Top.Mail.Ru

Xatolar orqali men faqat o'sdim!

Shirina Xalitova - Biznes lady, 30 yosh, oilali, 2 nafar farzandning onasi. Xalqaro NL international kompaniyasining TOP LIDERI. O‘zbekistondagi birinchi eng yuqori lavozim DT 5 (Diamond Tutor 5) pog‘onasi egasi.

Xatolar orqali men faqat o'sdim!

1.Hayotingizning eng og‘ir damlarida Sizga motivatsiya bergan holat va Siz bu qiyinchiliklarni nimaning hisobiga yengib, bugungi kunda biz ko‘rib turgan biznes-ledi Shirina Xalitovaga aylandingiz?

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar tez rivojlangani sari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoki o‘z maqsadlari sari olg‘a intilayotgan ayollarning kuzatuvchilarida albatta birinchi navbatda bu ayollarda ham biron qiyinchilik yoki muammosi bormi? – degan savol tug‘iladi. Bu savolni shaxsan o‘zimga ham juda ko‘p marotaba berishgan. Biroq, savol berishdan avval doimo tanganing ikki tomonini ham ko‘ra bilish lozim.

Men bugungi yuksak darajaga erishgunga qadar qanchadan-qancha qiyinchiliklarni bosib o‘tishimga, yo‘limda uchragan har bir to‘siqlardan qochmay, balki ularni bartaraf etishga o‘zimda kuch topa olganman.

Bilasizmi, insonning erishgan yutuqlari doimo faqat omadga bog‘liq bo‘lmaydi. Erishilgan yutuqning 99 foizi bu sizning mehnatingiz, o‘z ustingizda tinmay izlanishingiz, qolaversa o‘z mavqeingizda yuksalishingiz va rivojlanishingiz uchun tafakkuringiz va ongingizni o‘stirishingizda deb bilaman. Undan keyin esa, albatta 1 foiz omadingizni qo‘shilgani bilan siz yuksak marralarni zabt etasiz.

Biroq, sizda umuman harakat bo‘lmasa, faqat omadning o‘zi bilan natijaga erisha olmaysiz. Omad faqatgina harakat bilan birlashgandagina go‘zal natijani beradi. Chunki, sizda harakat bor, maqsad bor, orzu bor va orzuingizga erishish uchun maqsad sari harakat qilishni boshlaysiz va albatta yuz foizlik natijaga erishasiz.

Albatta, hayot hech qachon bir maromda ketmagan. Hayotning qiyinchiliklarini ko‘rgan inson kelajakda har bir erishayotgan yutuqlarining qadriga yeta oladi. Agar inson qiyinchiliksiz biron narsaga erishsa, hech bir erishgan yutug‘i bu insonga lazzat olib kelmaydi. Chunki, insonga berilgan har bir qiyinchiliklar ortida albatta yorug‘ kunlar turadi.

Aytishadiku, “Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘”. Bilingki, sizning hayotingizda hozir qiyinchiliklar bormi, demak, juda oz fursatda hayotingiz tubdan o‘zgarib, yorug‘ kunlarga chiqasiz.

Insonda o‘ziga bo‘lgan ishonchi bo‘lsa, albatta istalgan sohaning yetuk vakili bo‘lishga qodir, hoh u biznes bo‘lsin, hoh u boshqa kasb bo‘lsin. Insonga umr bir marotaba beriladi, shunday ekan, o‘tayotgan har bir daqiqasidan unumli foydalana olishi, hayotining go‘zal bo‘lishi va besamar o‘tmasligi uchun harakat qilishi lozim. 

Men bu darajaga erishgunimcha ko‘p qiyinchiliklarni boshimdan o‘tkazganman. Yoshlik davrlarimda ham qiyinchiliklar bo‘lgani sabab, bugungi hayotimga “Alhamdulillah” deyman. Bildimki, bu qiyinchiliklar meni hayotning chig‘iriqlarida pishitib, xatolarimdan tajriba olishimga, sabrli va matonatli ayol bo‘lishimga sabab bo‘ldi. 

Men o‘zi ziyolilar oilasida katta bo‘lganman, yoshligimdan moliya sohasiga bo‘lgan qiziqishim yuqori bo‘lgan. Doimo qanday qilib daromadni ko‘paytirib, hayotni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin?, - degan savollar ustida bosh qotirardim. Onam menga soch turmagi uchun chiroyli rezinkalar olib bersalar, men xonadonlarni aylanib, olingan narxdan qimmatroq narxga ularni sotib chiqardim va cho‘ntak harajatlarimga shu tariqa pul ishlardim. Onam doim menga “sen qiz kiygan kiyimingni ham sotib yuborasan”, - deb kulardi. Haqiqatda, men biznes qilishda ko‘proq insonlar bilan bo‘ladigan muloqotdan mazza qilardim. Shu sababli o‘qishni tamomlab, Moliya institutida ta’limni davom ettirdim va bakalavr, so‘ngra magistr darajalarini qizil diplomga tugatib, bank sohasida faoliyatimni boshladim. Bankda ishlab yurgan kezlarim taqdirim tutashib turmush o‘rtog‘im bilan tanishdim va oila qurdim.

Hayotimning o‘zgarishi dekret ta’tilidan boshlangan. Farzandli bo‘lgach bu nafaqat meni, balki ko‘pchilik ayollarimizni qiynaydigan muammo, ortiqcha vaznga ega bo‘ldim va bu holda depressiyaga tushib qoldim. Endi meni faqat bir masala qiziqtirardi, qanday qilib yana qayta sog‘lom ozishim mumkin? Chunki, og‘ir vazn birinchi navbatda salomatligimga ta’sir qilgan bo‘lsa, mendagi depressiya holati oila muhitimga, turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Demak, menda ikkita yo‘l bor edi, yoki qayta sog‘lom ozib, go‘zal qomatga ega bo‘lib, oilaviy munosabatlarni yanada yaxshilayman, yoki shu og‘ir vaznda qolib, sog‘lig‘imga ham putur yetib, talaygina kasalliklarni o‘zimga ishlab olaman. Albatta, men birinchi yo‘lni, ya’ni “Sog‘lom turmush tarzini” tanladim, chunki ayol oilada o‘zini baxtli his etsagina, uning farzandlari ham baxtli bo‘ladi.

Shuning uchun men tezda va sog‘lom ozish bo‘yicha tinmay izlandim, bu izlanishlarim davomida men Rossiyaning NL kompaniyasini topib, ozdiruvchi mahsulotlarini iste’mol qilishni boshladim va 1 oy davomida chiroyli qomatga ega bo‘ldim.

O‘zimdagi bu natijalardan so‘ng, atrofimdagi insonlar ham sog‘lom ozishga qiziqishdi va men yana sevimli bo‘lgan biznesimni davom ettirishni boshladim. Bugungi kunda komandamda 5 mingdan ortiq ayol-qizlar o‘z biznesini yuritadi va oilasi uchun qo‘shimcha ravishda daromad topib, oila byudjetiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda. Shuningdek, bu biznes orqali minglab ayol-qizlarimizning hayotlarini tubdan o‘zgartirishga, ularni biznesning yetuk vakilasi bo‘lib yetishishlariga qo‘limdan kelgancha yordam berayapman.

Mana shu biznes orqali bugun farzandlarimiz eng yaxshi ta’limni olishi, turli sport to‘garaklariga qatnashi, qolaversa xususiy bog‘chalarga borishi mumkin. Bu darajaga erishishimdagi birinchi motivatsiya - bu farzandlarim va oilam.

Ayollarimizda “Qulay zona” degan narsa bor, ular mana shu zonadan chiqishga qo‘rqishadi. Va albatta, hayotda yetishmovchiligim ko‘p, turmush o‘rtog‘im kam daromad topadi, degan nolishlarni eshitamiz. Biroq, mana shu “Qulay zonadan” chiqish vaqti kelganini ayollar ham tushunishi kerak. Masalan, shaxsan meni biznes faoliyatim bo‘yicha ayol-qizlarimiz uyda o‘tirgan holda onlayn faoliyat yuritishlari mumkin. Buning uchun ularga faqat internet va telefonlari, qolaversa o‘zlarida ishga bo‘lgan ishtiyoq kerak bo‘ladi. Agar ayollarimiz turmush o‘rtog‘im ishlashimga qarshi deb o‘zida harakat bo‘lmasa, uning hayoti faqat instagramda yuqori cho‘qqilarni zabt etayotgan ayollarga havas qilib o‘tirish bilan o‘tib ketadi.

2. Oila iqtisodiy jihatdan yaxshi bo‘lishi, farzandlar sifatli ta’lim olishi uchun ayol ishlashi kerakmi yoki yo‘q?

Albatta, birinchi navbatda biz oilada qizlarimizni ta’limiga mablag‘ni ayamasligimiz kerak. Chunki, kelajakda u ona bo‘ladi.

Bilingki, podshohlarni ham ayol dunyoga keltirgan. Ayol bir qo‘lida beshik tebratsa, ikkinchi qo‘lida dunyoni tebratishga qodir. Ayol ham biznesni, ham oilani birdek olib borishi mumkin. Eng buyuk daholarning ortida doim kuchli ayollar turgan.

Ma’lumki, ko‘plab oilalarimiz o‘g‘il bola kelajakda oila boquvchisi deb, o‘g‘il bolalarni oliy ta’lim olishiga qiziqishadi va qizlarga e’tibor juda kamligicha qolib ketmoqda (albatta bu hamma oilada emas). Biroq, biz qizlarimizga qancha ko‘p ilm olishlariga sharoit yaratsak, o‘z ilmi orqali ayol farzandiga go‘zal tarbiya beradi.

Ayolning ilmi va saviyasi qancha yuqori bo‘lsa, uning farzandlari yuqori salohiyatli va malakali kadrlar bo‘lib yetishib chiqadi. Shu sababli, farzand tarbiyasida qizlarimizga ham ko‘proq e’tibor qaratishlarini istab qolardim va ayol kishi ham jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, turli sohalarda faoliyat yuritishi, qolaversa biznes bilan ham shug‘ullanishi lozim deb hisoblayman.

3. Hayotda o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotgan, qiyinchilik ila chet davlatlarda oilam, farzandlarim kelajagi uchun deb tinmay mehnat qilayotgan, sharoiti og‘ir ayollar uchun qanday yordam ko‘rsata olasiz?

Bilasizmi, men chet el safarlariga chiqqan vaqtimda, ko‘plab o‘zbek ayollarini chet davlatlarda og‘ir mehnat bilan shug‘ullanayotganligining guvohi bo‘lganman. Albatta, bu juda ayanchli holat. Chunki, musofirchilikda vatandoshingizni ko‘cha tozalashini ko‘rishning o‘zi qiyin. Ayniqsa, o‘z farzandlarini tashlab, boshqa davlatlarda yurgan ayollarimiz ertaga qanday qilib farzandlari ulg‘ayganini ko‘rmaydi, ularda hatto xotira degan narsa qolmaydi.

Ollohim har bir insonga rizqni o‘zi beradi, vatandan olisda emas, vatanda turib ham mana shu rizqni o‘z mehnati orqali topish mumkin. Hayotning qiyinchiligi tugamaydi, endi kosam oqarmay, shu ahvolda o‘tib ketadi, - degan ayollarimizga aytadigan so‘zim, bu katta xato. Chunki, siz harakat qilsangiz, albatta katta-katta daromadlar sizni o‘zi quvlab yuradi.

Shaxsan o‘zim, pul tikmagan holda biznes boshlab, yuqori daromadlarga erishish istagida bo‘lgan, hayotini 180 darajada yaxshi tomonga o‘zgartirishga tayyor bo‘lgan ayol va qizlarimizni komandamizga taklif qilaman. Ularga biznesimning sir-asrorlarini o‘rgataman.

Biznesimizga o‘qitish ham bepul. Yaqinlarining yonida yuqori daromadlarga chiqishni, hayotidagi barcha orzularini armonga aylantirmay, uzoq yurtlarga ketmay, vatanda, farzandlari bag‘rida tezda amalga oshirishni istagan opa-singillarimiz bo‘lsa, qolaversa tushkunlikka tushib qolgan, uyda o‘tirgan ayollarimizni ham komandamga bajonidil qabul qilaman. Faqat sharti, ishlashga tayyorman va biznes qo‘limdan keladi, deb o‘zlariga bo‘lgan ishonch bilan menga murojaat qilishlari lozim. Ishga qabul qiluvchilar soni chegaralanmagan, men va mening komandamda ishlash istagida bo‘lgan har bir ayol va qizlarni bajonidil biznes komandamda ko‘rishga tayyorman.

20:51 • 16 October, 2021

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish