Top.Mail.Ru

Ipoteka kreditlarining foizlari pasaytirildi, ammo...

Mamlakatimizda tijorat banklari tomonidan birlamchi va ikkilamchi bozordagi uy-joylar xaridi uchun ipoteka kreditlari ajratib kelanayotgani barchaga maʼlum.

Ipoteka kreditlarining foizlari pasaytirildi, ammo...

Mamlakatimizda tijorat banklari tomonidan birlamchi va ikkilamchi bozordagi uy-joylar xaridi uchun ipoteka kreditlari ajratib kelanayotgani barchaga maʼlum. Shu kunlarda ayrim banklar ipoteka krediti foiz stavkalari bo‘yicha qulay shartlarni eʼlon qildi va buni ko‘pchilik iliq kutib oldi. Keling, bu yangilikni batafsil ko‘rib chiqamiz.

Hamkorbank yangi qurilgan yoki ikkilamchi bozordagi uy-joylarni xarid qilish uchun ipoteka kreditlari ajratish imkoniyatlarini kengaytirdi. Yaʼni, mijoz boshlang‘ich to‘lov 25 foizdan, yillik 17,5 foiz stavka bo‘yicha 20 yil muddatga ipoteka krediti rasmiylashtirishi mumkin.

Shu bilan birga, Hamkorbank tomonidan uy-joyni taʼmirlash ishlari uchun 80 mln. so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni 10 yil muddatga, yillik 16,5 foiz stavkada rasmiylashtirish mumkin, bank tomonidan foiz stavkalar kamaytirilgan. Boshlang‘ich to‘lov mavjud emas.

Ipotekabank tomonidan ham ipoteka krediti shartlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Endi, mijoz birlamchi va ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olishi uchun kamida 26 foiz boshlang‘ich badal to‘lashi lozim. Uy-joy sotib oladigan mijozlar uchun 400 mln.so‘mgacha miqdorida kredit ajratiladi va imtiyozli davr  berilmaydi. Mijozlar kreditni barcha bank bo‘linmalari orqali rasmiylashtirishlari mumkin. Kreditning maksimal muddati – 20 yil. Mijozlarga uy-joyni taʼmirlash uchun ajratiladigan kredit uchun boshlang‘ich badal talab etilmaydi.

Qishloqqurilishbank nafaqat Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi mijozlarga, balki qishloq hududlarida va viloyatning shahar hududlarida istiqomat qiluvchi mijozlari uchun ham ipoteka kreditlari ajratadi. Bugungi kunda bank bo‘linmalari orqali qishloq hududlarida uy-joy qiymatining 85 foizgacha va 238 mln.so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorida mijozlar uchun ipoteka kreditlari ajratilishi yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatlarning shahar hududlarida istiqomat qiluvchi mijozlar uchun uy-joy qiymatining 85 foizigacha va 309,4 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda, Toshkent shahrida esa uy-joy qiymatining 85 foizigacha va 339,15 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda 20 yil muddatga ipoteka kreditlari ajratilmoqda. Boshlang‘ich badal – 15 foiz.

Sanoatqurilishbank tomonidan mijozlar uchun (yirik ish haqi loyihalarining ishtirokchilariga) birlamchi bozordan tayyor uy-joy xaridi uchun 323 mln.so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratilishi hamda kreditning muddati 20 yil qilib belgilangan.

Asakabank mijozlar uchun ikki turdagi ipoteka kreditlarini taqdim etmoqda. Endi, birlamchi bozordan uy-joy xarid qilish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 339.15 mln. so‘mgacha, yillik 18 foiz stavka bo‘yicha kreditlar beriladi. Boshlang‘ich badal 15 foiz, kredit muddati 20 yil etib belgilandi.

Shu bilan birga, Asakabank birlamchi va ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun mijozlarga 323 mln. so‘mgacha, imtiyozli davrsiz, 25 foizlik boshlang‘ich  badal bilan kredit ajratmoqda. Mazkur ipoteka dasturi muddati  - 20 yil.

Bu kabi uy-joy uchun ipoteka kreditlari ajratayotgan banklar bo‘yicha ko‘plab maʼlumotlarni yoritishimiz mumkin. Mikrokreditbank, Agrobank, Ipak yo‘li banki, Turonbank, Oriyent finans bank, Milliy bank, Aloqa bank, Tengebank, Infinbank, Ziraat Bank, Kapitalbank, Davrbank va Ravnaqbanklar tomonidan ham 5 yildan 20 yilgacha muddatlarga, yillik 18-28 foizgacha ipoteka kreditlari ajratilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Rossiyada ipoteka kreditlari qanday beriladi?

Keling, endi Rossiya banklari misolida ipoteka kreditlarini ko‘rib chiqaylik. Rossiya banklari ipoteka dasturlari doirasida stavkalarni oshirganda, masalan, Transkapitalbankda yillik 9,29 foiz stavka bo‘yicha kreditlar beriladi. Uy-joy bo‘lmagan mulkni sotib olishda baribir 6 foiz punkt miqdorida ustama belgilanadi.

Xuddi shunday Alfa-Bank tomonidan bolali oilalar uchun imtiyozli ipoteka kreditlari berish imkoniyatlari kengaytirilib, bitta farzandi bor mijozlar 5,29 foiz stavka bo‘yicha ipoteka krediti olishlari yoki boshqa bankdan ipoteka kreditini qayta moliyalashtirishlari mumkin. Kredit muddati uch yildan 30 yilgacha. Dastlabki to‘lov esa – 15 foizdan.

Bank DOM.RF tomonidan ham imtiyozli ipoteka kreditlari 5,6 foiz stavkada, ko‘chmas mulk turiga qarab bitta farzandi bor qarz oluvchilarga oilaviy ipoteka kreditlari 4,7 foizdan yoki 5 foizdan ajratiladi. Dastlabki to‘lov esa – 15 foizdan bo‘lib, kredit muddati – 30 yilgacha belgilangan.

Depozit.uz jamoasi tomonidan O‘zbekiston va Rossiya banklari misolida mijozlarga ajratilayotgan ipoteka kreditlari bo‘yicha maʼlumotlar o‘rganilganda, Rossiya banklari tomonidan mijozlar uchun ko‘plab sharoitlar yaratilganligiga guvoh bo‘lindi. Jumladan, kredit ajratish muddati ham 30 yilgacha belgilangan.

 O‘zbekiston tijorat banklarida esa bu muddat 5 yildan 20 yilgacha.  Albatta, tijorat banklari uchun uzoq muddatli kreditlar ajratish yaxshi samara bermasligi, banklar uchun qisqa muddatli kreditlar ajratish ko‘proq foyda keltirishi to‘g‘ri.

Lekin, bugun respublikaning har bir tumanida qatorlashib ko‘p qavatli uy-joylar qurilayotgan davrda O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan mijozlarga yana-da qulayliklar yaratish maqsadida ipoteka krediti shartlari yana qayta ko‘rib chiqilib, mijozlar uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

08:39 • 08 July, 2021

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish