Top.Mail.Ru
01-August, 18:16 |  965

Qanday qilib valyutani eng qulay kursda almashtirish mumkin?

Bugungi kunda valyuta kurslari bilan qiziqmaydigan odamni topish qiyin. Yangiliklarda doim dollar kursi tushgani yoki ko'tarilganligi haqida ma'lumot berib boriladi.

Qanday qilib valyutani eng qulay kursda almashtirish mumkin?

Aksariyat odamlar turli maqsadlarda, shu jumladan pulni jamg'arish uchun ham valyuta ayirboshlash bilan shug'ullanadilar. Shundan kelib chiqqan holda va shu bilan birga iqtisodiyotda keskin o'zgarishlar sodir bo’layotgan sharoitda, valyutani tezda sotish yoki sotib olish uchun kurslarni kuzatib borish kerak.

Hozirgi vaqtda barchamiz dollar kursi va narxlar o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri bog'liqlikni ko'rmoqdamiz. Valyuta kursi odamlarning farovonlik darajasiga bevosita ta'sir qiladi. Shuning uchun valyutani eng qulay kursda almashtirish hammaga juda muhimdir.

Mamlakatimizda 33 ta bankning 31 tasida chet el valyutasini, xususan, AQSh dollarini sotib olish yoki sotish mumkin. Faqat ikkita bank valyuta ayirboshlashni amalga oshirmaydi - bular TBC Bank va Bank Apelsin.

Evro, Britaniya funt sterlingi, Shveytsariya franki, Yapon iyenasi, Rossiya rubli yoki Qozog’iston tengesi kabi boshqa xorijiy valyutalarni ham banklarda almashtirish mumkin, ammo ma'lum bir bankka tashrif buyurishdan oldin shu bank sizga kerak bo'lgan valyutani ayirboshlashini aniqlashtirish kerak.

Dollar kursi boshqa valyutalarga qaraganda tez-tez o'zgarib turadi. Tabiiyki, dollarni ayirboshlaganda, ko'pchilik eng foydali kurslarni ko’rib chiqadi va valyutani, ayniqsa kattaroq summalarni eng qulay narxda almashtirishga harakat qiladi.

Bugungi kunda bir qancha banklar mobil ilova orqali valyuta ayirboshlashda qulay kurslarni taklif qilmoqda. Masalan, bugun 01.08.2022y. kuni quyidagi banklar bank kassalarida va mobil ilova orqali valyuta ayirboshlashda turli kurslarni taklif qildi:

1. “Qishloq qurilish bank”:

  • Sotib olish: bank filialida – 1 dollar uchun 10900 so‘m, mobil ilovada – 10910 so‘m.
  • Sotish: bank filialida – 1 dollar uchun 10960 so‘m, mobil ilovada – 10950 so‘m.

2. Ipoteka-bank:

  • Sotib olish: bank filialida – 1 dollar uchun 10930 so‘m, mobil ilovada 10940 so‘m.
  • Sotish: bank filialida 1 dollar uchun 10965 so‘m, mobil ilovada 10955 so‘m.

3. KDB banki:

  • Sotib olish: bank filialida – 1 dollar uchun 10860 so‘m, mobil ilovada – 10880 so‘m.
  • Sotish: bank filialida – 1 dollar uchun 10965 so‘m, mobil ilovada – 10945 so‘m.

4. Aloqa bank:

  • Sotib olish: bank filialida – 1 dollar uchun 10890 so‘m, mobil ilovada – 10895 so‘m.
  • Sotish: bank filialida – 1 dollar uchun 10965 so‘m, mobil ilovada – 10960 so‘m.

Banklar dollar sotish va sotib olish operatsiyasi bilan shug'ullanadi, shuning uchun ular fuqarolarga valyutani sotish va sotib olishda AQSh valyutasining narxini o'zlari hisoblab chiqaradilar. Sotish va sotib olish narxlari o'rtasidagi farq bankning daromadi bo'lib, uning tarkibiga valyuta kurslarining keskin o'zgarishi xavfi ham kiradi.

Bundan tashqari, banklar ba'zan oshirilgan kurs bo'yicha valyuta ayirboshlashning boshqa usullarini ham taklif qiladi. Masalan, banklar dollarni naqdsiz usulda almashtirishni amalga oshiradi, ya’ni ular dollarni naqd ko’rinishda qabul qilib, so‘m ekvivalentini esa naqdsiz shaklda plastik kartaga oshirilgan narzda o‘tkazib beradi.

Valyutani oshirilgan kurs bo'yicha almashtirishning yana bir usuli - tabaqalashtirilgan valyuta kursi. Bunda kattaroq miqdordagi valyutani, masalan 1000 dollardan ko'proq summani ayirboshlash uchun yuqoriroq kurs o'rnatiladi. 

Ko'tarilgan kurs bo'yicha valyuta ayirboshlashning bunday usullari amalda tez-tez qo'llanilmaydi, lekin agar siz bank yangiliklarini kuzatib boradigan bo'lsangiz, ba'zida banklardan shunga o'xshash takliflarni topishingiz mumkin.

Barcha banklarning valyuta kurslari bo'yicha batafsil ma'lumot Valyutalar kursi sahifasida mavjud.

 Teglar

Valyuta kurslari

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish