Top.Mail.Ru

Ko’proq foyda olaman deb firibgarlar tuzog’iga tushib qolmang!

Agar sizga kichik sarmoya kiritish evaziga katta daromad va’da qilinayotgan bo’lsa va qanchalik ko’p sarmoya kiritsangiz shunchalik ko’p foyda olishingiz mumkin deb e’tiboringizni jalb qilishayotgan bo’lsa, bilingki bu moliyaviy piramidadir.

Ko’proq foyda olaman deb firibgarlar tuzog’iga tushib qolmang!

Moliyaviy piramida o’zi nima?

Moliyaviy piramida – bu omonatlardan yuqori foiz olishni va’da berish asosida aholidan pul olishning firibgarlik sxemasi. Moliyaviy piramida jinoiy investitsiya tizimi bo'lib, unda investorlar yangi investorlarning badallaridan daromad oladilar. Aslida oddiy odam uchun bu xuddi foydali investitsiyaday ko‘rinadi. Pullar doimiy yangi ishtirokchilarni jalb qilish evaziga beriladi. Ishtirokchilar ham pul tikib, loyihaga yangi a’zolar qo‘shadi — piramida o‘sib boraveradi.

Hamma firibgarlar ham o‘z faoliyatini moliyaviy piramida, deb aytavermaydi (shunisi bilan ham ular firibgar). Ko‘pincha ular o‘zini investitsion korxona sifatida ko‘rsatadi. Ular yorqin va e’tiborni tortadigan nomlar bilan paydo bo‘ladi: istiqbolli biznes, yuqori texnologiyali kompaniya, innovatsion loyiha...

Ular aksiya va obligatsiyalar, kriptovalyuta va ko‘chmas mulk sotib olishni taklif qiladi. Pullarni katta, foydali qurilish va qishloq xo‘jaligiga, oltin qazib olish yoki IT-startaplariga sarmoya sifatida kiritilishiga va’da beradi.

Bugungi kunda piramidalar ko‘proq internet loyiha ko‘rinishida amalga oshirilmoqda. Lekin onlayn reklamalarda faollik qilib, potensial investorlar bilan shaxsiy muloqotni uyushtirayotgan “biznesmenlar” ham mavjud.

Piramida quruvchilari ijtimoiy tarmoqlardagi tematik guruhlarda yorqin reklama, shahar markazidan chiroyli va qulay ofislarga taklif qilishi bilan yangi a’zolarni jalb etadi.

Shunday yolg‘on va’dalarga uchgan ko‘pchilik uning qarshisida haqiqiy kompaniya yoki moliyaviy “pufak” turganini farqlay olmaydi.

Moliyaviy piramidani quyidagi belgilar orqali aniqlash mumkin:

Kompaniya fuqarolardan pul jamg‘aruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishi haqida bank litsenziyasiga ega bo‘lmaydi.

Bunday kompaniyalar odatda ularning faoliyati litsenziya talab qilmasligi, ular “maxsus” faoliyat bilan shug‘ullanishini ta'kidlaydi.

Aslida esa qonun bilan tartibga solinishi kerak bo‘lgan faoliyat turi bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun agar kompaniyaning bank yoki Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan litsenziyasi mavjud bo‘lmasa – bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

Hech qanday zararlarsiz (xavfsiz) katta foyda va’da qiladi.

Tashkilot faol reklama qilinadi va bozor darajasidan ancha baland daromad va’da qilinadi.

Shu bilan birga, daromadni hisoblash sistemasi juda murakkab va tushunarsiz bo‘ladi. Hisoblashda adashtirib yuborish uchun qiyindan qiyin, uzoq formulalar beriladi. Xavf yo‘qligiga ishontiriladi. 

Yangi mijozlar olib kelish sharti qo‘yiladi.

Jalb qilingan har bir yangi omonatchi hisobidan foyda undirib berilishi va’da qilinadi. Shunday qilib, jinoyatchilar imkon qadar ko‘proq odamni o‘zining firibgarligiga jalb qilishga, ulardan ko’proq pul yig‘ishga, va oxir-oqibatda qochib ketishga harakat qiladi.

Tizimning shaffof emasligi. Kiritilgan investitsiyalar tasdiqlanmaydi va pullar aynan qayerga ketishini bilishning imkoni bo’lmaydi.

Mijozga faqat chiroyli taqdimotlar ko‘rsatiladi, moliyaviy hujjatlar esa ko‘rishga berilmaydi, chunki hujjatlarning o’zi bo’lmaydi ham. Pullarni kompaniya bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan rekvizitlar orqali emas, boshqa yuridik shaxs hisobiga, jismoniy shaxsning bank kartasiga yoki telefon raqamiga yoki elektron hamyonga o’tkazish so‘raladi.

Yoki naqd pul ko‘rinishida to‘lash so‘raladi va to‘lov haqida chek ham, tushumni tasdiqlovchi hujjat ham berilmaydi. Natijada esa investor investitsiya kiritganini hech qanday yo‘l bilan isbotlay olmaydi.

Kompaniya saytida aloqa uchun hech qanday ma’lumot bo‘lmaydi.

Kompaniya saytida telefon raqami, e-mail, pochta manzili ko‘rsatilmaydi. Mijoz faqat chatlar yoki messenjerlar orqali operatorlar bilan bog‘lanishi mumkin yoki qayta aloqaga chiqish uchun buyurtma qoldirishi mumkin.

Kompaniya haqida boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘lmaydi. O‘zining kontakt-ma’lumotlarini faqat firibgarlargina yashiradi. Muammo yuzaga kelganida esa na jabrlanuvchi, na militsiya xodimlari ularni topa oladi.

Shu belgilardan bittasi ham bo‘lsa-da duch kelinsa, ro‘parada kim turgani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur.

Yuqorida eng ommalashgan sxemalarnigina keltirildik. Ammo vaqt o‘tgan sayin piramida uslublari ham o‘zgarib, ko‘payib boravermoqda.

So’nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko’pchilik «Gift of Legacy» (inglizchadan “Meros sovg’asi”) nomli yuqori daromad va’da qiluvchi interaktiv sayt haqida muhokama qilyapti. Shuni bilingki, bu aynan moliyaviy piramidadir. Va’da qilinayotgan yuqori daromad o’rniga yillar davomida yig’ilgan jamg’armalaringizdan ayirilib qolmang.

13:46 • 17 March, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish