Andijonda imtiyozli kredit olib berishni vaʼda qilgan firibgar ushlandi
Andijon viloyatida bankdan 200 000 AQSH dollari imtiyozli kredit ajratib berish evaziga 6 300 AQSH dollari olinganligi aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Andijon viloyati boshqarmalari o‘z rasmiy kanalida xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, fuqaro O.K. fuqaro O.ga o‘zini go‘yoki Ispaniya davlatida faoliyat yurituvchi bankning O‘zbekiston Respublikasidagi vakili sifatida tanishtirib, unga tadbirkorlik faoliyati uchun mazkur bankdan 200 000 AQSH dollari imtiyozli kredit ajratib berishi evaziga 6 300 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro O.K. muqaddam fuqarolar K. va Q.ning ham shu yo‘sinda 21 500 AQSH dollarini olganligi aniqlangan.
Fuqaro O.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.