Tugatilgan “Turkiston bank”ning ba’zi omonatchilariga mablag’lar qaytarilmasligi haqida xabar berildi. Aslida bu mablag’lar bankka omonat sifatida emas, balki subordinar qarz sifatida jalb qilingan. Bank tugatilgan vaqtlarda bunday mablag’lar qaytarilishi qonun bilan kafolatlanmagan.
Xabarlarga ko’ra, “Turkiston bank”ning 57 ta mijozining jami 59 mlrd so’mga yaqin mablag’lari omonat emas, subordinar qarz sifatida jalb qilingan. Lekin mijozlarga mablag’lar omonatga qo’yilayotganligi bank tomonida ta’kidlangan, hatto buning isboti sifatida ularga omonat daftarchalari ham taqdim etilgan va yuqori foizlar va’da qilingan.
Moliyaviy jihatdan yetarli ma’lumotga ega bo’lmagan fuqarolar albatta bu tuzoqqa tushib, o’z mablag’larini bankka topshirgan va bank tugatilganidan so’ng ushbu mablag’larini qaytarib olishlari shubha ostida qolmoqda.
3 noyabr kuni Turkistonbankni tugatish komissiyasi yig‘ilishida bank bilan subordinar qarz shartnomasini imzolagan mijozlarga pullari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan qoplab berilmasligi bildirilgan.
Normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, subordinar qarz bo‘yicha majburiyatlar bank tugatilayotganda depozitorlar va bankning boshqa kreditorlari talablari qondirilganidan so‘ng amalga oshiriladi. Shuningdek, subordinar qarz bo‘yicha majburiyatlar bank depozitorlari va kreditorlari talablariga tenglashtirilmagan bo‘lishi kerak. Ya'ni subordinar qarz egalari o‘z pulini hammadan keyin, faqat aksiyadorlardan oldin oladi.
Ushbu holat yuzasidan Markaziy bank zarar kor’gan shaxslar sudga va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilishlari kerakligi haqida xabar berdi.
Har qanday bank xizmati va operatsiyalaridan foydalanishda shartnoma va boshqa hujjatlarni e’tibor bilan o’rganib chiqish, agar savol tug’ilsa javob topib keyin imzolash zarurligi haqida foydalanuvchilarimizga yana bir bor eslatib o’tamiz.