Rasmiy valyuta kursi har ish kunlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
U valyuta birjasida bitimlar tuzishda foydalanilgan o'rtacha tortilgan kurslar to'g'risidagi ma'lumotlar asosida belgilanadi.
Rasmiy valyuta kursining amal qilish doirasi kichik. Chet el valyutasidagi yig'imlarni, hisobotlarni, soliqlarni belgilashda, davlat byudjetining daromadlar va xarajatlar rejasini tuzishda foydalaniladi. Biroq bunda, moliya bozori ishtirokchilari, shu jumladan Markaziy bank har qanday o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda rasmiy valyuta kursidan foydalanishlari shart emas.
Tijorat banklari esa valyuta kurslarini bir necha omillarga qarab belgilaydilar.
Tijorat banklari valyutani sotib olish va sotish kurslarini mustaqil ravishda belgilaydilar va bu kurslar banklarni bezarar ishlashini ta'minlashi, shuningdek, qimmatbaho bank infratuzilmasini saqlab turish zarurligini hisobga olgan holda ma'lum daromadni ta'minlashi kerak.
Banklar tijorat tashkilotlari bo'lib, ularning maqsadi foyda olishdir. Shunga ko'ra, bankda valyuta kursi odatda birjadagidan yuqori bo’ladi. Bundan tashqari, ular valyutani, qoida tariqasida, pastroq narxda sotib olib, yuqoriroq narxda sotadilar.
Bank stavkalari, Markaziy bank tomonidan ma'lum bir sana uchun belgilangan kursdan ko'ra, ko'proq mijozlarning aynan shu valyutaga bo'lgan talabiga bog'liq.
Talab qancha ko'p bo'lsa, narx ham shunchalik yuqori bo'ladi - bu asosiy iqtisodiy tamoyil bo'lib, valyuta bozori ham xuddi shu qoidaga bo’ysunadi. Hozirda valyutaga talab odatdagidan yuqori, shuning uchun kurs ham oshib boryapti.
Tijorat kursi umumiy bozor kon'yunkturasiga va ma'lum bir bankning valyuta pozitsiyasiga ham bog'liq. Misol uchun, agar naqd shakldagi chet el pullari ko’payib ketsa, narx birja ko'rsatkichlaridan ham pastga tushishi mumkin.
Birja va ayirboshlash shoxobchalarida kurslarda bunchalik jiddiy farqni ko‘rishimizning yana bir sababi bor.
Birjadagi valyuta kurslari naqd pulsiz kurslar, ayirboshlash shoxobchalarida esa naqd pul kurslari hisoblanadi. Bu asosiy farq. Bank valyutani birjada arzonroq sotib olishi mumkin, lekin uni naqd pulga aylantirish imkoniyati yo'q va bunday valyuta operatsiyasidan banknotlar soni ko’payib qolmaydi. Shuning uchun, naqd shakldagi valyutani sotib olish va sotish kurslari yuqoriroq bo'ladi.
Nima uchun kurs bir bankning turli filiallarida farq qilishi mumkin?
Bozor va fond birjasidagi vaziyatdan tashqari, ma'lum bir valyuta ayirboshlash punktida valyuta mavjudligi ham muhimdir. Qayerda valyuta kamroq bo'lsa, bank kursni pasaytiradi, ortiqcha bo'lsa, uni ko'tarishi mumkin. Banklar talabga shu orqali ta'sir qiladi. Boshqa tijorat banklarida valyuta kursi qanday ekanligi ham muhim.
Eng so'nggi valyuta kurslari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.