Depozit yacheykasi nima?
Depozit yacheykasi - bu bank tomonidan mijozga taqdim qilinadigan xizmat bo’lib, bunda mijozga bank hududida joylashgan va qo’riqlanadigan alohida seyf (depozit yacheykasi) qimmatbaho buyumlarni xavfsiz saqlash maqsadida ijaraga beriladi.
Yacheykalar maxsus jihozlangan omborxonalarda oʻrnatiladi va ikkita qulf bilan qulflanadi. Qulflardan birining kaliti bankda, ikkinchi esa mijozda qoladi. Shunday qilib, yacheykani faqat ikki tomon ishtiroki bilangina ochish mumkin bo’ladi.
Yacheykani ijaraga olish muddati bir kundan bir yilgacha boʻlishi mumkin va bordi-yu, bundan uzoqroq muddatga kerak boʻlsa (bir yildan ortiq), ijara shartnomasi uzaytiriladi. Shartnomadagi muddat tugashidan avval buyumlaringizni qaytib olmoqchi boʻlsangiz, toʻlov qayta hisob-kitob qilinib qolgan davr uchun to’lov qaytarib beriladi.
Depozit yacheykasida bank qoidalaridan kelib chiqib, quyidagilarni saqlash taqiqlanadi: tez alangalanuvchi, portlovchi, giyohvand, toksik, radioaktiv va kimyoviy moddalar; o’qotar qurollar, yacheykalar va ularning tarkibiga zarar yetkazishi yoki Bank xodimlarining salomatligiga zarar etkazishi mumkin bo'lgan boshqa narsalar; O'zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi tomonidan saqlanishi taqiqlangan boshqa narsalar va materiallar.
Havfsizlikni ta’minlash uchun, odatda depozit yacheykasini har gal ochganda maxsus jurnalda bu haqida ma’lumot kiritib boriladi.
Banklar mijozlarga turli o’lchamdagi depozit yacheykalarini taklif qiladi. Ijara to’lovi yacheyka o’lchamlaridan kelib chiqib belgilanadi. Qanchalik katta yacheyka ijaraga olinsa, to’lov shunchalik kattaroq bo’ladi.
E’tiboringizga uchta bank misolida depozit yacheykalarining oylik to’lovlarini keltiramiz. Ro’yxatda eng kichik o’lchamdagi yacheykalar tanlangan.
Kapitalbank
O’lchami: 74х300х600 mm;
Oylik to’lov: 15 000 so’m.
O’zsanoatqurilishbank
O’lchami: 40x275x410 mm;
Oylik to’lov: 12 250 so’m (BHM 5%).
O’zMilliyBank
O’lchami: 50х250х380 mm;
Oylik to’lov: 49 000 so’m (BHM 20%).
Endi Siz depozit yacheykasi nima ekanligini bilasiz. Va o’z qimmatliklaringizni depozit yacheykasida havfsiz saqlashingiz mumkin.