Top.Mail.Ru
29 Sep 2021 |  8,146

Daromad solig'i to'lovchilar kimlar?

Savollarimizga soliq maslahatchisi javob beradi

Daromad solig'i to'lovchilar kimlar?

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining soliq to‘lovchilari deb quyidagilar e’tirof etiladi:

-O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari
-O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromad oluvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslardir.

Soliq rezidenti deganda kimlar tushuniladi?

O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti – tegishli maqomi o‘ziga nisbatan belgilangan soliq davri boshlanadigan yoki tugaydigan har qanday ketma-ketlikdagi 12 oylik davr davomida 183 kalendar kundan ko‘proq muddat O‘zbekiston Respublikasida haqiqatda bo‘lgan jismoniy shaxs hisoblanadi.

Jami daromad qanday daromadlardan tashkil topadi?

Jami daromad soliq to‘lovchi tomonidan hisobot (soliq) davri davomida olingan quyidagi daromadlardan tashkil topadi:

O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari uchun — O‘zbekiston Respublikasidagi va uning tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlardan;

O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari uchun — O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlardan.

Jismoniy shaxslarning jami daromadiga quyidagilar kiradi:

1)mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar;

Ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda bo‘lgan va tuzilgan mehnat shartnomasiga (kontraktiga) muvofiq ishlarni bajarayotgan xodimlarga hisoblanadigan hamda to‘lanadigan barcha to‘lovlar (ish haqi, premiya, qo‘shimcha to‘lovlar, kompensatsiyalar va b.) mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar deb e’tirof etiladi.

2) mulkiy daromadlar;

Jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlariga foiz to‘lovlari, dividendlar, mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar, mulkni sotishdan olingan daromadlar va boshqa daromadlar kiradi.

3) moddiy naf tarzidagi daromadlar;

Moddiy naf tarzidagi daromadlar bo‘lib, soliq agenti tomonidan soliq to‘lovchi manfaatlarini ko‘zlab tovarlar (xizmatlar), mulkiy huquqlar haqini to‘lashi, jismoniy shaxsning soliq agenti oldidagi qarzining yuridik shaxs qarori bilan hisobdan chiqarilgan summalari va h.k.

4) boshqa daromadlar.

Jismoniy shaxslarning boshqa daromadlariga pensiya va nafaqalar, moddiy yordam, yutuqlar va boshqalar kiradi.

Daromad solig‘ini to‘lash qanday amalga oshiriliadi?

Daromad solig‘ini to‘lash:

-daromad manbaida;

-daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida amalga oshiriladi.


Jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliqni daromad manbaida to‘lash – jismoniy shaxsga soliqqa tortiladigan daromadni beradigan yuridik shaxs (to‘lov manbai) tomonidan to‘lanishi degani.

Masalan, “ish beruvchi – xodim” munosabatlarida daromad manbai “ish beruvchi” hisoblanadi. Dividend to‘lashda esa korxona daromad manbai hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, daromad solig‘ini hisoblash va to‘lashni yuridik shaxslar amalga oshiradi. Shu asnoda, daromad oluvchi jismoniy shaxs qo‘shimcha soliqlar to‘lash majburiyatlaridan holi.

Jismoniy shaxslarning daromad manbaida ushlab qolinmagan daromadlari (mulkni ijaraga berish, mol-mulkni sotish, O‘zbekiston hududidan tashqarida olingan daromadlar) deklaratsiya qilinishi kerak.

Gulbahor Isaeva 10 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan malakali soliq maslahatchisi

Gulbahor Isaeva

10 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan malakali soliq maslahatchisi

Savol berish

O'xshash yangiliklar

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish