Top.Mail.Ru

Takaful sug‘urtasi: O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlari qachon o‘z faoliyatini boshlaydi?

“AlHuda” Islom Bankchiligi va Iqtisodiyoti Markazi 15 yildan beri Islom bankchiligi va moliyasini targ‘ib etib kelmoqda.  Xorijiy tashkilotning asosiy maqsadi foizsiz bank xizmatlarini ko‘rsatishdir.

Takaful sug‘urtasi: O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlari qachon o‘z faoliyatini boshlaydi?

Toshkent shahrida joylashgan Hyatt Regency mehmonxonasida Al Huda Islom bankchiligi va iqtisodiyoti Markazi tashabbusi bilan 2-MDH mamlakatlari “Islamic banking&finance" forumi bo‘lib o‘tdi. Maʼlumki, islomda iqtisodiy masalalarning ham o‘z shart va tamoyillari mavjud. Islom moliyasining asosiy tamoyillaridan biri foiz va tavakkalchilik taʼqiqlanganidir. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan forum doirasida islomiy moliyaviy xizmatlarni joriy etish, "Islom bankchiligi, Takaful va Islom mikromoliyasi" mavzulariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Xo‘sh, islom moliyaviy xizmatining o‘zi nima? Uning tartib-taomili, qoidalari qanday? O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish qanday ahamiyat kasb etadi? Islomiy sug‘urta nima?  APEX Insurance kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Baxrom Nuʼmonov bilan kechgan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

Baxrom Xamidullayevich bugungi forum O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish uchun qanday ahamiyat kasb etadi? Keling, suhbatimizni mana shu mavzudan boshlasak.

-Mazkur forum to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirishga dahl qiladi, - deb ayta olmayman. Ushbu forum islom moliyasiga qiziquvchi insonlarni bir joyga jamlash, fikr almashish va islom moliyasining mamlakatimizdagi rivoji haqida suhbatlar uyushtiruvchi platforma sifatida tashkil etildi, - deydi Baxrom Nuʼmonov. Islom moliyasini rivojlantirishga bizga maʼlum bo‘lgan bir-ikkita loyihalar bor, hukumatimiz tomonidan ham bu loyiha ustida ishlanmoqda.  Bu tijorat banklarida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan “Islom darchalari” deyiladi.
Birinchisi, islom moliyasi xizmatlarini ko‘rsatishga imkoniyat yaratuvchi, ikkinchisi Moliya vazirligida kapital bozorini rivojlantirish departamenti tomonidan islom obligatsiyalari, yaʼni “sukuk” chiqarish to‘g‘risidagi Qonun loyihalari ustida ish olib borilmoqda.  Mana shu ikki loyiha tasdiqlanishi bilan O‘zbekistonda islom moliyasini rivojiga katta turtki bo‘ladi. Chunki,  bu islom moliyasi rivojining boshlanishi bo‘ladi. Buning orqasidan keyinchalik islom moliyasining boshqa instrumentlarini rivojlanishiga yo‘l ochib beradi.

Darhaqiqat, islom moliyasining faoliyat boshlashini O‘zbekiston aholisining 85 foizi kutmoqda. Bugungi kunda aynan xorijiy mamlakatlarda faoliyat yurituvchi  investorlar tomonidan O‘zbekistonga investitsiya kiritishga yoki hamkorlikda ishlashga qanchalik qiziqishmoqda?

-Bu juda aktual masala. Biz hozirgi kunda xorijlik hamkorlarimiz bilan aynan shu sohada ish olib borayapmiz. Qo‘shni davlatlarni, yaʼni yaqin qo‘shni Qozog‘iston misolida ko‘radigan bo‘lsak, islom moliyasining ishlashi uchun hukumat tomonidan tegishli qonunlar qabul qilingan, platformalar bor, bu sohada ishlar olib borilyapti. Biz ular bilan aloqalar o‘rnatdik va albatta, O‘zbekistonda ham islom moliyasini yo‘lga qo‘yish borasida platforma yaratish uchun o‘z yordamlarini ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Albatta, bu tadbiq etiladi. Lekin, bir narsani aytishim mumkin, chet ellik investorlarning O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishi juda yuqori. Buning sababi, O‘zbekiston iqtisodiyotida ochilmagan qirralar, investitsiya qiladigan loyihalar juda ko‘p. Uning foyda olish qismi (marjinalnost) yuqori, shu jumladan islom moliyasining O‘zbekistonga endi kirib kelayotgani, rivojlanishga juda ko‘p imkoniyatlar mavjudligi hisobiga islom moliyasiga investitsiya qilaman degan investorlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Xalqaro moliya tilida aytganda “bond”larni chiqarish, islom moliyasi instrumentlarini chiqarib, investitsiya jalb qilish bo‘yicha chet ellik investorlar hamkorlikni kutmoqda.

Baxrom Xamidullayevich, hozir Islom moliyasini O‘zbekistonda tadbiq etish borasidagi Qonun loyihasi ishlab chiqarilayotgani haqida aytib o‘tdingiz, bu qonun loyihasi qanday bir manbalarga asoslanib tayyorlandi?

-Hurmatli Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatlarida “Mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati keldi. Bunga Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlarini jalb qilish kerak”, - deb aytgandilar.
Mazkur qonun loyihasining tayyorlanish jarayonida davlat rahbarining bu gaplari o‘z tasdig‘ini topdi. Investitsiya vazirligi bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida ham bu masalada ko‘lamli ishlar olib borilayotgani haqida mutaxassislar fikr-mulohazalarini aytishdi va buning natijasini xudo xohlasa yaqin kunlarda ko‘ramiz.

Aytingchi, islom moliyasi tadbirkorlarimizga, bank sohasiga va qolaversa eng asosiysi, aholi uchun qanday yangilik va yengilliklar yaratadi hamda bu sohaning yutug‘i nimadan iborat?

-Savolingiz o‘rinli, albatta sentyabr oyida eʼlon qilingani bo‘yicha O‘zbekiston aholisining soni 35 milliondan oshdi. Hozirgi statistik maʼlumotlarga ko‘ra, shundan 85 foizi musulmonlar, yaʼni islom diniga eʼtiqod qiluvchilarni tashkil qiladi. Bundan tashqari, O‘rta Osiyoni oladigan bo‘lsak, O‘rta Osiyo aholisining qoq yarmi O‘zbekistonda istiqomat qiladi. Bu degani, iqtisodiyot rivoji uchun juda katta potensial. Islom moliyasining rivojlanishi xalqimizga anʼanaviy bank xizmatlarimizdan tashqari, yana yangi qirralarni ochib beradi. O‘zim bank sohasida 20 yillik tajribaga ega inson sifatida shuni aytishim mumkinki, oxirgi yillarda islom moliyasiga bo‘lgan qiziqish kuchayishi oqibatida anʼanaviy bank xizmatlaridan foydalanish qisqarib bormoqda. Chunki, tadbirkorlarimiz va aholi o‘rtasida o‘zining diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda foizli mahsulotlardan foydalanmaslik ortib bormoqda. Shu sababli, moliya sohasi vakillari buni inobatga olishi shart. Chunki, bu yangi bozor. Foizdan foydalanmaydigan insonlarning qisqarib borishi, islom moliyasidan foydalanuvchilar xohlovchilarning ko‘payib borishidan dalolat beradi.

Shu sababli, biz xalqqa aynan islomiy bozor tamoyillaridagi xizmatlarni taqdim qilib berishimiz kerak, chunki bu iqtisodiy jihatdan ham zarur hisoblanadi. Ko‘plab insonlar islom moliyasini yo‘lga qo‘ymaslik iqtisodiyotga taʼsir qilmaydi, - degan fikrda. Biroq,  unday emas. Agar bir bank mahsuloti yoki xizmati bozorda yo‘q bo‘lsa, bundan hech kim foydalanmaydi degani emas, balki bu mablag‘lar bankdan tashqari aylanmaga chiqdi degani. Bu esa, soliqlar vaqtida to‘lanmasligiga olib keladi. Agar bu narsani to‘g‘ri tushungan holda islom moliyasi xizmatlarini o‘z vaqtida xalqqa taqdim qilinsa, tijorat banklarida “Islom darchalari”ni ochish orqali bank xizmatlari ko‘rsatilsa hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar orqali naqd pul mablag‘larini bankdan tashqari muomalaga chiqib ketishi olinadi. Xususan, xalq bank xizmatlaridan foydalansa, bank aylanmasi ko‘payishiga olib keladi. Ikkinchi tomondan esa, tadbirkorlar bank aylanmasidan soliq to‘lashni boshlaydi. Bu albatta, davlat byudjetiga, xalqimiz farovonligiga yaxshi taʼsirini ko‘rsatadi. Shuningdek, islom moliyasi bo‘yicha qonuniy asoslar yaratib berilsa, banklar, lizing va sug‘urta kompaniyalari, yaʼni moliya sohasida ish olib borayotgan ishtirokchilar mahsulot va xizmatlarini xalqqa taqdim qilishadi va bu narsa faqat xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.

Baxrom Xamidullayevich, obunachilarimizga bir muhim yangilikni ham aytib ketsangiz, bu forum doirasida “takaful” xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan ekan. Bu sug‘urtaning afzalliklari haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

-Albatta, buni men mamnuniyat bilan eʼlon qilaman. O‘zbekiston bozorida “takaful” sug‘urtasi ishga tushganiga 7-8 oy bo‘ldi. APEX Insurance kompaniyasi “takaful”, yaʼni islomiy sug‘urta xizmatini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur sug‘urtaning afzalligi – bu halol sug‘urta mahsuloti hisoblanadi. Yaʼni, o‘zaro yordam  va ixtiyoriy badal anʼanalari asosiga qurilgan xizmat turi hisoblanadi. Bunda “takaful” ishtirokchilari fondi tuziladi va shu fondga “takaful” orqali sug‘urta qilaman degan ishtirokchilar o‘z mablag‘larini to‘ldirishadi hamda shu davr mobaynida kimdadur sug‘urta holati bo‘lsa, barcha ishtirokchilar roziligida sug‘urta to‘lab beriladi. Keyinchalik, moliya yili yakunida qolgan mablag‘larni operator va ishtirokchilar asosida bo‘linadi va qolgan qismi hayriyaga yo‘naltiriladi. Takaful umumiy mas‘uliyat, birodarlik, hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik asosida boshqariladi.


P/S: Maʼlumot uchun, joriy yilning 21-oktyabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda islom moliyasini joriy etish masalasida Respublika Markaziy banki Raisi Mamarizo Nurmurotov «Ushbu qonun loyihasida islom moliyasi bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun mikromoliya tashkilotlariga ruxsat berganmiz, - deya xabar berdi. Xususan, bu borada tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqilish jarayonida. Asosiysi, shu vaqtgacha eʼtibor bermagandim, islom moliyasi rivojlanishi uchun fatvo beradigan musulmonlar idorasi ham kerak ekan. Yaʼni Malayziya va Indoneziyadagi musulmon idoralari shunaqa fatvoga ega ekan. Yaʼni bu juda murakkab va nozik jarayon. Bu nozik tomonlariga eʼtibor bermay, mana, islom banki bo‘ldi degan bilan ko‘zlagan natijaga erisha olmaymiz. Bosqichma-bosqich bu ishlarni amalga oshirib, mikrokredit tashkilotlardan keyin tijorat banklarida islom moliyasi darchasini ochish lozim», — degan Mamarizo Nurmurotov.
 

09:07 • 26 October, 2021

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish