Virtual karta - bu faqat Internetda xaridlar va to'lovlarni amalga oshirish uchun mo'ljallangan karta.
Virtual bank kartasi, aslida, oddiy kartalardan deyarli farq qilmaydi. Bunday kartalarning plastik ko’rinishi bo’lmaydi va ular onlayn to'lovlar uchun mo'ljallangan. Kartaning barcha boshqa funktsiyalari saqlanib qoladi: to'lovlar va pul o'tkazmalarini amalga oshirish, boshqa shaxslardan karta hisobiga pul qabul qilish va hokazo.
Virtual kartalarning xususiyatlari
Odatda virtual karta asosiy kartaga qo'shimcha ravishda chiqariladi, ammo alohida faqat virtual kartalarni taqdim etadigan banklar ham mavjud. Ko'p hollarda onlayn kredit olish uchun virtual karta ochish talab etiladi.
Har bir virtual kartada asosiy parametrlar mavjud: karta raqami, amal qilish muddati, foydalanuvchi ismi, uch xonali CVV2 yoki CVC2 kodi.
O‘zbekistonda virtual kartalar HUMO to‘lov tizimi tomonidan so‘mda, Visa yoki MasterCard xalqaro to‘lov tizimlari tomonidan dollarda ham chiqariladi. Virtual kartalar banklarning mobil ilovasida chiqariladi, bundan tashqari, bugungi kunda PAYME va CLICK to‘lov tizimlari ayrim banklar bilan hamkorlikda ushbu ilovalarda virtual kartalarni ochish imkoniyatini taqdim etmoqda.
Bunday kartalar hisobidagi pul miqdori odatda cheklangan bo’ladi. Shu sababli, kartadan onlayn to'lovlar va xaridlar uchun xavfsiz foydalanish mumkin: siz asosiy kartadan ma'lum miqdorni virtual kartaga o'tkazasiz va tovar yoki xizmat uchun to'laysiz. Shunday qilib, siz asosiy bank kartasining rekvizitlarini hech qayerda qoldirmaysiz.
Virtual kartaning afzalliklari:
Onlayn to'lovlarni yanada xavfsizroq amalga oshirish uchun turli xil xaridlar uchun bir nechta virtual kartalarni chiqarish mumkin. Bundan tashqari, virtual karta bilan notanish odamlardan pul o'tkazmalarini qabul qilish ham ancha ishonchli.
Virtual kartalarning kamchiliklari
Bunday kartalarning kamchiligi deyarli yo’q. Faqatgina toʻlov va oʻtkazma limitlarining mavjudligidir, ammo xavfsizlik birinchi oʻrinda boʻlganda, bunday cheklovlar ahamiyatga ega bo’lmaydi.
Bundan tashqari, kimdir cheklangan amal qilish muddatini kamchilik sifatida ko’rsatishi mumkin. Ammo virtual karta bir necha daqiqada chiqariladi, shuning uchun belgilangan muddatdan keyin tezda yangisini chiqarishingiz mumkin.
Oxirgi kamchilik biroz muhimroq - bu bankomatlardan naqd pul olish va oddiy do'konlarda to'lashning iloji yo'qligi. Ammo savdo nuqtasi POS-terminal bilan jihozlangan bo'lsa, to'lash uchun unga virtual kartali smartfonni qo’yish kifoya bo’ladi.
Bugungi kunda quyidagi banklarning mobil ilovalari orqali virtual karta ochish mumkin:
Bank | Karta turi | Ochish narxi | Depozit | |
1. | O‘zmilliybank | HUMO Virtual | Bepul | - |
Visa Virtual (USD) | 10 000 | 5 USD / 50 000 so’m | ||
Mastercard Virtual (USD) | Bepul | 5 USD | ||
2. | Asakabank | Mastercard Virtual | Bepul | 5 USD |
HUMO Virtual | Bepul | - | ||
3. | Aloqabank | Visa Virtual | Bepul | - |
HUMO Virtual | Bepul | - | ||
4. | Garant bank | HUMO Virtual | Bepul | - |
5. | Hamkorbank | Visa Virtual | Bepul | - |
6. | Ipak Yo‘li bank | Humo Virtual | Bepul | - |
Visa Virtual | Bepul | 5 USD | ||
Mastercard Virtual | Bepul | 5 USD | ||
7. | Ravnaq-bank | Humo Virtual | Bepul | - |
Visa Virtual | Bepul | 5 USD | ||
Mastercard Virtual | Bepul | 0.25 USD | ||
8. | Davr-bank | Humo Virtual | Bepul | - |
9. | ASIA ALLIANCE BANK | Humo Virtual | Bepul | - |
Mastercard Virtual | Bepul | - | ||
Visa Virtual | Bepul | - | ||
10. | Orient Finans bank | Mastercard Virtual | Bepul | - |
Visa Virtual | Bepul | - | ||
11. | Tenge Bank | Humo Virtual | Bepul | - |
12. | TBC Bank | Humo Virtual | Bepul | - |
Visa Virtual | Bepul | - | ||
13. | ANOR BANK | Mastercard Virtual | Bepul | - |
Barcha virtual kartalar va ularning shartlari bilan Debet kartalar sahifasida tanishishingiz mumkin.