Top.Mail.Ru

Bankdan qanday qilib kredit olsa bo’ladi?

Bu savol bizning foydalanuvchilarimiz tomonidan eng ko'p beriladigan savollardan biridir.

Bankdan qanday qilib kredit olsa bo’ladi?

Kredit olish yirik xaridlarni amalga oshirishning eng tez va qulay usullaridan biridir. Ayniqsa, mablag' jamg’arishga imkoniyat bo’lmaganda va pul zarur bo’lganda, kredit olish ba’zilarida yagona yechim hisoblanadi.

Bir tomondan, bank kredit ajratish bo’yicha ijobiy qaror qabul qilishiga ta'sir qiluvchi omillar yetarlicha shaffof va hammaga ma'lum. Biroq, bankning barcha talablarini bajarish imkoniyati har doim ham mavjud emas.

Qarz oluvchiga so'ralgan kreditning bank tomonidan ijobiy tasdiqlanishi imkoniyatini oshirish uchun ba'zi maslahatlar berib o’tamiz.

O’z bankingizga murojaat qiling.

Ehtimol, sizda bankda omonat yoki joriy hisobraqam, ish haqi kartasi (siz bank mijozisiz - ish haqi loyihasining ishtirokchisi), debet kartasi ochilgan yoki kredit shartnomasi tuzilgan va ilgari olingan kredit yopilgan. Bank uchun siz tekshirilgan va ishonchli mijozsiz, bu dalil kredit olish imkoniyatini oshiradi.

Ijobiy kredit tarixi sizning foydangizga bo’ladi.

Kredit tarixi - qarz oluvchining moliyaviy majburiyatlari, berilgan barcha kreditlar, kafilliklar to'g'risidagi ma'lumotlaridir. Kredit arizasi bo'yicha qaror qabul qilishdan oldin bank kredit byurosidan qarz oluvchining kredit tarixi haqida ma’lumot oladi. Shuningdek, qarz oluvchining o'zi ham bankka ariza berishdan oldin kredit olish imkoniyatlarini baholash uchun o’zining kredit tarixi bilan bepul tanishishi mumkin.

Doimiy daromad manbai mavjudligi va uning miqdori.

Daromad miqdori qanchalik yuqori bo'lsa, bank ma'qullashi mumkin bo'lgan kredit miqdori ham shunchalik katta bo'ladi. Shuning uchun, agar sizda bir nechta daromad manbalari mavjud bo'lsa, ularni ham hisobga olinishi uchun rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlashingiz kerak. Qo'shimcha daromad manbalari quyidagilar bo'lishi mumkin: shartnoma bo'yicha ijaraga berilgan ko'chmas mulk, depozitlar bo'yicha foizlar, qimmatli qog'ozlardan olingan foyda, qo'shimcha ish joyidan olingan daromad, pensiya va boshqalar. Muhim: bank aliment va ijtimoiy nafaqalarni daromad manbai deb hisoblamaydi.

Barcha kerakli hujjatlarning mavjudligi

Banklar kredit turiga qarab hujjatlar ro'yxatini talab etadi - faqat pasport yoki kengaytirilgan hujjatlar to'plami bo'lishi mumkin. Bank siz haqingizda qanchalik ko'p ma'lumotga ega bo'lsa, kredit olish imkoniyatingiz shunchalik yuqori bo'ladi. Shu sababli, bankka o'z haqingizda iloji boricha ko'proq aniq ma'lumot berishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi. 

Har xil banklarga ariza bermang.

Bir vaqtning o'zida bir nechta bankka murojaat qilmaslik kerak. Kredit olish uchun arizalar kredit tarixida aks etadi, natijada kredit olish uchun murojaat qilgan shaxs huddi hamma bankdan kredit olishga harakat qilayotgandek ko'rinishi mumkin.

Imkoniyatingiz yetadigan miqdorda kredit so'rang.

Tijorat banklari kredit turiga qarab qarz yuki darajasini mustaqil ravishda belgilaydilar.

Oylik daromad va xarajatlar nisbatini hisoblash va oylik to'lovning maqbul miqdorini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Daromadning 40% dan ko'prog'ini kreditni to'lash uchun sarflash qarz oluvchi uchun xavflidir, eng oddiy fors-major holatlarida ham siz to'lovlarni o’z vaqtida bajara olmasligingiz mumkin. Banklar uchun ham kredit oluvchining qarz yuki yuqoriligi xavfli hisoblanadi. Shuning uchun, qarz yuki ko’rsatkichi qanchalik baland bo’lsa, kredit olish imkoniyati shunchalik past bo'ladi.

Birgalikda qarz oluvchilar va kafillar.

Agar so'ralgan kredit miqdori katta bo'lsa, unda kafillar yoki birgalikda qarz oluvchilarni jalb qilish yaxshiroqdir. Agar kutilmagan vaziyat yuzaga kelsa, bank qarz oluvchining pulni qaytarishi uchun ko'proq kafolatlarga ega bo'ladi va kreditni ma’qullashi ehtimoli ortadi. Bundan tashqari, aksariyat banklar birgalikda qarz oluvchilar va kafillarning daromadlarini jami daromad sifatida hisobga oladi, bu esa kattaroq miqdorda kredit olish imkoniyatini oshiradi.

18:30 • 13 April, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish