Tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishni istagan shaxslar uchun o'zini o'zi band qilgan shaxs maqomiga ega bo'lish muhimdir.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar.
O'z biznesini qonuniy yo'lga qo'yish va pul ishlash, o'z ishini ochiq reklama qilish va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati uchun jarimadan qo'rqmasdan faoliyat olib borish oson, agar o’zini o’zi band qilgan shaxs maqomiga ega bo’lsa. Istalgan shaxs o’zini o’zi band qilgan shaxs maqomini olishi mumkin.
Nima uchun o'zini o'zi band qilgan shaxs maqomini olish kerak?
1. O'zini o'zi band qilishlik qonuniy maqom beradi.
Soliq to'lamaganlik yoki ro'yxatdan o'tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanayotganlik sababli soliq tekshiruvlari, jarimalar va sud jarayonlari o’zini o’zi band qilgan shaxslarga tegishli bo’lmaydi. Chunki ular qonuniy tadbirkor hisoblanadi.
2. Tasdiqlangan daromadga ega bo'lish mumkin.
O'zini o'zi band qilgan shaxsning daromadi mobil ilovadan yuklab olingan ma'lumotnoma bilan tasdiqlanadi. Tasdiqlangan daromadga ega bo'lish orqali bank kreditlarini olish, ma'lum imtiyozlardan foydalanish va ba'zi mamlakatlarga viza olishda rasmiy daromadni ko'rsatish imkoniyatiga ega bo’lish mumkin.
3. Mehnat staji hisobga olinadi va bu pensiya hisoblanishi uchun asos bo'ladi.
O'zini o'zi band qilgan shaxslar ro'yxatdan o'tgan kundan boshlab ularning ish staji hisobga olinadi, shuning uchun pensiya yoshida barqaror pensiyaga ishonish mumkin.
4. Yuridik shaxslar bilan ishlash osonroq bo’ladi.
Ko'pgina tashkilotlar iqtidorli lekin noqonuniy hamkorlar bilan ishlashdan xursand bo'ladi. Ammo korxonalar boshqa odamlarning kartalariga pul o'tkaza olmaydi, ular qilingan xarajatlarni hujjatlar bilan asoslashi kerak. O'zini o'zi band qilgan shaxs boʻlish orqali yuridik shaxslardan koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovni bank hisob raqamiga olish mumkin.
5. Ko'rsatilgan xizmat yoki sotilgan tovarlar uchun to'lovni tasdiqlash mumkin.
Mijozlar ko'pincha mahsulot yoki xizmat uchun to'lov qilinganligini tasdiqlovchi hujjatni talab qiladilar. O'zini o'zi band qilgan shaxslar mijozlarga cheklar berishi mumkin. Agar chek mavjud bo’lsa, sifatsiz xizmat bilan bo’gliq yoki boshqa kelishmovchiliklar vujudga kelsa, muammolarni hal qilish osonroq bo’ladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda o'zini o'zi band qilgan shaxslar 78 xil faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin.
O‘zbekistonda qanday qilib o'zini o'zi band qilgan shaxs bo‘lish mumkin va uning o’ziga xos xususiyatlari haqida “O'zbekistonda o’zini o’zi band qilgan shaxs maqomiga qanday ega bo’lish mumkin?” maqolasida batafsil yozgan edik.