Top.Mail.Ru

Depozit.uz saytida Siz o'z skoring ballingiz va reytingingizni aniqlab olishingiz mumkinligini bilarmidingiz?

Avval yozganimizdek, biz saytimizda Kreditga layoqatlilikni tekshirish xizmatini ishga tushirdik. Ushbu xizmat Sizning kredit tarixingiz, daromadlaringiz tarixi va boshqa ma'lumotlar tahlili asosida kredit layoqatingizni oldindan baholashga va Siz uchun eng yaxshi kreditlarni tanlashga yordam beradi.

Depozit.uz saytida Siz o'z skoring ballingiz va reytingingizni aniqlab olishingiz mumkinligini bilarmidingiz?

Kreditga layoqatlilikni baholashda muhim omil bo’lib potentsial qarz oluvchining skoring balli va reytingi hisoblanadi. Keling, skoring nima ekanligini, skoring balli qanday aniqlanishini va qanday qilib skoring asosida banklar sizga kredit berish to'g'risida qaror qabul qilishlarini ko'rib chiqamiz.

Kredit skoringi nima?

Skoring - bu qarz oluvchilarni baholash tizimi bo'lib, uning yordamida banklar va ba'zi mikrokredit tashkilotlari kredit olgan shaxs kreditni qanchalik o’z vaqtida va to’liq qaytarashini prognoz qilishlari mumkin. Prognoz qilish matematik hisob-kitoblar va statistik ma'lumotlarga asoslanadi.

Odatda, banklar turli toifadagi qarz oluvchilar yoki kredit turlari uchun bir vaqtning o'zida bir nechta skoring tizimlaridan foydalanadilar. Qarz oluvchining har bir xususiyati ball bilan baholanadi. Misol uchun, "hozirgi ish joyidagi mehnat faoliyati davri" parametri bo'yicha sinov muddatida ishlayotgan shaxs uzoq vaqtdan beri ishlaydigan xodimga qaraganda kamroq ball oladi.

Barcha parametrlarni baholagandan so'ng, dastur qarz oluvchining umumiy ballini hisoblab chiqadi. Eng ishonchli mijozlar eng yuqori ballga ega va ular eng qulay shartlarda kredit olish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Kreditorlar skoring modellari uchun ma'lumotlarni qayerdan oladi?

Ma'lumotlarning asosiy manbalari kredit tarixi, qarz oluvchining anketasi va kreditorning moliyaviy ma'lumotlari (masalan, bank o'z mijozining plastik kartasidagi pul aylanmasi haqidagi ma'lumotlardan foydalanishi mumkin). Bundan tashqari, qarz beruvchi boshqa manbalardan ham qo'shimcha ma'lumotlarni olishi mumkin.

Kredit tarixi

Kredit tarixi eng muhim manba hisoblanadi. Bank kredit tarixidan qanchalik ko'p ma'lumot olsa, shunchalik prognoz qilish aniqroq bo'ladi va intizomli qarz oluvchining qulay shartlarda kredit olishi,  ishonchsiz mijoz esa rad etilishi ehtimoli shunchalik yuqori bo'ladi.

Qarz oluvchining anketasi

Mijoz kredit olish uchun bankka murojaat qilganda, u anketa to'ldiradi. Anketadagi ma'lumotlar esa skoring ballni hisoblash uchun foydalaniladi.

Barcha banklar mijozlardan taxminan bir xil ma'lumotlarni oladilar, lekin har xil xulosalar beradilar. Misol uchun, barcha so'rovnomalarda mijozning "jinsi" bandi mavjud, ammo kim – erkaklar yoki ayollar ishonchliroq qarz oluvchi ekanligi haqida yagona nuqtai nazar yo'q. Har bir bankning bu borada o'z statistik ma'lumotlari mavjud va bank o’z skoring modelida aynan shu ma’lumotlardan foydalanadi.

Odatda banklar qarz oluvchidan quyidagilarni so'raydi:

  • manzili – turmush darajasi yuqori bo'lgan hududlar aholisi boshqa hududlar aholisiga qaraganda kredit to'lovlarini yaxshiroq bajara oladi deb taxmin qilinadi;
  • yoshi – qoidaga ko’ra, talabalar va pensionerlar eng xavfli qarz oluvchilar hisoblanadi. Qolganlari uchun qarz oluvchi qanchalik katta bo'lsa, u kreditni qaytarishda shunchalik mas'uliyatliroq bo’ladi degan tamoyil amal qiladi;
  • oilaviy holati – turmush qurgan shaxslar odatda qarzlarini to'lashda ko'proq intizomli bo'lishadi;
  • kasbi, ish tajribasi – banklar ayrim tarmoqlar va kasblarni boshqalarga qaraganda barqaror va ishonchli daromad manbalari deb hisoblashlari mumkin;
  • daromad - yuqori daromad skoring ballini oshiradi.

Bankning mijoz haqidagi moliyaviy ma'lumotlari

Agar jismoniy shaxs o'zining ish haqi oladigan bankidan qarz olsa, qarz beruvchi uning daromadini aniq ko’ra oladi. Bundan tashqari, potentsial qarz oluvchi kredit uchun murojaat qilgan bankida omonat yoki plastik karta ochgan bo'lishi mumkin. Bunday ma'lumotlar ham skoring modeliga kiritiladi. Chunki bu ma'lumotlarning barchasi bankka kredit olayotgan shaxsning pul bilan qanday ishlashi va uning moliyaviy intizomini baholashga yordam beradi.

Skoring ballini qanday yaxshilash mumkin?

Buning uchun, birinchi navbatda, kreditlaringizni o’z vaqtida va to’liq to'lashingiz kerak. Muddati o’tgan to’lovlar kredit tarixini buzadi, kredit tarixi esa skoring ballni hisoblashda eng muhim ahamiyatga ega.

Agar siz to'lovlarni har doim o'z vaqtida amalga oshirsangiz ham, kredit tarixingizni muntazam tekshirib turishingiz kerak. Shu orqali barcha ma'lumotlar to'g'ri ko'rsatilganligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Ba'zida banklar kredit byurosiga qarz to'langanligi haqida ma'lumot yuborishni unutishadi va kredit tarixida muddati o’tgan to’lov hosil bo'ladi. Bunday holda, xatoni tuzatish uchun darhol kredit byurosiga murojaat qilishingiz kerak.

Kredit tarixingizni tekshirish va o'z skoring ballingiz va reytingingizni Depozit.uz sayti orqali bilish uchun esa:

  1. Kreditga layoqatlilikni tekshirish sahifasiga o'ting.
  2. Sizga kerak bo’lgan kredit parametrlarini kiriting va identifikatsiyadan o'ting.
  3. Xizmat uchun to'lovni amalga oshiring.
  4. Sizning skoring ballingiz va reytingingizni aks ettiradigan kredit layoqatingiz natijalarini oling.

Shuningdek, bonus sifatida siz so'rovingizga mos keladigan kreditlar ro'yxatini va kredit olish uchun ariza yuborish imkoniyatini qo’lga kiritasiz.

17:16 • 16 June, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish