023-yil noyabr oyida eng likvidli aksiyalar Ipak Yo‘li bank aksiyalari bo‘lgan (bitimlar soni bo‘yicha eng yaxshi 10 ta aksiya eng likvidli qimmatli qog‘ozlar sifatida qabul qilindi).
Shunday qilib, bank tizimining barqarorligini, shuningdek, ularning qimmatli qog'ozlar bozoridagi faol ishtirokini hisobga olgan holda, aksiyalarni sotib olayotganda tijorat banklarining aksiyalariga e'tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Aksiyalar, obligasiyalar va ularning kotirovkalari bo'yicha batafsil ma'lumotni Investitsiyalar sahifasida olishingiz mumkin.