Ma'lumki, bank bilan kredit shartnomasini tuzilayotganda ko'p hollarda muhim shartlardan biri garovni sug'urta qilish hisoblanadi.
Bu ko'proq avtokredit va ipoteka kreditlariga taalluqlidir, chunki ushbu turdagi kreditlarni berishda garov ta'minotini taqdim etilishi majburiy talab hisoblanadi.
Albatta, shu yo‘l orqali bank kredit qaytmasligi va foizlar to‘lanmasligi xavfini minimallashtirishga harakat qilayotgani mantiqan to‘g‘ri. Biroq, ko'pincha, kredit shartnomalarini tuzayotganda, bank iste'molchiga ushbu bank tomonidan akkreditatsiya qilingan sug'urta kompaniyalari – bankning "hamkorlari"dan birini tanlashga majbur qiladi. Odatda bankda bunday sug'urta kompaniyalar soni unchalik ko'p bo’lmaydi va ular taklif qilayotgan sug'urta shartlari bugungi kundagi sug'urta bozorining eng qulay va jozibador shartlari ham emas, natijada qarz oluvchiga kreditning yuqori foiz stavkalaridan tashqari yana qo’shimcha katta xarajatlar yuklanadi.
Bankning bunday talablari Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi Nizom shartlariga zid keladi. Ushbu Nizomga ko’ra, bank qarz oluvchining yoki garovga qo‘yuvchining sug‘urta kompaniyasi va baholovchini tanlash huquqini cheklamaydi.
Bundan tashqari, bankning bunday talablari “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalariga ham ziddir. Ushbu qoidalarga ko‘ra, iste’molchi jamoat ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqariladigan, amalga oshiriladigan yoki taqdim etiladigan tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni erkin tanlash huquqiga ega.
Bundan kelib chiqadiki, agar bank tomonidan akkreditatsiya qilingan sug'urta kompaniyalaridan birortasining shartlari qarz oluvchini qoniqtirmasa, u bunday kompaniyalarning xizmatlaridan voz kechishga va boshqa shartlari mos keladigan sug'urta kompaniyasini tanlashga to'liq haqli.
Biroq, mijoz bank tomonidan tavsiya etilgan sug’urta kompaniyasini tanlashining ijobiy tomonlari ham bor: odatda bank sug’urta kompaniyasining agenti sifatida ishlaydi va qarz oluvchi bilan bevosita kredit berish vaqtida sug’urta shartnomasini tuzishi mumkin. Bunday hollarda hujjatlarni imzolash uchun sug'urtalovchining ofisiga borish kerak emas. Bu esa o’z navbatida kredit berish jarayonini tezlashtirishga yordam beradi. Bundan tashqari, bugungi kunda sug'urta kompaniyalarining shartlari bir-biridan unchalik farq qilmaydi. Shuning uchun, agar qarz oluvchi o'z vaqtini qadrlasa, boshqa sug'urta kompaniyasini qidirmasa ham bo’ladi, bankning taklifiga rozi bo'lish to’gri qaror bo’ladi. Har qanday holatda ham tanlov mijozning o’ziga bog’liq bo’ladi.
Depozit.uz saytining Sug'urta sahifasida jismoniy shaxslar uchun sug'urta kompaniyalari mahsulotlari bilan tanishishingiz mumkin.