Top.Mail.Ru

Ipoteka asoslari: kredit olishdan oldin bilish kerak bo'lgan barcha jihatlar

Ipoteka nima? Ipoteka - bu ko'chmas mulk sotib olish uchun bankdan olinadigan va shu mulk bilan ta'minlangan qarz mablag'lari.

Ipoteka asoslari: kredit olishdan oldin bilish kerak bo'lgan barcha jihatlar

Odatiy kreditlardan farqli o'laroq:

  • ipoteka pastroq foiz stavkasi bilan uzoqroq muddatga berilishi mumkin;
  • qarz oluvchi sifatida shartlarga javob bergan holda ipoteka bo’yicha davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar va imtiyozli dasturlardan foydalanish mumkin.

 

Ipoteka haqida nimalarni bilish kerakligini batafsil ko'rib chiqamiz.

Bankka murojaat qilish va kvartirani qidirishni boshlashdan oldin, ipoteka mablag'lari yordamida ko'chmas mulkni sotib olish qanchalik oqilona yechim ekanligini baholash kerak.

Birinchi navbatda, quyidagi ro'yxat yordamida imkoniyatlaringizni tekshiring:

  1. Yaxshi kredit tarixi: boshqa kreditlar bo'yicha muddati o’tgan to’lovlar bo'lmagan, barcha qarz majburiyatlari o'z vaqtida bajarilgan.
  2. Moliyaviy yukning normal darajasi. O'z daromadingizning 40-50% dan ko'prog'i barcha kreditlar, shu jumladan kelajakdagi ipoteka bo'yicha oylik to'lovlarni amalga oshirishga sarflanishi kerak. Agar bu ko’rsatkich ko'proq bo'lsa, bank, ehtimol, kreditni rad etadi yoki kichikroq miqdorda olishga ruxsat beradi.
  3. Siz sotib olishni rejalashtirgan uy-joy narxining 15% miqdorida dastlabki to'lov uchun jamg'arma mavjud. Dastlabki to‘lovsiz ipoteka olish mumkin emas. Dastlabki to'lov bank uchun qarz oluvchi barcha kredit majburiyatlarini bajarishiga kafolat bo'lib xizmat qiladi.
  4. "Moliyaviy xavfsizlik yostig'i"ngiz mavjud bo'lib, u moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelsangiz yoki ish yo'qotsangiz uch yoki to'rt oylik to'lovlaringizni amalga oshirish uchun yetarlidir.

Agar yuqoridagi fikrlardan birginasiga ham javob salbiy bo'lsa, ipotekaga murojaat qilishdan avval moliyaviy ahvolingizni mustahkamlash uchun chora ko’rish haqida o'ylashingiz kerak. Birinchidan, bu bankning rad etish ehtimolini kamaytiradi va qulay ipoteka kreditini olishga yordam beradi. Ikkinchidan, kelajakda iqtisodiy beqarorlik paytida sizni himoya qiladi.

Ipotekani kimlar olishi mumkin?

18 yoshdan 65 yoshgacha bo'lgan fuqarolar ipoteka olishlari mumkin (ba'zi banklarda 21 yoshdan).

Potentsial qarz oluvchi uchun quyidagilar muhim:

  • • barqaror daromad va oxirgi ish joyidagi ish staji;
  • • kredit tarixi;
  • • salomatlik holati;
  • • oilaviy ahvol.

 

Shundan kelib chiqqan holda, bank ipoteka krediti berilishi imkoniyati, uning miqdori va muddati to'g'risida qaror qabul qiladi. Har bir bankning qarz oluvchilar uchun o'z talablari bor, ular bilan oldindan tanishish kerak.

Kreditni qancha miqdorda olish mumkin?

Ipotekaning mumkin bo'lgan maksimal miqdori bank tomonidan arizachining daromadi va moliyaviy yuk darajasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi bo‘yicha imtiyozli stavkali ipoteka kreditining summasi quyidagilardan iborat:

  • • Toshkent shahri uchun 416,50 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlar uchun 327,25 mln.so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda.

 

Ipoteka kreditining ruxsat etilgan maksimal miqdori uy-joy sotib olish uchun yetarli bo'lmasa, qanday qilib imtiyozli stavka bo'yicha ipoteka olish mumkin?

Ba'zi banklarda davlat dasturlarining imtiyozli shartlari va banklarning standart shartlari yoki ishlab chiqaruvchining takliflarini o'z ichiga olgan birlashtirilgan ipoteka olish mumkin. Masalan, Orient Finans Bankda bu kabi ipoteka kreditini rasmiylashtirish mumkin. Bunda, 416,5 million so‘mgacha bo‘lgan kredit miqdori uchun foiz stavkasi imtiyozli ipoteka bo‘yicha hisoblanadi, qolgan qismi uchun esa bankning tijorat stavkasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Ipoteka kreditini qancha muddatga olish foydaliroq?

Aksariyat banklar 20 yilgacha bo'lgan ipoteka kreditlarini taklif qiladi. Kredit muddati qanchalik uzoq bo'lsa, oylik to'lov shunchalik past bo'ladi, lekin foizlar bo’yicha qo’shimcha to'lov shunchalik yuqori bo'ladi.

Biroq, bu yerda foyda mavhum tushuncha bo'lib, u har bir qarz oluvchining joriy moliyaviy imkoniyatlari bilan belgilanadi.

  • • Agar siz katta har oylik to'lovga tayyor bo'lsangiz, yetti yildan sakkiz yilgacha ipoteka oling.
  • • Agar unday bo'lmasa, qulay to'lov bilan uzoqroq muddatga ipoteka olishingiz kerak. Sizning daromadingiz oshgani sayin, siz asosiy qarzni muddatidan oldin to’lashingiz mumkin bo'ladi va natijada foiz to'lovlari kamayadi.

 

Agar imtiyozli past foizli ipoteka haqida gapiradigan bo'lsak, 20 yillik muddat bu juda oqilona davrdir.

Dastlabki to'lov talab qilinadimi?

Ko'pchilik dastlabki to'lovsiz ipoteka krediti bilan kvartira sotib olish mumkinmi, degan savolga qiziqadi. Yo’q, mumkin emas. Ipoteka uchun dastlabki to'lov talab qilinadi. Agar moliyaviy ahvolingiz imkon bersa, iloji boricha ko'proq dastlabki to'lovni amalga oshirish tavsiya etiladi. Bu bank tomonidan qulayroq kreditlash shartlari taklif qilinishiga asos bo’ladi.

Ipoteka bilan qanday ko'chmas mulk sotib olish mumkin?

Eng mashhur savollardan biri: Men dala hovli sotib olish uchun ipoteka olmoqchiman, bu mumkinmi?

Ipoteka krediti bilan siz nafaqat yangi yoki ikkilamchi uy-joy, balki xususiy uy ham sotib olishingiz mumkin. Biroq, bu tanlangan kredit dasturiga, shuningdek, har bir bankning shartlariga bog'liq.

Avval nima qilish kerak: uy-joy qidirish yoki bankka murojaat qilishmi?

Avvalo, qancha miqdorda kredit olishingiz mumkinligi, daromadingizning yetarliligi, dastlabki to'lovning taxminiy miqdori, kelajakdagi ipoteka bilan bog’liq xarajatlar va hokazolarni tushunish uchun bankdan maslahat olish tavsiya etiladi. Shundagina siz o'zingizga ham, bank talablariga ham mos keladigan uy-joy variantlarini qidirshingiz mumkin bo’ladi.

Uy-joyni sug'urtalash kerakmi?

Ipoteka krediti hisobiga ko’chmas mulk sotib olayotganda uy-joy sug'urtasi majburiy shartdir. Bu ham bank uchun o'ziga xos kafolatdir, chunki siz ipotekani to'liq to'lamaguningizcha mulk unga garovda bo'ladi.

Shunday qilib, ipoteka krediti bilan bog’liq mavzusini hali uzoq davom ettirish mumkin, chunki ipoteka kreditining ko’p jihatlari va xususiyatlari mavjud. Ko'plab fuqarolar uchun ipoteka krediti uy-joyga ega bo’lishning yagona imkoniyatidir. Shuning uchun ipotekadan qo'rqmang – kredit olishga to’g’ri yondashgan holda, ya’ni uning barcha nuanslarini hisobga olib va o'z imkoniyatlaringizni haqiqatan to’g’ri baholagan holda ipoteka kreditini rasmiylashtirishingiz, uy-joyga ega bo’lishingiz va kreditni to’liq va o’z vaqtida qaytarishingiz mumkin.

O'zbekiston banklarida mavjud barcha ipoteka kreditlari shartlari bilan Ipoteka krediti sahifasida tanishishingiz mumkin.

15:46 • 09 November, 2023
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish