Top.Mail.Ru

Qanday daromad turlari qarzni to'lash uchun yechib olinishi mumkin emas?

Agar shaxs o'z qarzini ixtiyoriy ravishda to'lamasa, sud ijrochilari uning bank hisobvarag'idan pul mablag'larini majburan yechib olishlari mumkin. Biroq, daromadlarning ba’zilari faqat qisman yechilishi mumkin, ba’zilari esa umuman yechib olinishi mumkin emas. Bunday daromad qarzdorlik mavjud bo’lishidan qat'i nazar, odamning ixtiyorida qolishi kerak.

Qanday daromad turlari qarzni to'lash uchun yechib olinishi mumkin emas?

Demak, quyidagi holatlarni batafsil ko’rib chiqamiz:

  • Nima uchun sud ijrochilari fuqarolarning daromadlariga jarima solishlari mumkin;
  • Qarzni undirish jarayoni qanday amalga oshiriladi?
  • Ijtimoiy nafaqalar va qarzdorlarning ish haqi yechib olinishi qonun bilan qanday himoya qilinadi;
  • Bank xodimlari daxlsiz daromadni yechib olgan bo'lsa, qayerga murojaat qilish kerak.

Nima uchun sud ijrochilari fuqarolarning joriy hisobvarag'idan pul yechib olishlari mumkin?

Har bir fuqaro nafaqat huquqlarga, balki majburiyatlarga, shu jumladan moliyaviy majburiyatlarga ham ega. Agar bu majburiyatlar ixtiyoriy ravishda bajarilmasa, sud yuzaga kelgan qarzni undirish to'g'risida qaror qabul qilishi mumkin. Sud qarorlari sud ijrochilari tomonidan ijro etiladi.

Ular quyidagi qarzlarni majburiy undirishlari mumkin:

  • banklar va mikrokredit tashkilotlaridagi kreditlar;
  • aliment;
  • kommunal xizmatlar uchun to'lovlar;
  • soliqlar;
  • ma'muriy jarimalar;
  • sud qarorlari (masalan, boshqa shaxsning sog'lig'iga yetkazilgan zararni qoplash).

Sud ijrochilari qanday qilib qarzni undiradilar?

Birinchi navbatda, sud ijrochilari banklarga so'rov yuboradilar va qarzdorning hisobraqami bor-yo'qligini aniqlaydilar. Hozirgi kunda ko'pchilik hisobraqamlarga ega. Ish haqi, ijtimoiy nafaqalar, qarindoshlari va do'stlaridan pul o'tkazmalari va boshqalarni jismoniy shaxslarning hisobraqamlariga kelib tushadi.

Agar sud ijrochilari qarzdorning ma'lum bir bankdagi hisob raqamini topsalar, ular moliya muassasasiga pulni undirish yoki hisobraqamni hibsga olish to'g'risida qaror yuboradilar. Qonunga ko'ra, bank xodimlari sud ijrochisining qarorini bajarishlari shart.

Qarzdorlikni majburiy undirish qo'llanilganda, bank xodimlari qarzdorning hisobvarag'idan pulni yechib, sud ijrochilarining hisob raqamiga yuboradilar. Agar hisobraqamda mavjud bo'lgan summa qarz miqdoridan kam bo'lsa, qarz qoldig'i keyingi pul tushumlaridan yechib olinadi.

Ba'zida sud ijrochisining buyrug'i bilan banklar qarzdorning hisobvarag'ini hibsga oladi. Hibsga olingan pul bloklanadi. Bu pullar hech qayerga o’tkazilmaydi, lekin qarzdor shaxs ularni ishlata olmaydi. U hatto ularni balansida ham ko'rmaydi. Bu holat nizo hal etilgunga qadar davom etadi. Qarzni to'lagandan so'ng, sud ijrochisi bankka yangi qaror yuboradi va hibsga olish bekor qilinadi.

Qarzni to'lash uchun qanday daromad turlari yechib olinishi mumkin emas?

Biroq, qonunga ko'ra, bank xodimlari qarzdor shaxsning hisobidagi barcha pullarni ham sud ijrochilariga yuborishlari mumkin emas. Mablag'larning qayerdan kelganligini aniqlash juda muhimdir.

Bank mijozining joriy hisobvarag'iga tushadigan pul mablag'larini quyidagi guruhlarga bo'lish mumkin:

  • Joriy daromadlar. Bunga asosan ish haqi, pensiya va shunga o'xshash tushumlar tegishli.
  • Ijtimoiy daromad. Aksariyat hollarda bu aliment va davlatdan turli xil imtiyoz va nafaqa pullaridir.
  • Inson o'z sog'lig'iga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sifatida oladigan ijtimoiy to'lovlar. Masalan, agar fuqaro radiatsiya yoki texnogen falokatdan aziyat chekkan bo'lsa, shu kabi pullar to’lab beriladi.
  • Boshqa tushumlar. Banklar va davlat odatda bunday o'tkazmalarni shaxsning shaxsiy mablag'lari deb hisoblaydi. Bularga, masalan, qarindoshlar va tanishlardan pul o'tkazmalari, shuningdek, hisobvaraqqa naqd pul kirim qilish kiradi.

Ushbu turdagi tushumlarning har biri turli yo'llar bilan qarzni to'lash uchun yechib olinadi.

Ish haqi

Qarzni to'lash uchun shaxsning joriy daromadlaridan (ish haqi, pensiyalar va boshqalar) 50% dan ko'p bo'lmagan miqdorida ushlab qolinishi mumkin. Ammo, agar shaxsning voyaga yetmagan bolalari uchun aliment to'lash yoki boshqa shaxsning sog'lig'iga yetkazilgan zararni qoplash bo'yicha qarzi bo'lsa, uning maoshidan 70% gacha ham ushlab qolinishi mumkin.

Ijtimoiy to'lovlar

Qarzdor oladigan ijtimoiy to'lovlardan hech narsa ushlab qolishi mumkin emas. Ular qabul qiluvchiga to'liq miqdorda yetib borishi kerak. Bunday to'lovlarga aliment, boquvchisini yo'qotganlik nafaqasi, bolalar nafaqasi, nogironlik nafaqasi va boshqalar kiradi.

Biroq mustasno bo’lgan holatlar ham mavjud. Agar qarzdorlik aliment bo’yicha yoki boquvchisi yo’qotganlik sababli vujudga kelgan bo’lsa, ijtimoiy to’lovlar ham qarzni qaytarishga yo’naltirilishi mumkin. 

O'z mablag'lari

Jismoniy shaxsning hisobraqamiga kelib tushgan shaxsiy mablag'lari qarzni to'lash uchun to'liq yechib olinishi mumkin. Bularga naqd pul kirim qilinishi, qabul qilingan pul o'tkazmalari, omonatlar bo'yicha foizlar to'lanishi, keshbek va boshqalar kiradi.

Qarzdorlikni qaytarishga pullarni yo’naltirilishi bilan bog’liq bo’lgan quyidagi jihatlarni bilish muhim: 

  1. Qarzdor bo'lib qolgan shaxslarga olingan ish haqi yoki ijtimoiy nafaqalarni boshqa hisobraqamga o'tkazish tavsiya etilmaydi. Pul mablag'lari boshqa hisobraqamga o’tkazilgandan so'ng, bank dasturi ularni shaxsning shaxsiy puli sifatida tan oladi va kelib tushgan barcha pullar qarzni to'lash uchun yuborilishi mumkin.
  2. Qarzdor keyingi ish haqini olish kunidan oldin oldingi ish haqi qoldig'ini to’liq sarflashi kerak. Agar bunday qilmasa, bu pul qoldig’i shaxsiy mablag'lar toifasiga kiritiladi va ular qarzni yopish uchun to'liq yechib olinishi mumkin.

Agar bank qarzdorning daxlsiz pulini yechib olgan bo'lsa, nima qilish kerak?

Banklar amaliyotida ko'pincha xatolar yuzaga keladi. Ehtimol, pul jo'natuvchi tomon kerakli kodni ko'rsatmagan yoki bank dasturida nosozlik bo'lgan.

Bank noto'g'ri yechib olingan pulni qaytarib bera olmaydi. Bunday holda, jabrlanuvchi to'g'ridan-to'g'ri hisobraqam bo'yicha jazo tayinlagan sud ijrochisi bilan bog'lanishi kerak. Qarzdor sud ijrochisiga yechib olingan mablag'lar ish haqi yoki ijtimoiy nafaqa ekanligini hujjatlar bilan isbotlab berishi kerak. Buning uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:

  • ushbu hisobvarag'iga ish haqi to’lanishi to'g'risida ish joyidan ma'lumotnoma;
  • boquvchisini yo'qotganlik uchun nafaqa, bolalar nafaqasi yoki boshqa to'lovlarni olishi to'g'risida Pensiya jamg'armasi yoki ijtimoiy ta'minot organining hujjati;
  • aliment to'lanishi to'g'risidagi sud qarori.

Agar pul noto'g'ri yechib olingan bo'lsa, sud ijrochisi qarzdorga ushlab qolingan ish haqi yoki ijtimoiy nafaqalarni to'liq qaytarishi kerak.

Biroq, sud ijrochisiga pul noto’g’ri yechib olinganidan so’ng tezroq murojaat qilish kerak. Sud ijrochisi xizmatining hisobvaraqlaridagi pullar taxminan 5 kun davomida saqlanadi, so'ngra da’vogar hisobiga o'tkaziladi. Agar mablag'lar kreditorlarga o’tkazib yuborilsa, ularni qaytarib bo'lmaydi.

Amalda noto'g'ri yechib olingan pulni qaytarish qanchalik haqiqatga yaqin? Vaziyat har xil bo’ladi. Ba'zida sud ijrochilari muammoni tezda hal qilishadi va noqonuniy yechib olingan mablag'larni egasiga qaytaradilar. Ammo ko'pincha byurokratik jarayonlar tufayli pul da’vogar hisobiga o’tib ketadi va ularni qaytarish imkoniyati bo’lmaydi.

15:55 • 09 June, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish