Top.Mail.Ru
05-April, 15:27 |  1,639

Kartadan kartaga pulni maksimal foyda bilan o'tkazing!

Bugungi kunda pul mablag'larini kartadan kartaga o'tkazish juda qulay va tezkor to'lov usuli bo'lib, bu turdagi pul o'tkazmalarining mashhurligi yil sayin ortib bormoqda.

Kartadan kartaga pulni maksimal foyda bilan o'tkazing!

Nazariy jihatdan, kartadan kartaga o'tkazmalar (boshqacha nomlari - p2p, card2card, c2c) bu bank kartasi ma'lumotlaridan foydalangan holda jismoniy shaxslar o'rtasida internet orqali pul o'tkazish usulidir. Pul o'tkazish uchun sizda bank kartasi bo'lishi kerak (va albatta unda pul ham bo’lishi kerak) va siz qabul qiluvchining karta raqamini bilishingiz kerak.

Kartadan kartaga pul o'tkazmalarining afzalliklari:

  • Pulni oluvchiga yoki pul o'tkazmalari tizimlarining filiallariga pulni yetkazib berishning hojati yo'q, ya’ni vaqtingiz tejaladi;
  • Xizmatlarning kechayu-kunduz 24x7 rejimda ishlashi;
  • Tez pul tushishi, 99% hollarda pul 1-2 daqiqada kelib tushadi.

Kamchiliklari:

  • O'tkazma uchun komissiya olinadi (o'rtacha 1,0%, lekin ba'zi banklar qaysidir yo’nalishlar bo’yicha komissiya olmaydilar, masalan, o'z kartalari o'rtasida o'tkazmalarda yoki boshqa bankning kartasidan o'z kartasiga pul o'tkazishda);
  • O'tkazmalar haqidagi ma’lumotlar kuzatilishi mumkin (masalan, soliq idoralari tomonidan);
  • Maksimal transfer limiti o’rnatiladi, odatda, bir oy uchun belgilanadi;
  • Bank tarafidagi texnik nosozliklar tufayli pul oluvchining kartasiga pul vaqtida tushmasligi ehtimoli mavjud va siz bank bilan muloqot qilish va pulingizni qidirishga vaqt sarflashga majbur boʻlasiz, bu jarayon uzoq davom etishi ham mumkin va bu vaqt davomida siz o'tkazilishi kerak bo’lgan summadan foydalana olmaysiz.

O‘zbekistonda kartadan kartaga o‘tkazmalarni amalga oshirish uchun eng mashhur mobil ilovalar bu Payme va Click bo‘lib, yuqorida aytganimizdek, ularning kamchiliklaridan biri har bir o‘tkazmadan 1% komissiya ushlab qolinishidir. Masalan, 1 mln. so’m o’tkazma uchun 10 000 so’m komissiya to’lash lozim.

Lekin ko’pchilik shuni bilmaydiki, kartadan kartaga pul o‘tkazmalarini tijorat banklarining mobil ilovalari, bir so‘z bilan aytganda, mobil banking yordamida ancha foydaliroq amalga oshirish mumkin. Bugungi kunda deyarli barcha banklar mobil banking xizmatlarini taqdim etmoqda.

Banklarning mobil ilovalari orqali kartadan kartaga o'tkazish ancha arzonroq amalga oshirilishi mumkin. Asosan, har bir o'tkazma uchun komissiya 0,5% ni tashkil qiladi. Bundan tashqari, ba'zi banklar aksiyalarni e'lon qiladilar va aksiya davomida pul o'tkazmalari uchun komissiya umuman olinmaydi.

Shunday banklardan biri bu Tenge Bank. Tenge24 mobil ilovasi orqali 2022-yilning 31-mayigacha barcha yo‘nalishlarda komissiyasiz pul o‘tkazish mumkin.

Davr Bankning Davr Mobile mobil ilovasi orqali ham siz barcha yo‘nalishlarda komissiyasiz pul o‘tkazmalarini amalga oshirishingiz mumkin.

Anor Bank oyiga 5 million so‘mgacha barcha yo‘nalishlarda komissiyasiz pul o‘tkazish imkoniyatini taqdim etadi. Undan ortiq summa uchun komissiya har bir transferdan 0,5% ni tashkil qiladi.

Apelsin bankining Apelsin ilovasi orqali minimal 0,35% komissiya bilan kartadan kartaga pul o'tkazish imkoni mavjud.

Boshqa banklarda kartadan kartaga pul o’tkazish komissiyasi asosan 0,5% ni tashkil qiladi. Ba'zi banklarda ma'lum yo'nalishlar uchun komissiya olinmaydi, masalan, ko’p banklar Humo kartalari o’rtasidagi o’tkazmalar uchun komissiya ushlab qolmaydi.

Shunday qilib, tijorat banklarining mobil ilovalaridan foydalangan holda, siz kartadan kartaga pul o'tkazishda komissiyalar hisobiga sezilarli darajada pulingizni tejashingiz mumkin.

Kartadan kartaga pul o'tkazmalari to'g'risida to'liq ma'lumotni To'lovlar sahifasidan olishingiz mumkin.

 Teglar

Pul o'tkazmalari

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish