Top.Mail.Ru

Xalqaro plastik kartalar: xususiyatlari, qulayliklari va turlari

Millionlab odamlar kundalik hayotda Visa va Mastercard kabi xalqaro bank kartalaridan keng foydalanadi.

Xalqaro plastik kartalar: xususiyatlari, qulayliklari va turlari

Ular qulay, ishlatilishi oson, jamg'armalarning yuqori darajadagi himoyasini ta'minlaydi va har xil turdagi to'lov operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi. Bu kartalar qanday ishlaydi va qaysi karta qaysi maqsad uchun mos kelishini ushbu materialda ko’rib chiqamiz.

Avvalo, xalqaro kartalar ular chiqarilgan to'lov tizimlariga ko’ra farqlanadi. Oddiy qilib aytganda, to'lov tizimi elektron to'lovlarni qayta ishlovchi moliyaviy kompaniyadir (odatda transmilliy korporatsiya). Uning logotipi kartaning old tomonining pastki o'ng burchagida joylashadi.

Dunyodagi eng yirik protsessing kompaniyalari bo’lib Visa, Mastercard, American Express va Xitoyning UnionPay tizimlari hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Visa, Mastercard va UnionPay mavjud. Eng mashhurlari Visa va Mastercarddir. Ushbu kartalarni imkoniyatlari va afzalliklari nuqtai nazaridan ko'rib chiqamiz.

Qaysi to'lov tizimi yaxshiroq - Visa yoki Mastercard?

Ikkala to'lov tizimi - Visa va Mastercard - dastlab AQShda paydo bo'lgan. Oddiy iste'molchi uchun ular orasida unchalik katta farq yo'q. Ikkala tizimning kartalari deyarli butun dunyoda qabul qilinadi, ular o'xshash xizmatlarni, sodiqlik dasturlarini va xizmat narxlarini taqdim etadi.

Visa xalqaro to'lov tizimi qanday ishlaydi?

Visa xalqaro to'lov tizimi tomonidan xizmat ko'rsatadigan bank kartalari dunyoda juda mashhur. Bugungi kunda bu eng ko'p ishlatiladigan plastik karta bo'lib, u orqali deyarli hamma narsa uchun hamma joyda to'lash mumkin. Boshqa analoglari singari, Visa kartasi asosan naqd pulsiz to'lovlar uchun mo'ljallangan.

Yarim asrdan ko'proq vaqt oldin (1956) VISA loyihasi Bank of America moliyaviy instituti tomonidan Kaliforniyada BankAmericard deb nomlangan kredit kartalarining chiqarilishi munosabati bilan boshlangan. Keyinchalik (1976) xalqaro IBANCO kompaniyasi Visa International kompaniyasiga aylandi. BankAmericard emitentlarining milliy assotsiatsiyasi ham o'z nomini Visa USA ga o'zgartirdi.

Visa karta egalari tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlarni qayta ishlash boʻyicha global tarmoq moliyaviy institutlar va koʻplab kommunikatsion aloqalarining murakkab tizimidir. Ushbu toʻlov kartalari boʻyicha tranzaksiyalarni qayta ishlash boʻyicha moliyaviy tarmoq xalqaro toʻlov tizimiga 160 turdagi jahon valyutalarida sekundiga 3750 ga yaqin tranzaksiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Hozirgi vaqtda Visa International xalqaro to'lov kartalari tizimi 21 000 dan ortiq moliya institutlarini o'z ichiga olgan assotsiatsiyaga aylandi. Ushbu kompaniyaning asosiy vazifalari to'lov tizimining raqobatbardoshligini oshirish va uning rentabelligini oshirishdan iborat. Mahalliy banklarimiz ushbu xalqaro tizim bilan ishlagan holda Visa plastik kartalarining bir nechta turlarini, xususan, Classic, Gold, Platinum, Infinite va boshqalarni taklif qilmoqda.

MasterCard xalqaro to'lov tizimi va uning ishlash qoidalari

MasterCard loyihasi o'tgan asrning 40-yillari oxirida, ba'zi Amerika banklari mijozlarga mahalliy chakana savdo nuqtalarida o'z egasining xaridlari uchun to'lovni amalga oshirishda bank kafolati (bizning plastik kartalarimizga o'xshash) bo'lgan maxsus to'lov hujjatini berishni yo’lga qo’ygan paytda boshlangan. Biroz vaqt o'tgach (70-yillarda) ICA tizimining o'tmishdoshi MasterCard International deb nomlandi.

1988 yilda kompaniya EuroCard International guruhi bilan mashhur hamkorlik shartnomasini tuzdi. Mazkur qaror MasterCard xalqaro to‘lov tizimi ishtirokchilari sonini sezilarli darajada oshirish va plastik kartochkalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish imkonini berdi va bu uning Yevropa davlatlari va dunyoning boshqa mintaqalarida raqobatbardoshligini mustahkamladi.

Bugungi kunda MasterCard ofislari va doimiy filiallari dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritib, asosiy moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha xalqaro to‘lov kartalari tizimlari reytingida ikkinchi o‘rinni mustahkam egallagan.

Asosan, Visa va Mastercard o'rtasidagi farq ulardan chet elda foydalanganda paydo bo'ladi. Mastercard Yevropa bozorida ko'proq ishlashi sababli, ushbu tizimda to'lovlar uchun asosiy valyuta yevro hisoblanadi. Shuning uchun, Yevropada ushbu kartalar bilan to'lash yaxshiroq, deb hisoblanadi. Ammo Visa to'lov tizimi uchun asosiy valyuta AQSh dollaridir, ya'ni u AQShda to'lovlarni amalga oshirishda qulayroqdir. Yevropada Visa karta orqali to'lovlarini amalga oshirganda bank ikki marta valyuta konvertatsiyasini amalga oshirishi va natijada ikki baravar ko’proq komissiya olishi mumkin – bu jihatlarni sayohatdan oldin tekshirish maqsadga muvofiqdir.

Union Pay International kompaniyasi va uning imkoniyatlari

Xitoy va hozirda esa xalqaro to'lov tizimiga aylangan UnionPay 2002 yilda tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda ushbu to’lov tizimidagi kartalar dunyoning 180 ta davlatida to'lov uchun qabul qilinadi. Hozirda 197 ta davlat mavjudligini inobatga olsak, Xitoyning UnionPay International kompaniyasi oʻz xizmatlari bilan butun dunyo davlatlarining 91 foizini qamrab olgandir.

Ushbu kompaniyaning reklamalari shuni ko'rsatadiki, masalan, Italiyada UnionPay kartalari ushbu mamlakatdagi eng yirik banklarning 50% bankomatlari tomonidan qabul qilinadi, Gretsiyada esa mahalliy savdo nuqtalarining 95 foizida ular orqali xaridlar uchun to'lash mumkin.

Biroq UnionPay plastik karta egalarining bergan xulosalari shuni ko'rsatadiki, ba'zida chet elda ushbu kartalardan naqd pulni yechish yoki to’lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Ba'zi mamlakatlarda ushbu to’lov tizimidagi kartalarni faqat bir nechta banklar va chakana savdo tarmoqlari qabul qiladi. Tegishli stiker bilan do'kon yoki bankomatni topish uchun ko'p vaqt ketadi. Do'konning kassasida tegishli belgi bo'lsa ham, to'lov operatsiyasi o'tmasligi mumkin. Xuddi shu holatlar xorijiy onlayn-do'konlarda va onlayn-servislarda to'lovni amalga oshirishda ham paydo bo'lishi mumkin (tizim xato xabarini ko'rsatadi va to'lov amalga oshirilmaydi).

Karta qaysi holatlarda aniq ishlashi yoki ishlamasligini aniqlash uchun faqat uni ishlatib ko’rish kerak. Shu sababli, UnionPay kartalarini Visa va MasterCard kartalarining to'liq o'rnini bosuvchi karta deb atash hali ham qiyin.

Depozit.uz saytida Debet kartalar sahifasida O‘zbekistonda mavjud barcha debet kartalar shartlari bilan tanishishingiz mumkin.

19:14 • 17 October, 2023
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish