Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4701-son qaroriga muvofiq Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida joriy etilgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kreditlarni ajratish tartibi barcha hududlarda joriy etilgan.
• kreditlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda 500 ta, jami 6 500 ta yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ajratiladi;
• kreditlar ipoteka kreditining eng ko‘p miqdorlaridan oshmaydigan va dastlabki badali yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, 6 oylik imtiyozli davr bilan 20 yil (yigirmanchi yilni ham qo‘shgan holda) muddatga ajratiladi;
• kreditlar qurilish materiallarini sotib olish va yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlarini amalga oshirish bo‘yicha xarajatlarni qoplashga beriladi. Bunda, qurilish ishlari qonun hujjatlariga muvofiq qarz oluvchining o‘z kuchi bilan, xususiy pudrat tashkilotlarini yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yollanma ishchilarni jalb etgan holda amalga oshirilishi mumkin;
• kreditlar bo‘yicha ta’minot sifatida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joy garovi yoki boshqa ta’minot turlari taqdim etiladi;
• agar qarz oluvchi tomonidan kredit olish vaqtida boshqa ta’minot turi taqdim etilgan bo‘lsa, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi (rekonstruksiya qilinishi) yakunlanib kadastr hujjatlari rasmiylashtirilganidan so‘ng, kredit bo‘yicha ta’minot ushbu uy-joyning ipotekasiga almashtiriladi;
Kreditni olish uchun talab etiladigan hujjatlar:
- Qarz oluvchi/birgalikda qarz oluvchi pasportining (harbiy guvohnoma) nusxasi;
- Qarz oluvchi/birgalikda qarz oluvchining moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar;
- Yakka tartibdagi uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda boshlang‘ich badal mablag‘larini shakllantirilganligini tasdiqlovchi xujjat;
- Pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma;
- Yakka tartibdagi uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) uchun yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqini tasdiqlovchi xujjat;
- Loyiha-smeta hujjatlari;
Eslatma!
Ushbu kreditni olish uchun fuqaro:
• 18 yoshga toʼlgan va 60 yoshdan oshmagan;
• O'zbekiston Respublikasi Fuqarosi bo’lishi shart.