Top.Mail.Ru

O'zbekistonda o’zini o’zi band qilgan shaxs maqomiga qanday ega bo’lish mumkin?

O’zbekistonda 2019 yil 1-sentyabrdan boshlab jismoniy shaxslar uchun bandlikning yangi toifasi – o’zini o’zi band qilganlar paydo bo‘ldi.

O'zbekistonda o’zini o’zi band qilgan shaxs maqomiga qanday ega bo’lish mumkin?

O’zbekistonda 2019 yil 1-sentyabrdan boshlab jismoniy shaxslar uchun bandlikning yangi toifasi – o’zini o’zi band qilganlar paydo bo‘ldi.

Davlat tomonidan jismoniy shaxslarga o’zini o’zi band qilish maqomini berish orqali aholiga qonuniy daromad olish, mehnat stajiga ega bo’lish kabi qator imkoniyatlar yaratildi. 

O’zini o’zi band qilganlar kimlar, ular qanday faoliyat turlari bilan shug’ullanishlari mumkin, ularga qanday qo’shimcha imkoniyatlarberiladi va shu kabi boshqa savollarga bugungi maqolamizda javob beramiz.

O‘zini o‘zi band qilish maqomi nimani anglatadi va uni kimlar olishi mumkin?

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — o‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad topadigan jismoniy shaxslardir. Repetitorlar, enagalar, hamshiralar, oshpazlar, tozaluvchilar, santexniklar, elektrchilar, sartaroshlar, kur'erlar, avtomobil' yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari o‘zini o‘zi band qiluvchilar bo‘lishlari mumkin. Hozirgi vaqtda 68 turdagi faoliyat bilan o‘zini o‘zi band qilish mumkin. Xohishga ko‘ra, ularning bir nechtasini birvarakayiga tanlash mumkin. 

Bunday faoliyat turi «O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizom» bilan tartibga solinadi. 

Mehnatga layoqatli yoshdagi har bir jismoniy shaxs, yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, o‘zini o‘zi band qilishi mumkin. O‘zini o‘zi band qiluvchilar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart emas.

O‘zini o‘zi band qilishning qanday ijobiy tomonlari bor?

  1. Uydan ishlashning qonuniy imkoniyati. O‘zini o‘zi band qilganlar soliq yoki noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha tekshiruvlar, turli xil jarimalardan qo‘rqmasliklari mumkin.
  2. Tasdiqlangan ish staji va nafaqa. O‘zini o‘zi band qilganlarning mehnat faoliyati ish staji sifatida qabul qilinadi va keksalikda qonuniy nafaqa olish imkoniyati mavjud bo’ladi.
  3. Rasmiy daromad. Bankdan kreditlar olish, soliq imtiyozlaridan foydalanish mumkin bo’ladi.
  4. Minimal soliq. Daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar yo‘q. Bir yilda BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash kifoya.
  5. O’z ishiga o’zi rahbarlik qilish va qulay vaqtda ishlash. O‘zini o‘zi band qiluvchilar uchun mehnat shartnomasi tuzilmaydi, rahbar va qat'iy ish jadvali mavjud bo’lmaydi. O’z ish bilan xohlagan vaqtda shug‘ullanish va bundan qonuniy daromad olish mumkin.
  6. Mijozlarning ishonchi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yuridik shaxslardan pul o‘tkazish yo‘li bilan ham to‘lovlarni qabul qilish uchun bankda hisobraqam ochishlari mumkin. Bundan tashqari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik hamkorlar uchun ishonch uyg‘otadi.
  7. Minimal hujjatlar. O‘zini o‘zi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkorlar singari buxgalteriya hisobini yuritish, hisobot yuborish yoki soliq deklaratsiyasini topshirishlari shart emas. Daromad va xarajatlarni ixtiyoriy ravishda Soliq ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishlari mumkin.

Qanday soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lash kerak?

O‘zini o‘zi band qilish faoliyatidan olingan barcha daromadlar jismoniy shaxslar daromad solig‘iga (JShDS) tortilmaydi: qancha topsa ham o‘zida qoladi. Bir yilda bir marta BHMning 1 baravari — 270 ming so‘m miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashning o‘zi kifoya qiladi. To‘lovni har qanday to‘lov tizimi orqali amalga oshirish mumkin.

O‘zini o‘zi band qiluvchilar hech qanday sug‘urta va boshqa yig‘imlarni to‘lamaydilar.

Muhim: o‘zini o‘zi band qilganlarning ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatidagi faoliyatdan olingan daromadlarigina JShDS to‘lashdan ozod qilinadi. Agarda daromad boshqa faoliyat turidan olingan bo‘lsa, ulardan JShDS to‘lash kerak bo‘ladi.

O‘zini o‘zi band qilganlar kimlar bilan va qanday ishlashlari mumkin?

O‘zini o‘zi band qilganlar boshqa jismoniy shaxslarga og‘zaki kelishuv asosida ish yoki xizmatlarni taqdim etishlari mumkin. Yuridik shaxslar bilan esa ular faqatgina bir martalik ish yoki xizmatni ko‘rsatish uchun yozma shartnoma tuzgan holda ishlashlari mumkin. 

Bunda o‘zini o‘zi band qilganlar barcha ishlarni mustaqil ravishda bajarishlari kerak: yollanma ishchilar mehnatidan foydalanish mumkin emas.

Tovar yoki xizmatlar uchun to‘lovlarni qanday ko‘rinishda qabul qilish mumkin?

O‘zini o‘zi band qilganlar to‘lovlarni har qanday ko‘rinishda – naqd, terminal yoki bank o‘tkazmalari orqali qabul qilishlari mumkin. Terminalni bankdan ijaraga olish mumkin. Bankda hisob raqami ochish va yuridik shaxslar bilan pul o‘tkazish yo‘li bilan ham ishlash mumkin.

Oylik daromad bo‘yicha qanday cheklovlar mavjud?

O‘zini o‘zi band qilganlarda oylik yoki yillik daromad bo‘yicha hech qanday cheklovlar mavjud emas. O‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida oyiga 10 mln so‘m ishlab topsangiz ham, hech kim faoliyatingizni to‘xtatib, YaTT yoki MChJ ochishga majburlamaydi.

O‘zini o‘zi band qilish maqomini qanday olish mumkin va bu uchun qanday to’lov mavjud?         

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro’yxatidan o’tish uchun hech qanday to‘lov yo‘q. Ro’yxatdan o’tishni ikki xil yo’l bilan amalga oshirish mumkin:

  • Tuman soliq inspeksiyasiga murojaat qilish orqali;
  • soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yoki DSQning Soliq mobil ilovasi orqali.

Ro‘yxatdan cheklanmagan muddatga o‘tiladi. So’rovnomalar to‘ldirilganidan keyin o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida QR-kodli ma'lumotnoma beriladi. Shu yerning o‘zidan ijtimoiy soliqni ham to‘lash mumkin, buning uchun plastik kartochkasi hisob raqami va amal qilish muddatini kiritish kifoya.

Ish staji va pensiya qanday hisoblanadi?

Soliq organlari xodimi o‘zini o‘zi band qilgan shaxsni ro‘yxatga olayotganda u haqidagi ma'lumotlarni DSQning o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ma'lumotlar bazasiga kiritadi. Keyinroq uni Yagona milliy mehnat tizimiga (YaMMT) integratsiya qiladi, shuning uchun ish staji rasman hisoblanadi. Biroq ish staji hisobga olinishi uchun ijtimoiy soliq to‘lanishi lozim. Tizim oddiy: bir yil uchun soliq to‘lansa, bir yillik ish staji hisobga olinadi.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun pensiya miqdori yakka tartibdagi tadbirkorlarniki kabi hisoblanadi. Pensiya yoshiga yetgan vaqtda zarur ish staji mavjud bo‘lsa, pensiya minimal miqdorda — 565 ming so‘m bo‘ladi. Agarda ish staji yetarli bo‘lmasa, davlat har oyda 400 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘laydi.

Daromadlar to‘g‘risidagi rasmiy ma'lumotnomani qaerdan olish mumkin?

O‘zini o‘zi band qilganlar bajarilgan har qanday ish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni mustaqil ravishda Soliq mobil ilovasiga kiritishlari mumkin. Jismoniy shaxslar bilan ishlashda shunchaki bajarilgan ish turi va qiymatini ko‘rsatish mumkin. Yuridik shaxslar bilan ishlashda esa bajarilgan ishlar, qiymatini ko‘rsatib, elektron hisob-fakturani jo‘natish mumkin.

Kiritilgan ma'lumotlar asosida olingan daromadlar haqidagi rasmiy ma'lumotnomani shakllantirish va chop etish mumkin. Uning asosida banklarda kreditlar yoki qarzlar olish mumkin.

O‘zini o‘zi band qilish maqomidan qanday voz kechish va faoliyatni to‘xtatish mumkin?

O‘zini o‘zi band qilish maqomidan istalgan vaqtda voz kechish va faoliyatni to‘xtatish mumkin. Buning uchun Soliq mobil ilovasi orqali soliq organini xabardor qilish kerak bo‘ladi. Bu ishni faoliyatni to‘xtatgunga qadar amalga oshirish lozim. Keyinroq soliq organlari xodimlari o‘zini o‘zi band qilish maqomini DSQ bazasidan o‘chirishadi.

16:35 • 16 February, 2022
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish