Top.Mail.Ru

O’zbekistondagi elektron hamyonlar. Komissiyasiz o’tkazmalar!

Elektron hamyon nima, qandaylari bor va shartlari haqida

O’zbekistondagi elektron hamyonlar. Komissiyasiz o’tkazmalar!

Hozirgi kunda internetdan biror mahsulotni xarid qilish yoki xizmat uchun to’lovni amalga oshirish oddiy holga aylanib bormoqda. Bunda to’lov asosan bank kartalari orqali amalga oshiriladi. Biroq to’lovni amalga oshirishning yana bir usuli bor – bu elektron hamyonlar.

Elektron hamyon – elektron pullarni saqlaydigan va ular bilan internetdagi xaridlarni, xizmatlarni to’lash hamda bank kartasi yoki bank hisobiga o’tkazish yoki elektron pullarni naqdlashtirish imkonini beruvchi dasturiy ta’minotdir. 

ЮMoney, WebMoney va QIWI kabi xorijiy elektron hamyonlar haqida eshitgan bo’lishingiz mumkin. O’zbekistonda-chi? Yurtimizda ham elektron hamyonlar bormi? Albatta bor. Hatto bir nechta. Faqat ular alohida emas, mavjud to’lov ilovalariga qo’shimcha sifatida ishlaydi.

O’zbekistondagi elektron hamyonlarning afzalligi – bitta to’lov ilovasi doirasida o’tkazmalarni komissiyasiz ekanligida. Hatto jo’natuvchi/qabul qilivchi chet elda bo’lsa ham. Debet kartalardan farqli kamchiligi – xavfsizlik nuqtai-nazaridan belgilangan saqlash va o’tkazish mumkin bo’lgan summaga qo’yilgan cheklov borligidadir. Ilovada hamyon ochilganda avvaldan eng minimal imkoniyatlar taqdim qilinadi. Imkoniyatlarni kengaytirish yoki cheklovni olib tashlash uchun shaxsni tasdiqlash (identifikatsiya) jarayonidan o’tish kerak bo’ladi.

Keling O’zbekistondagi elektron hamyonlar va ularning shartlari bilan tanishamiz.

CLICK hamyon – bu CLICK to’lov ilovasida ochiladigan elektron hamyon. 

  • CLICK hamyonlar o'rtasida o'tkazma komissiyasi 0%.
  • CLICK hamyondan kartaga o'tkazish komissiyasi 1,5% (faqat Uzcard tizimidagi kartaga o'tkazish mumkin).
  • Kartadan CLICK hamyonga o'tkazish komissiyasi 0%.

CLICK hamyonni xalqaro kartalar (Visa, MasterCard) bilan ham to’ldirish mumkin.  CLICK hamyonning ikki turi mavjud: CLICK hamyon Light va CLICK hamyon Premium.

CLICK hamyon Light hisobida 5 BHM dan (ya’ni, 1 350 000 so'm, 1 BHM = 270 000 so'm) ortiq mablag' saqlash mumkin emas. Shuningdek bir oy davomida 5 BHM (1 350 000 so'm) dan ortiq pul o’tkazish ham mumkin emas.

CLICK hamyon Premiumda cheklovlar yo'q. Premium maqomini olish uchun CLICK hamyon foydalanuvchisi shaxsini tasdiqlash (identifikatsiya) jarayonidan o’tishi kerak. Buning uchun kompaniya ofisiga pasportning asli bilan kelib, CLICK hamyon raqami va CLICK hamyon ochayotganda kiritilgan, foydalanuvchining tug’ilgan kun sanasini aytish kerak bo’ladi. 

Payme Card – bu Payme to’lov ilovasida ochiladigan elektron hamyon. 

  • Payme Card hamyonlari o'rtasida o'tkazma komissiyasi 0%.
  • Payme Card hamyondan kartaga o'tkazish komissiyasi 1% (Uzcard va Humo tizimidagi kartalarga).
  • Kartadan Payme Card hamyonga o'tkazish komissiyasi 0%.

Payme Cardning ikki turi mavjud: identifikatsiyadan o'tmagan va identifikatsiyadan o'tgan.

Identifikatsiyadan o'tmagan Payme Card hisobida 5 BHM dan (1 350 000 so'm) ortiq mablag' bo'lishi va bitta o'tkazma 1 BHM dan ortiq (270 000 so'm) bo'lishi mumkin emas. 

Identifikatsiyadan o'tgan Payme Card hisobida 500 BHM dan (135 000 000 so'm) ortiq mablag' bo'lishi va bitta o'tkazma 100 BHM dan ortiq (27 000 000 so'm) bo'lishi mumkin emas. Identifikatsiyadan o'tish jarayoni ilova orqali amalga oshiriladi. Identifikatsiyadan o'tgan foydalanuvchi beshtagacha Payme Card hamyonini ochishi mumkin.

OSON hamyon – bu OSON to’lov ilovasida ochiladigan elektron hamyon. 

  • OSON hamyonlar o'rtasida o'tkazma komissiyasi 0%.
  • OSON hamyondan kartaga o'tkazish komissiyasi 2% (Uzcard va Humo tizimidagi kartalarga).
  • Kartadan OSON hamyonga o'tkazish komissiyasi 0%.
     

OSON hamyonni xalqaro kartalar (Visa, MasterCard, МИР) bilan ham to’ldirish mumkin. Shuningdek Paynet terminallari, Webmoney va QIWI elektron to’lov tizimlari orqali ham to’ldirish mumkin.

OSON hamyonning uchta turi mavjud: OSON hamyon Boshlang’ich, OSON hamyon Asosiy va OSON hamyon Professional. 

OSON hamyon Boshlang’ich hisobida 1 100 000 so'mdan ortiq mablag' bo'lishi va bitta o'tkazma 270 000 so'mdan ortiq bo'lishi mumkin emas. 

OSON hamyon Asosiy hisobida 54 000 000 so'mdan ortiq mablag' bo'lishi va bitta o'tkazma 3 000 000 so'mdan ortiq bo'lishi mumkin emas. Identifikatsiyadan o'tish jarayoni ilova orqali amalga oshiriladi.

OSON hamyon Professional hisobida 400 000 000 so'mdan ortiq mablag' bo'lishi va bitta o'tkazma 20 000 000 so'mdan ortiq bo'lishi mumkin emas. Professional maqomini olish uchun OSON hamyon foydalanuvchisi shaxsini tasdiqlash (identifikatsiya) jarayonidan o’tishi kerak. Buning uchun kompaniya ofisiga pasportning asli bilan kelish talab qilinadi. 

Apelsin hamyon – bu Apelsin to’lov ilovasida ochiladigan elektron hamyon. 

  • Apelsin hamyonlar o'rtasida o'tkazma komissiyasi 0%.
  • Apelsin hamyondan kartaga o'tkazish komissiyasi: Uzcard tizimidagi kartaga – 0,35%, Humo tizimidagi kartaga - 0%.
  • Kartadan Apelsin hamyonga o'tkazish komissiyasi: Uzcard tizimidagi kartadan – 0,3%, Humo tizimidagi kartadan - 0%.

Apelsin hamyonida saqlash va o’tkazish mumkin bo’lgan summaga cheklov qo’yilmagan. 

Hamyon ochish uchun Apelsin ilovasida shaxsni tasdiqlash (identifikatsiya) jarayonidan o’tish talab etiladi. Buning uchun Kapitalbank tomonidan chiqarilgan kartani ilovaga qo’shish kifoya. Agar Sizda Kapitalbank kartasi bo’lmasa, uni ilova orqali yetkazib berish xizmati bilan buyurtma qilishingiz mumkin.

Xulosa qiladigan bo’lsak, agar pullaringizni komissiyasiz o’tkazishni istasangiz, elektron hamyonlar ajoyib yechimdir!

13:14 • 13 October, 2021
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish