Top.Mail.Ru

Xalqaro kartalardan naqd pul yechishda nima uchun komissiya to'lash kerak?

Xabaringiz bor, so‘nggi kunlarda bank yangiliklarida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri xalqaro kartalardan naqd pul yechib olishda komissiya joriy etilishi bo‘ldi.

Xalqaro kartalardan naqd pul yechishda nima uchun komissiya to'lash kerak?

Bir nechta banklar birin-ketin naqd pul yechib olish uchun komissiya joriy etilgani haqidagi xabarlarni e'lon qila boshladilar. Bu aholining noroziligiga sabab bo'ldi, ijtimoiy tarmoqlarda ham bu mavzuda ko'plab xabarlar qioldirildi. Albatta, mijozlarning noroziligi asosli – nega oddiy odamlar o‘z pullarini olish uchun komissiya to‘lashlari kerak?

So‘m plastik kartalardan naqd pul yechib olish uchun 1 foiz to‘lash kerakligiga ko‘pchilik ko‘nikib qolgan. Banklar bu 1% lik komissiya bankomatlar ishlashini ta’minlash va texnik xizmat ko’rsatilishi uchun zarur deb tushuntiradi. Lekin nima uchun xalqaro kartalardan naqd pul yechishda komissiya joriy qilish kerak edi?

Banklar, albatta, bu borada o'z tushuntirishlarini berdilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish maqsadida shunday qaror qabul qilingan. Xususan, Ipak Yo‘li banki o’z saytida bankning Visa/Mastercard/UnionPay kartalaridan, Ipak Yo‘li banki kassalari va bankomatlaridan va valyuta hisobvarag‘idan naqd pul yechib olishda, Ipak Yo‘li banki tizimi ichida mijozning karta raqamidan kelib tushgan pul mablag‘laridan 1% miqdorida komissiya joriy etilishi vaqtinchalik chora ekanligini ta’kidlab o’tdi.

So'nggi paytlarda pul o'tkazmalari tizimlari va ayirboshlash shaxobchalari orqali valyuta olishda muammolar kuchayishi natijasida ayrim banklarda naqd valyuta tanqisligi kuzatilmoqda. Shu sababli, mijozlar uchun naqd shaklda valyuta yechib olishning yagona bepul usuli valyutani xalqaro kartalardan yechib olish bo’lib qoldi, chunki bu bo’yicha komissiya va cheklovlar yo'q edi. Bu vaziyatdan birinchi navbatda valyuta spekulyantlari faol foydalana boshladi. Natijada, banklar naqd pul olish uchun komissiya belgilashga majbur bo'ldi.

Biroq bank mijozlari bo’lgan oddiy odamlar esa nima qilishi kerak? Bu kabi turli komissiyalarning joriy etilishi ohir-oqibatda aholini o'z jamg'armalari va boshqa mablag'larini bankka iloji boricha kamroq yo’naltirishiga olib keladi. Chunki komissiyalar barcha operatsiyalarni amalga oshirishda joriy etib borilayotgani uchun ularni chetlab ham o'tib bo'lmaydi. Komissiya:

  1. Bank kassasi orqali naqd ko’rinishda hisobraqamga kiritilgan chet el valyutasini yechib olish uchun ham;
  2. Mijozning hisobraqamiga naqd pulsiz shaklda, shu jumladan pul o'tkazmalari tizimlaridan kelib tushgan valyutani yechib olish uchun ham to’lanishi kerak.

Har safar mijoz bankdan o'z pulini bir qismini yoki hammasini yechib olishga qaror qilganda, bu pulning bir qismini yo'qotishga majbur bo'ladi. Oxir oqibat, bunday holat banklarga bo'lgan ishonchni yanada yo'qolishiga va odamlar pulni ko’proq uyda naqd shaklda saqlashni afzal ko'rishlariga olib keladi.

Bugungi kunda bir nechta banklar naqd xorijiy valyutani yechib olish uchun komissiyani hozircha joriy qilmagan:

  • Aloqabank;
  • Anor bank;
  • Asia Alliance Bank;
  • Hamkorbank;
  • Mikrokreditbank;
  • Orient Finans Bank;
  • O'zsanoatqurilishbank;
  • Qishloq Qurilish bank;
  • Xalq banki.

Albatta, barchamiz umid qilamizki, bu banklarning vaqtinchalik chorasidir. Ammo naqd pulsiz operatsiyalarni rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot va qora bozorga qarshi kurashish zarur bo‘lgan sharoitda bunday vaqtinchalik yechim ham aholi kayfiyatiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

19:06 • 02 August, 2022
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish