Top.Mail.Ru

Axborot texnologiyalari sohasida o’quv kurslarida tahsil olish uchun ta’lim kreditlari ajratiladi

Nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun yoshlarga ta’lim kreditlari ajratiladi.

Axborot texnologiyalari sohasida o’quv kurslarida tahsil olish uchun ta’lim kreditlari ajratiladi

Axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarga bo’lgan talab kun sayin oshib borayotganligi sababli bu sohada mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Ushbu qarorga ko’ra, 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun ta’lim krediti ajratish tizimi yo’lga qo’yiladi. 

Ta’lim krediti quyidagi shartlarda ajratilishi ko’zda tutilgan:

  • Foiz stavkasi - Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (hozirda 15%, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda kredit foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladi, oshirilgan taqdirda o‘zgarishsiz qoladi);
  • Maksimal summa – bazaviy hisoblash miqdorining 65 baravarigacha miqdorda (19.5 mln. so’mgacha);
  • Kredit muddati – 4 yil, 1 yillik imtiyozli davr bilan;
  • Kredit oluvchi shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan yoshlar.

Kredit rasmiylashtirilishi va uning qaytarilishida kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxslar birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi.

Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishga ajratiladigan ta’lim krediti uchun garov va kafillik talab etilmaydi.

Muhim! Axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun yoshlarga ta’lim krediti IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning o‘quv kurslarida ta’lim olish uchun ajratiladi. 

Bundan tashqari, “Xalq banki”, “Aloqabank” va “Mikrokreditbank” tomonidan 2022-yil 1-noyabrdan boshlab IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (7.5 mln. so’m) dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratilishi ham qaror bilan belgilab berildi.

Bunda kompyuter xarid qilish uchun ajratiladigan iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilinadi.

18:59 • 16 August, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish