Top.Mail.Ru
23-August, 18:13 |  1,184

Ipoteka krediti olish uchun qaysi hujjatlar talab qilinadi va rasmiylashtirish tartibi qanday?

Ipoteka krediti yillar davomida pulni jamg’armasdan o'z uy-joyiga ega bo'lish uchun eng qulay imkoniyatdir.

Ipoteka krediti olish uchun qaysi hujjatlar talab qilinadi va rasmiylashtirish tartibi qanday?

Ipoteka krediti hisobiga deyarli har qanday ko'chmas mulkini sotib olish mumkin - qurilayotgan yoki qurib bitkazilgan ko’p xonadonli uydagi kvartira, ikkilamchi bozordagi kvartira yoki shaxsiy uy-joy. Ammo ipoteka olish jarayoni ancha vaqt va puxta tayyorgarlikni talab qiladi.

Bugun biz ipotekaning eng oddiy shakli, ya'ni birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditini rasmiylashtirish tartibini ko’rib chiqishga harakat qilamiz.

Kimlar ipoteka krediti olishi mumkin

Ipoteka krediti olish uchun qarz oluvchi uning ishonchlilik darajasini aniqlashga yordam beradigan bankning muayyan talablarga javob berishi kerak. Qarz oluvchi mos kelishi kerak bo'lgan eng asosiy parametrlarni ko'rib chiqamiz.

  • Qarz oluvchining yoshi. Aksariyat banklar ipotekani rasmiylashtirish vaqtida qarz oluvchi kamida 18 yoshga (ba'zi hollarda 21 yoshga) to’lgan va 60 yoshdan oshmagan bo’lishini talab qiladi.
  • Tajriba va barqaror ish joyi. Qarz oluvchi hozirgi ish joyida kamida 3-6 oy, ba'zi hollarda esa kamida bir yil ishlagan bo'lishi kerak.
  • To'lov qobiliyati. Ipoteka bir necha yil davomida muntazam to'lovlar amalga oshirilishini ko’zda tutadi, shuning uchun bank qarz oluvchi qonuniy barqaror daromadga ega ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak.
  • Fuqarolik. Banklar xorijliklarga ipoteka bermaydi, shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi pasporti bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, yaxshi kredit tarixiga ega bo'lgan va ipoteka shartnomasini tuzish vaqtida boshqa yirik qarzlari bo'lmagan shaxslarga ipoteka krediti ma'qullanishi ehtimoli ko’proq bo’ladi. Ipoteka kreditini berish imkoniyatini baholash uchun bank potentsial qarz oluvchining umumiy moliyaviy yukini hisobga oladi, shuning uchun agar sizning joriy kredit majburiyatlaringiz oylik daromadingizning 70% ga yaqinlashayotgan bo'lsa, sizga albatta birgalikda qarz oluvchi kerak bo'ladi. Birgalikda qarz oluvchilar sifatida yaqin qarindoshlar ham, birga yashamaydigan va yaqin qarindosh bo'lmagan shaxslar ham ishtirok etishi mumkin.

Ipoteka krediti qanday qilib rasmiylashtiriladi

Birinchi navbatda, bankka tashrif buyurishdan oldin, bank xodimi mijozning moliyaviy imkoniyatlarini baholashi va qanday shartlarda kredit berish mumkinligini aniqlashi uchun daromadlar to’g’risida ma’lumotnomani tayyorlash kerak. Agar bankning shartlari mijozga mos bo'lsa va bank ipoteka berishni ko'rib chiqishga tayyor bo'lsa, keyingi bosqichga - kvartirani tanlash va hujjatlarni yig'ishga o'tish mumkin.

Kerakli hujjatlar

Banklarda hujjatlar to'plamiga qo'yiladigan talablar har xil, shuning uchun siz tanlagan bank mutaxassislaridan oldindan aniq ro'yxatni bilib olish maqsadga muvofiqdir. Kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditini rasmiylashtirishda zarur bo'ladigan asosiy hujjatlarni sanab o'tamiz:

  1. shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  2. daromadlar to’g’risida ma’lumotnoma;
  3. quruvchi tashkilot bilan tuzilgan dastlabki shartnoma.

Agar birgalikda qarz oluvchilar bo'lsa, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va daromadlar to'g'risidagi ma’lumotnomalari ham talab qilinadi.

Ko'p hollarda, kredit bo'yicha mijozning to'lov qobiliyatini aniqlash uchun qanday daromadlar hisobga olinadi degan savol tug'iladi. Quyidagilar daromad sifatida qabul qilinadi: rasmiy mehnat faoliyatidan olingan oylik ish haqi, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo'jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan olingan doimiy daromadlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa daromadlar.

Barcha hujjatlar to'plangandan so'ng, siz bankka ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin. Arizani ko'rib chiqish 30 kungacha davom etishi mumkin. Agar bank arizani ma'qullagan bo'lsa, unda asosiy bosqich – kredit shartnomasini imzolash va uy-joyga egalik huquqini ro'yxatdan o'tkazish amalga oshiriladi. Kredit shartnomasini imzolash bosqichida qarz oluvchi dastlabki to'lovni bankka kiritadi.

Kredit shartnomasi kvartirani xaridor nomiga notarial ro'yxatdan o'tkazish uchun asos hisoblanadi. Qarz oluvchi kvartiraning egasi bo'lgandan so'ng, uy-joy sug'urta qilinadi va garovga qo’yiladi. Shundan keyingina kvartira uchun pul dastlabki to'lov va ipoteka krediti hisobidan to'lab beriladi.

Ipoteka kreditiga murojaat qilishda siz quyidagi qo'shimcha xarajatlarga tayyor bo'lishingiz kerak:

  • Kvartirani sotib olish va sotish bo'yicha notarial xizmatlar uchun xarajatlar;
  • Mulkni ro'yxatdan o'tkazish uchun kadastr xarajatlari;
  • Uyni sug'urtalash xarajatlari.

Ipoteka krediti rasmiylashtirilganda kvartira butun kredit muddati davomida garovda turadi. Shu bilan birga, kvartiraning egasi bo’lib, ko'pchilik o'ylaganidek bank emas, balki qarz oluvchining o'zi hisoblanadi. Kredit bo'yicha barcha qarzdorlik to’liq to'lanmagunicha, kvartirani sotish va boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirish mumkin emas. Biroq, agar qarz oluvchi qarzni to'lay olmasa, bank sud orqali uy-joyni tortib olishi, sotishi va qarzni yopishi mumkin.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, ipoteka kreditini rasmiylashtirish, garchi ko'p vaqt va mehnat talab qiladigan jarayon bo'lsa-da, uning afzalliklari ko’proqdir. Ipoteka - bu o'z yashash joyiga ega bo’lishning eng yaxshi va yagona usulidir.

Barcha ipoteka kreditlarining batafsil shartlari bilan Ipoteka kreditlari sahifasida tanishishingiz mumkin.

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish