Top.Mail.Ru

Ipoteka krediti bo'yicha birgalikda qarz oluvchi kim va uning qanday javobgarligi mavjud?

Kredit shartnomasini tuzishda bank xodimlari ko'pincha birgalikda qarz oluvchini jalb qilishni so'raydi. Bu, ayniqsa, ipoteka kreditiga taalluqli, chunki ko'p hollarda ipoteka krediti summasi kichik bo’lmaydi va bir kishining o'rtacha oylik ish haqi kredit bo’yicha bir oylik to'lovni qoplash uchun yetmaydi.

Ipoteka krediti bo'yicha birgalikda qarz oluvchi kim va uning qanday javobgarligi mavjud?

Kafildan farqli o'laroq, birgalikda qarz oluvchi sotib olingan mulkka bo'lgan huquqlarga ega va ipoteka bo'yicha oylik to'lovlarni amalga oshirishi kerak. Birgalikda qarz oluvchi bo'lish uchun jismoniy shaxs bank talablariga javob berishi, to'liq hujjatlar to'plamini taqdim etishi va shartnoma imzolashi kerak. Shartnoma imzolangandan so'ng, majburiyatlardan voz kechish juda qiyin. Birgalikda qarz oluvchi qanday muhim jihatlarni bilishi kerakligini ko'rib chiqamiz.

Ipoteka bo'yicha birgalikda qarz oluvchi kim?

Birgalikda qarz oluvchi - bu kredit shartnomasi bo'yicha majburiyatlarni asosiy qarz oluvchi bilan teng ravishda bajaradigan shaxs. Aslida, birgalikda qarz oluvchi ishtirok etadigan kredit bu bir nechta shaxsning bitta kreditni olishini va uni qaytarilishini ifodalovchi shartnomadir. 

Natijada, birgalikda qarz oluvchi ipoteka shartnomasi bo'yicha asosiy qarz oluvchi bilan bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo’ladi.

Birgalikda qarz oluvchi asosiy qarz oluvchi so'ralgan summani olishi uchun yetarli rasmiy daromadga ega bo'lmagan hollarda jalb qilinadi. Quyidagi misolda bunday hollarda kredit qaytarilishi tartibini ko'rib chiqamiz.

Birgalikda qarz oluvchini jalb qilgan holda ipoteka kreditin rasmiylashtirish tartibi:

  1. Qarz oluvchi tomonidan ipoteka to'lovi oyiga 7 million so'mga to’gri keladigan miqdordagi kredit so’raldi. Shu bilan birga, qarz oluvchining rasmiy daromadi oyiga 8 million so‘mni tashkil etadi. Qarz yuki darajasini aniqlagan holda, bank mijoz uchun oylik to’lov miqdori yuqori deb qaror qiladi va shartnoma bo'yicha kredit miqdorini kamaytirishni yoki birgalikda qarz oluvchini jalb qilishni taklif qiladi.
  2. Mijoz to'lovga qodir bo'lgan birgalikda qarz oluvchini jalb qiladi, uning rasmiy maoshi 6 million so'm. Bank ish haqilarni jamlab, shartli ravishda 7 million so‘m oylik to‘lovni bitimning ikki ishtirokchisiga taqsimlab yuboradi.
  3. Shartnoma tuziladi, unda ikkala ishtirokchi qayd etiladi va ular qarzni qaytarishda bir xil javobgar hisoblanadi.

Birgalikda qarz oluvchi haqiqatan ham to'laydimi yoki yo'qmi, muhim emas. Asosiysi, daromad so'ralgan kredit miqdorni olish uchun yetarli bo’lishi va to’lovlar o'z vaqtida qilinishi kerak. Amalda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ko'p hollarda turmush o'rtog'i yoki boshqa yaqin qarindoshi ishtirok etadi.

Birgalikda qarz oluvchi kafildan nimasi bilan farq qiladi?

Aksariyat fuqarolar kafil va birgalikda qarz oluvchi shartnomaning bir xil ishtirokchilari hisoblanadi deb qaraydi. Ammo bu unday emas!

Farqlari:

  • Kredit miqdorini tasdiqlashda kafilning daromadi hisobga olinmaydi;
  • Kafil asosiy qarz oluvchining o'zi kreditni to'lay olmasagina qarzni to'lash majburiyatini oladi;
  • Kafilning sotib olingan mulkka huquqi yo'q, lekin birgalikda qarz oluvchida bor;
  • Birgalikda qarz oluvchi faqat jismoniy shaxs bo'lishi mumkin; kafil bo’lib esa ham jismoniy shaxs, yuridik shaxs ishtirok etishi mumkin;
  • Ipoteka shartnomasi bo'yicha birgalikda qarz oluvchi har doim kafilga qaraganda ko'proq huquqlarga ega bo’ladi.

Kim birgalikda qarz oluvchi bo'lishi mumkin?

Birgalikda qarz oluvchi bitimning teng huquqli ishtirokchisi bo'lganligi sababli, unga qo'yiladigan talablar asosiy qarz oluvchi bilan bir xil bo’ladi.

Standart talablar - yoshi 18-21 yoshdan boshlab, doimiy ro’yxatda turgan, rasmiy daromadga, oxirgi ish joyida kamida 3-6 oy ish tajribasiga, ijobiy kredit tarixiga ega bo’lgan shaxslar birgalikda qarz oluvchi bo’lishi mumkin.

Birgalikda qarz oluvchi ishtirokida kredit shartnomasi qanday tuziladi?

Shartnoma birgalikda qarz oluvchi ishtirokida tuzilganiga qaramay, ro'yxatga olish tartibi standart hisoblanadi. Yagona farq shundaki, kredit shartnomasida asosiy qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchining shaxsiy ma'lumotlari qayd etiladi. Bundan tashqari, shartnoma tomonlarning har biri uchun 3 nusxada tuziladi. Shartnomada bitimning har bir ishtirokchisi o'z imzosini qo'yadi.

Birgalikda qarz oluvchining ipoteka hisobiga olingan uy-joyga huquqi bormi?

Agar qarz oluvchilar turmush qurgan bo'lsa, ular avtomatik ravishda sotib olingan mulkka bir xil ega bo'lish huquqiga ega. Bu shartnoma shartlari bilan emas, balki qonunchilik darajasida belgilangan.

Boshqa hollarda, birgalikda qarz oluvchi har doim ham sotib olingan mulkdagi ulushga ega bo’lmaydi. Agar uning nomidan uzoq vaqt davomida to'lovlar amalga oshirilgan bo'lsa va maxsus shartnoma tuzilgan bo'lsa, u ulush olishi mumkin. Bunday shartnomada ipoteka shartnomasi ishtirokchilari har birining uy-joydagi ulushini kelishib olgan bo’lishi shart.

Agar kelishuv bo'lmasa, birgalikda qarz oluvchi o'z huquqlaringizni faqat sud orqali himoya qilishi mumkin. Birgalikda qarz oluvchi kredit shartnomasini va oylik to’lovlar to'langanligini tasdiqlovchi cheklarni taqdim etishi kerak. Hujjatlarni o'rganib chiqqandan so'ng, birgalikda qarz oluvchi kreditning yarmini yoki undan ko'pini to'laganligi aniqlansa, sud uning foydasiga qaror chiqarishi mumkin.

Shartnomani bekor qilish va birgalikda qarz oluvchi bo'lishni to'xtatish mumkinmi?

Bu savol odatda bitim taraflari ziddiyatli hollarda, ajralish yoki dushman bo'lib qolganda paydo bo'ladi. Ammo agar birgalikda qarz oluvchi bankka ariza bilan murojaat etsa va shartnoma shartlarini o'zgartirishni talab qilsa, 99,9% holatda bu murojaat rad etiladi.

Gap shundaki, bunday o'zgarishlar asosiy qarz oluvchi bilan birgalikda hal qilinadi. Bank uchun birgalikda qarz oluvchini chiqarib tashlash, qarzni to'lamaslik xavfi oshishi hisoblanadi. Bank faqatgina birgalikda qarz oluvchini almashtirishga rozi bo'lishi mumkin.

Vaziyat umidsiz bo'lishiga qaramay, birgalikda qarz oluvchi bo'lishni to'xtatishga yordam beradigan bir qancha qonuniy usullar mavjud.

Qanday qilib birgalikda qarz oluvchi bo'lishni to'xtatish kerak:

  • Bankka to’lovga layoqatsizlikni isbotlash. Buni agar birgalikda qarz oluvchi ishdan bo'shatilgan bo'lsa yoki vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi sababli ishlashni to'xtatgan bo'lsagina isbotlas mumkin;
  • Shartnoma bo'yicha qarz ulushini to'lash. Shundan so'ng, agar uy-joyda ulush olinmagan bo’lsa, asosiy qarz oluvchiga mablag'larni qaytarish talabini qo’yish mumkin;
  • Sudga murojaat qilish va shartnomani bekor qilishni talab qilish.

Shuning uchun birgalikda qarz oluvchi bo'lishga rozilik berishdan oldin ming marta o'ylab ko'rish kerak. Aks holda, huquqlarni himoya qilish juda qiyin bo'ladi.

Birgalikda qarz oluvchilar nimalarga duch kelishi mumkin?

Kredit shartnomasini imzolashda shuni yodda tutish kerakki, bank birgalikda qarz oluvchi to'g'risidagi ma'lumotlarni kredit byurosiga yuboradi. Bunday holda, qarzning umumiy miqdori va ipoteka muddati davomida qilingan barcha kechikishlar ko'rsatiladi.

Agar siz do'stlik tufayli birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etgan bo'lsangiz, unda asosiy qarz oluvchining beparvoligi sababli siz kredit tarixingizni osongina buzishingiz mumkin. Natijada, boshqa kredit olish imkoniyatidan ayirilasiz.

Agar aynan ipoteka haqida gapiradigan bo'lsak, bu kreditni olish ayniqsa qiyin bo'ladi, chunki kredit byurosida katta moliyaviy yukni aks etiladi.

Yana bir jihat – sud orqali qarzni undirish. Qarz oluvchi qarzni qaytarishni to'xtatib qo'yishi mumkin va qarz majburiy undirish uchun o'tkazilishi mumkin.

Bank uy-joyni sotish to'g'risida qaror qabul qilguncha, uni sotib qarzni yopguncha, bir necha oy vaqt o’tadi. Bu muddat davomida birgalikda qarz oluvchi nazorat ostida bo'ladi. Bunday holatda, uning hisobvarag'idagi pulning bir qismi avtomatik ravishda yechib olinishi ham mumkin.

Ipoteka kreditlari bo'yicha batafsil ma'lumotni Ipoteka krediti sahifasidan topish mumkin.

18:57 • 21 October, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish