Top.Mail.Ru

Pulni qanday qilib to'g'ri jamg’arish mumkin?

Daromadga ega bo'lgan har bir kishi kelajakdagi xarajatlar uchun hech bo’lmaganda kichik miqdordagi pulni ham jamg’arishga intiladi.

Pulni qanday qilib to'g'ri jamg’arish mumkin?

Pulni qanday qilib to'g'ri jamg’arish mumkin?

Daromadga ega bo'lgan har bir kishi kelajakdagi xarajatlar uchun hech bo’lmaganda kichik miqdordagi pulni ham jamg’arishga intiladi. Har kimning o'z jamg’arish usuli bor, shuningdek, iqtisodchilar va moliyachilarning bu borada ko'plab tavsiyalari mavjud. Bunday usullardan biri Yaponiyaning Kakebo deb nomlangan byudjet yuritish tizimidir.

Yapon tizimining asosi - tartib-intizom, keraksiz xarajatlarga yo'l qo'ymaslik, shuningdek, bir kunni ham o'tkazib yubormasdan muntazam ravishda hisob yuritish qobiliyati. Moliyani nazorat qilish uchun siz daromadlar va xarajatlarni hisobga olishingiz va pul bilan ishlashda ehtiyotkor bo'lishingiz kerak.

Kakebo tizimi jamg'armalarni ko'paytirishga qaratilgan va "bir tiyin bir so’mni tejaydi" tamoyili asosida ishlaydi. Pul oz miqdorda, lekin muntazam ravishda jamg’arilishi kerak.

Buning uchun Siz: real vaqt rejimida xarajatlar hisobini olib boring (pul sarflangan zahoti uni yozuv bilan qayd eting); barcha daromadlarni sanab o'ting, xarajatlarni va jamg'armalarni rejalashtiring.

Dastlab, bu tizimga binoan ikkita daftarda yozuvlarni qo'lda yuritishi kerak edi: biri kichik, har kungi xarajatlarni hisobga olish uchun; ikkinchisi kattaroq, daromad, xarajatlar va jamg'armalarni rejalashtirish uchun. 

Hozirda yozuvlarni qo'lda yuritish shart emas, buning uchun turli xil planerlar, mobil ilovalar va shaxsiy byudjetni hisobga olish uchun kompyuter dasturlari mavjud.

Kichik daftar (smartfondagi eslatmalar) har doim yoningizda bo'lishi kerak va siz undagi barcha xarajatlarni real vaqt rejimida yozib olishingiz va hech narsani unutmasligingiz kerak. Siz har safar pul sarflaganingizda tegishli yozuvni daftarga kiritasiz.

Katta daftarda siz kelgusi oy uchun byudjetni rejalashtirish jadvalini tuzishingiz kerak, unda uchta majburiy element mavjud: oylik daromad rejasi, oylik xarajatlar rejasi va jamg'arma rejasi.

Daromad rejasida bir oy davomida keladigan barcha pul mablag’lari qayd etiladi, bular ish haqi, ijara yoki sotishdan olingan daromadlar, qaytarilgan qarzlar va boshqalar. Birinchi navbatda, ish haqi kabi ishonchingiz komil bo'lgan daromadlarni joylashtiring. Shundan so'ng, bir oy ichida qo’shilgan boshqa daromadlarni qo'shing: bonuslar, pul mukofotlari. Xarajatlar rejasida kredit to'lovlari, ijara yoki ipoteka to'lovlari, kommunal to'lovlar, uyali telefon to'lovlari, sayohat, internet va boshqalar kabi takrorlanadigan oylik xarajatlar kiritiladi. Jamg'arma rejasi siz bir oy ichida jamg’arishga ajratmoqchi bo'lgan summadan iborat bo’ladi.

Bulardan eng qiyini - xarajatlar rejasi tuzishdir. Shu munosabat bilan, Yaponiya tizimi xarajatlarni quyidagi toifalarga bo'lishni tavsiya qiladi:

Yashash xarajatlari: oziq-ovqat, poyabzal va kiyim-kechak, dori-darmon va hokazolar.

Madaniyat va ta'lim: kurslar, treninglar, kitoblar.

O'yin-kulgi: filmlar, kontsertlar, restoranlar, sayohatlar.

Boshqalar: dastlabki uchta toifaga kiritilmagan xarajatlar.

Kundalik xarajatlarni tahlil qilish asosida siz ushbu to'rtta toifa bo'yicha kelgusi oy uchun xarajatlarni rejalashtirishingiz mumkin, bu nisbatni o'zingiz tanlaysiz. Har oyning oxirida rejaga amal qilganingizni, nimada pul tejaganingizni tekshiring. Va aksincha, qaysi toifada juda ko'p pul sarflaganingizni aniqlang. Rejani tuzating, va shu har oy davom ettiring.

Xarajatlaringizni oqilona rejalashtirsangiz, bir oy davomida toifalar bo’yicha harajatlarni to’gri amalga oshirasiz.

Kakebo tizimi faqat yozuvlar bilan cheklanmaydi. Har oyning oxirida siz rejaga rioya qildingizmi, qayerda tejashga muvaffaq bo'ldingiz, qayerda juda ko'p pul sarflaganingizni tahlil qilishingiz kerak bo'ladi. Bu sizga kelgusi oylar uchun aniqroq byudjet tuzishga va qaysi xarajatlarni tuzatish kerakligini ko'rishga yordam beradi.

Shuningdek, Yaponiya byudjet tizimida tejashni yanada samarali oshirishga yordam beradigan qo'shimchalar ham mavjud.

  1. Har kuni cho'ntaklaringizda qolgan mayda pulni pul yig’adigan qutiga soling. Bugun bir hovuch tanga kabi ko'rinadigan narsa oy oxirida sezilarli miqdorni tashkil qiladi.
  2. Qaytarilgan qarzlarni butunlay pul yig’adigan qutiga yuboring. Aslida, bu daromad emas, faqat oldingi oylarda yetishmayotgan pulni joyiga qaytarganingizdir.
  3. Katta kupyuralarni almashtirayotganda, pul yig’adigan qutiga ma’lum bir qismini solib qo’ying. Keyinchalik ular kattaroq miqdorga aylanadi.
  4. O'zingiz uchun jarima tizimini ishlab chiqing. Yomon odatlar uchun o'zingizni moliyaviy jazolang, masalan, agar siz ishni belgilangan muddatda tugatmagan bo'lsangiz - jarima, agar mashg'ulotni o'tkazib yuborsangiz - jarima, foyda har qanday holatda ham bo'ladi: siz boyib ketasiz yoki intizomloroq bo'lasiz.
  5. Sarf qilmoqchi bo'lgan pulingizni to'rt haftaga bo'ling. Yetti kunlik byudjetdan qolgan barcha mablag’ hafta oxirida jamg'armaga o'tkaziladi.
  6. Shoshilinch bo'lmagan xaridlarni bir oyga kechiktiring. Agar 30 kundan keyin ham shu buyumni sotib olishni istasangiz, shunday qiling. Ammo bu unchalik zarur narsa emasligi ma'lum bo'lishi ham mumkin.
  7. Pulning bir qismini to’liq miqdorgacha jamg’arishga o'tkazing. Masalan, 1 523 800 so‘m daromaddan 23 800 so‘mni jamg’arishga yo’naltiring.
  8. Xarid qilishdan oldin, ro'yxatlar tuzing, bu sizga pulni tejashga va faqat asosiy narsalarni sotib olishga yordam beradi.

Shaxsiy moliyani nazorat qilish nafaqat xarajatlarni oqilona taqsimlaydi va jamg’arishni rag'batlantiradi, balki hayot sifatini ham yaxshilaydi. Kakebo tizimi yomon moliyaviy odatlardan xalos bo'lish algoritmini beradi. Kelgusi oy uchun byudjetingizni o'ylab, natijalarni tizim yordamida tahlil qilib, qaysi xarajatlar hayotingizni yaxshilashini va qaysilari ma'nosiz ekanligini tushunasiz.

Depozit.uz saytida siz o'zingizga mos keladigan pulni to'plash va ko'paytirish usulini tanlashingiz mumkin - bular bank depozitlari, hayotni sug'urtalash yoki investitsiyalar. Ular bilan siz jamg’arishni to'g'ri yo’lga yo'naltirishingiz mumkin.

16:05 • 09 February, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish