Yoshlarga kompyuter xaridi uchun Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foizli stavka bilan isteʼmol kreditlari ajratiladi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida bayon etildi.
Xususan, “Xalq banki”, “Aloqa banki” va “Mikrokreditbank”larga “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga kompyuter xaridlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foizli stavka bilan isteʼmol kreditlari ajratish joriy qilinmoqda. O‘n olti yoshga to‘lmagan fuqarolar tomonidan kredit olish va uning foiz to‘lovlarini kompensatsiya qilishni so‘rab ushbu fuqarolarning qonuniy vakillari murojaat qilishlari mumkin.
Bunda, kredit va uning foiz to‘lovlarini kompensatsiya qilish o‘n olti yoshga to‘lmagan fuqarolarning qonuniy vakillariga to‘lab beriladi.
Qarorga ko‘ra, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan yoshlar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning “Yoshlar daftari”dagi farzandlarining safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash badalini to‘liq miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratiladi.
Jumladan, professional taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tagan davri uchun subsidiyalar ajratiladi.
Shuningdek tasdiqlangan qarorga ko‘ra, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan yoshlar hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha bo‘lgan qismi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.