Top.Mail.Ru

Pulni qaysi valyutada saqlash foydaliroq?

Kechasi tinch uxlash va har bir shovqindan qo'rqmaslik uchun pulni qayerda ishonchli saqlash mumkinligi haqida savol tug'ilsa, turli xil javoblar berish mumkin.

Pulni qaysi valyutada saqlash foydaliroq?

Biz aholining faqat ma'lum bir qismi uchungina mavjud bo'lgan millionlab dollarlar haqida emas, balki o'rtacha odamning mashaqqatli mehnati bilan topgan oddiy daromadi haqida gapiramiz.

Shuning uchun biz qimmatbaho metallar yoki ko'chmas mulk sotib olish haqida gapirmaymiz, aksincha oddiy odamga tushunarli bo’lgan va to’g’ri keladigan yo’llarni ko'rib chiqamiz. Ya'ni, pulni qayerda saqlash kerak yoki uni qaysi valyutada saqlash yaxshiroq degan savolga javob beramiz.

Nima uchun chet el valyutasi ustuvor?

Ma'lumki, kelajak uchun mablag'larni milliy valyutada saqlash xavfli, chunki moliya bozoridagi doimiy tebranishlar qisqa vaqt ichida jamg'armalarni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Boshqa tomondan, kutilmagan vaziyatlar yoki fors-major holatlari uchun mo'ljallangan milliy valyutaning ma'lum miqdorini "moliyaviy yostiq" sifatida saqlash maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, milliy valyuta tovarlar yoki xizmatlarni sotib olish kabi doimiy ehtiyojlarni qoplash uchun ishlatiladi.

Bu muammo nafaqat inflyatsiya tufayli, balki ko'proq darajada fuqarolarning mamlakat moliya-bank tizimiga hali ham to’liq ishonchi yo’qligi tufayli yuzaga keladi.

Shu munosabat bilan, e'tibor xorijiy valyutalarga, ko'pincha dollar yoki evroga qaratiladi. O‘zbekiston sharoitida ko‘proq dollar aholimiz orasida mashhurroqdir.

Chet el valyutasida mablag'larni saqlashda nimalar muhim?

Pul yig'ishning "oltin" qoidasi uzoq muddatli istiqboldir. Agar siz kelajak uchun pul jamg’arishni rejalashtirgan bo'lsangiz, pulni valyutada, ya'ni dollarda saqlash yaxshidir.

Albatta, boshidan jamg’arishga ajratilgan mablag'lar faqat shu maqsadga yo’naltirilishi kerak, yaqin kelajakda uni ishlatib yuborish uchun emas. Boshqacha qilib aytganda, agar sizning daromadingiz faqat joriy xarajatlarni qoplash uchun yetarli bo'lsa, u holda valyutani oyni boshida sotib olib, oyni oxirida uni qayta sotishdan ma’no yo’q. Bunday "strategiya" bilan moliyaviy yo'qotishlarga uchrashingiz muqarrar.

Pulni faqat saqlash yaxshimi yoki ko’paytirish ham muhimmi?

Ko'p odamlar bir vaqtning o'zida hamma narsani xohlashadi. Ular uchun kapitalni inflyatsiya yoki o'g'rilardan muvaffaqiyatli saqlab qolish yetarli emas, albatta uni ko'paytirish istagi ham bo’ladi.

Kapitalni ko'paytirish har doim xavf bilan bog’liq bo’ladi va noqulay moliyaviy sharoitda siz jamg'armalaringizning bir qismini yo'qotishingiz ham mumkin. Shu bilan birga, sizning moliya sohasidagi bilimingiz natijaga bevosita ta'sir qiladi. Moliyaviy bilimingiz yetarli darajada bo'lmasa, siz hech narsa qilmasdan pul topa olmaysiz.

Bunday holda, yagona ishonchli variant sifatida siz bank omonatini ko'rib chiqishingiz mumkin. Hatto moliyaviy vaziyat eng yomon tomonga o’zgarganda ham bank depozitiga qo'yilgan mablag'larning qaytarilishi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Shuning uchun, hech qanday yo'qotishlarsiz ishonchli pul investitsiya qilishning boshqa variantlari bo'lmasa, bank depozitiga pul qo'yish bilan cheklanish yaxshiroqdir.

Bugungi kunda xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha eng yuqori foiz stavkasi – omonat 36 oy davomida saqlanishi sharti bilan yillik 6,5 foizni tashkil etadi. Keling, hisob-kitob qilaylik. Misol uchun, sizda 10 000 dollar bor va pulingizni jamg’arish va ko'paytirish uchun shu miqdorga omonat ochasiz. Bir yil davomida bank sizga 650 dollar to'laydi, uch yil uchun - 1950. Umuman olganda, pulni investitsiya qilish uchun yomon variant emas va qancha ko'p sarmoya kiritilsa, daromad shunchalik ko'p bo'ladi.

Aytaylik, siz xuddi shu miqdorda, faqat so‘m ekvivalentida omonat ochmoqchisiz. Bugungi kunda 10 000 dollar 112 900 000 so‘mga teng. Yillik 23% stavkasi bilan oʻrtacha 13 oy muddatga soʻm depoziti ochilishi mumkin. Bunday omonat bo‘yicha daromad 13 oy davomida 28 million so‘mdan ortiq bo‘ladi. Albatta, bu juda jozibali ko'rinadi. Ammo bu yerda inflyatsiya darajasini hisobga olish muhimdir. 13 oy davomida narxlarning ko'tarilishi tufayli omonatdan olingan daromad unchalik katta bo'lmasligi ham mumkin. Bundan tashqari, valyuta kursining o'zgarishi sababli muddat oxirida kiritilgan mablag'lar 10 000 dollarga teng bo'lmasligi ehtimoli mavjud. Bunday omonat haqida bir narsani aytish mumkin – u qisqa muddatga, ya'ni uch oy yoki ko'pi bilan olti oyga ochilsa maqsadga muvofiq bo’ladi.

Xulosa qilib biz quyidagilarni aytishimiz mumkin: agar sizda pul bo'lsa, lekin uni qayerga qo'yishni bilmasangiz, uni bankda saqlang - pulingiz to'liq va ko'pincha daromad bilan qaytariladi; agar siz pulni qaysi valyutada saqlashni bilmasangiz, istiqbolga qarab - uzoq muddatga xorijiy valyutada, ko'pincha dollarda, qisqa muddatga - so'mda jamg’aring. Va eng muhimi, "pulni qayerga investitsiya qilish kerak?" degan savol har doim siz uchun dolzarb bo'lsin. Chunki bu masalaning dolzarbligi, hech bo'lmaganda, siz hali ham pulingiz borligini anglatadi.

Omonatlar haqida batafsil ma'lumot bilan Omonatlar sahifasida tanishishingiz mumkin.

19:29 • 11 April, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish