Hozirgi vaqtda boshqa shaxs kartasiga pul o'tkazish odatiy va oson narsa bo’lib qolgan.
O’tkazmani bankning mobil ilovasi orqali plastik yoki virtual kartadan qabul qiluvchining kartasiga amalga oshirish mumkin. Butun operatsiya bir daqiqadan kam vaqt oladi. Bitta bank kartalari o’rtasida pul odatda komissiyasiz ham o'tkazilishi mumkin.
Biroq, bunday oddiy operatsiya bilan ham jiddiy qiyinchiliklar paydo bo'lishi mumkin. Ushbu maqolada biz quyidagi holatlarni ko'rib chiqamiz:
Demak …
Agar siz noto'g'ri kartaga pul o'tkazgan bo'lsangiz nima qilish kerak?
Kartadan kartaga pul o'tkazish uchun siz bir qator ma'lumotlarni ko'rsatishingiz kerak. Buning uchun siz juda ko'p raqamlarni - oluvchining karta raqami yoki uning telefon raqamini kiritishingiz kerak. Agar kamida bitta raqam noto'g'ri kiritilsa, pul boshqa odamga ketib qoladi.
Odatda bank bilan bog'lanib, noto'g'ri pul o'tkazmasini bekor qilishni va pulni jo'natuvchiga qaytarishni so'rash befoyda. Qonunga ko'ra, bank qabul qiluvchining roziligisiz pul o'tkazmasini bekor qilishga haqli emas.
Agar xato qilgan bo’lsangiz nima qilish kerak? Birinchidan, siz pul yuborgan odam bilan bog'lanishga harakat qilishingiz mumkin. Odatda pul o’tkazayotganda qo’shimcha ma’lumot kiritish yoki biror xabar yozish uchun ham joy ajratilgan bo’ladi. Xuddi shu rekvizitlardan foydalanib, siz boshqa kichik miqdorni (masalan, 1 000 so'm) yuborishingiz kerak va qabul qiluvchiga qisqa xabarda yuzaga kelgan vaziyatni aytib, qachon va qancha miqdorda pul o'tkazganingizni va qayta aloqaga chiqishi uchun telefon raqamingizni ko'rsating. Agar pulni qabul qilgan odam qayta aloqaga chiqsa, u bilan pulni qaytarish bo'yicha kelishib olish mumkin.
Agar pul mablag'larini qabul qilgan odam jabrlanuvchi bilan ixtiyoriy ravishda aloqaga chiqmasa, u holda pulni faqat sud orqali qaytarish mumkin bo'ladi. Sud, katta ehtimol bilan, noto'g'ri o'tkazilgan pul mablag'larini noqonuniy boyish sifatida qabul qiladi va pulni egasiga qaytarishga qaror qiladi.
To'g'ri, da'vo arizasida pulning haqiqiy oluvchisi javobgar sifatida ko'rsatilishi kerak. Lekin buni darhol qilish mumkin emas, chunki pul jo'natuvchi pulni qabul qilgan shaxsning shaxsiy ma'lumotlarini bilmaydi. Qabul qiluvchining ma'lumotlarini bilish uchun ichki ishlar bo’limiga boshqa birovning mulkini o'zlashtirish fakti bo'yicha ariza berishingiz kerak. Ichki ishlar xodimlari ushbu ariza bo'yicha tekshiruv o'tkazishi kerak, tekshiruv davomida ular pul oluvchining ismi, familiyasi va ro'yxatdan o'tgan manzilini bilib olishadi. Katta ehtimol bilan, ular unga qarshi jinoiy ish qo'zg'amaydilar, chunki pul qabul qilgan shaxs o’z xohishi bilan bu ishni qilmagan. Biroq, jabrlanuvchi ish materiallari bilan tanishish uchun ariza berishi mumkin. Shunday qilib, u pul qabul qilgan shaxsning shaxsiy ma'lumotlarini bilib olishi mumkin.
Yoki sudga da'vo arizasida jabrlangan shaxs javobgar sifatida pul qabul qiluvchining bankini ko'rsatishi mumkin. Bank nomini operatsiya tafsilotlarida topish mumkin. Keyin sud bankdan pul o'tkazmasi kimning nomiga kelganligi to'g'risida ma'lumot talab qiladi. Keyinchalik esa da'vo arizasi bo'yicha javobgarni almashtiradi. Oxir-oqibat, pulni qabul qilgan shaxs ixtiyoriy yoki majburiy ravishda sud qarorini bajarishi kerak bo’ladi.
Pulni sud orqali qaytarish uchun bir necha oy (olti oydan bir yilgacha) kerak bo'lishi mumkin. Shuning uchun, pul o'tkazmalarini amalga oshirishda mablag'ni yo'qotmaslikning eng oson yo'li pul jo'natishdan oldin kiritilgan ma’lumotlarni diqqat bilan tekshirishdir. Yordam sifatida bank ilovasida odatda jo'natuvchiga pul mablag'larini oluvchining ismini, otasining ismini va familiyasining birinchi harfi ko'rsatiladi. Pul o'tkazish operatsiyasining o'zi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi navbatda ma'lumotlarni kiritiladi va "Yuborish" tugmasi bosiladi. Keyin u ma'lumotlar tekshirilib, "Tasdiqlash" tugmasi bosiladi.
Agar pul o'z manziliga ketayotganiga ishonchingiz komil bo'lsa, operatsiyani tasdiqlang. Agar xato topsangiz, orqaga qayting va o’tkazma shaklidagi kerakli maydonlarni boshidan to'ldiring.
Pul o'tkazmasi bloklangan hisobraqamga yetib boradimi?
Ba'zi hollarda banklar o'z mijozlarining hisobraqamlarini bloklaydi. Bunday holda, mijoz hisobraqamda saqlangan pul mablag'laridan foydalanish imkoniyatini vaqtincha yo'qotadi (xaridlar uchun to'lash, naqd pul olish, boshqa shaxslarga pul o'tkazish).
Agar shaxs ushbu hisobga bog‘langan kartaning PIN kodini ketma-ket 3 marta noto‘g‘ri kiritsa, bank hisobni bloklashi mumkin. Yoki bank shaxsni noqonuniy tijorat faoliyatida, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda, pul mablag‘larini noqonuniy naqd qilishda, terrorizmni moliyalashtirishda va boshqa noqonuniy faoliyatda gumon qilgan taqdirda hisobraqam bloklanishi mumkin. Bunday holda, blokirovka mijoz o'z faoliyati noqonuniy emasligini hujjatlar bilan tasdiqlamaguncha davom etadi.
Sud ijrochisi xizmatining iltimosiga binoan ham shaxsning bank hisobvarag'i bloklanishi mumkin. Bunday cheklovlar bank mijozi sud qarorini bajarib, qarzlarini to‘laganidan keyin bekor qilinadi.
O'tkazma bloklangan hisobga kelishi mumkinmi? Ha. Biroq, odam bu mablag'lardan foydalana olmaydi. Bank cheklovlarni olib tashlagandan so’ng mablag’lardan foydalanish mumkin bo’ladi.
Agar sud ijrochilarining buyrug'i bilan hisobvaraqqa jarima qo'llanilsa, boshqacha vaziyat yuzaga keladi. Bunday holda, banklar mijozning hisobvarag'idagi mablag'larni yechib oladi va qarzni to'lash uchun sud ijrochilariga yuboradi.
Shu bilan birga, banklar ijtimoiy yordam sifatida olingan pul mablag'larini (bolalar nafaqasi, boquvchisini yo'qotganlik pensiyasi, alimentlar va boshqalar) yechib olishga haqli emas.
Ammo boshqa shaxsdan o'tkazma sifatida kelgan pul qarzdorning shaxsiy mablag'lari hisoblanadi. Bu mablag’ hisobraqamga kelib tushadi, lekin darhol sud ijrochilariga yuboriladi. Jarima olib tashlanganidan keyin ham bu pul qaytarilmaydi.
Agar sizga noto'g'ri o'tkazilgan pulni qaytarmasangiz nima bo'ladi?
Endi sizga noto'g'ri yuborilgan pul o'tkazmasi bilan bog’liq vaziyatni ko'rib chiqamiz. Pul kartangizga boshqa odamning xatosi natijasida kelib tushgan. Qabul qilingan mablag'ni qaytarmaslik mumkinmi?
Yo'q. Agar xatoga yo'l qo'ygan shaxs sudga murojaat qilsa, sudya bu pul miqdorining o'zlashtirilishini noqonuniy boyish vositasi deb tan oladi. Sud qarori bilan siz olingan pulni qaytarishingiz kerak bo'ladi. Yoki ular sizdan zo'rlik bilan qaytarib olinadi.
Noto'g'ri o'tkazilgan pul mablag'larini jo'natuvchiga qanday qaytarish kerak? Eng yaxshi usul - bank bilan bog'lanib, vaziyatni tushuntirish va jo'natuvchining rekvizitlari bo’yicha pulni qaytarishni so'rashdir. Ushbu savol bilan siz bankka masofadan turib - qo'llab-quvvatlash markazi raqamiga qo'ng'iroq qilish orqali murojaat qilishingiz mumkin. Kredit tashkiloti murojaatni ko'rib chiqishi va mablag'larni qaytarishi uchun taxminan 3-4 kun ketadi.
Agar pul o'tkazmasini jo'natuvchi shaxs sizdan pulni qaytarishni so'rasa, nima qilish kerak? Bunday holda, bank xodimlarining yordami bilan pulni qaytarish yaxshiroqdir. Gap shundaki, notanish odamlarga bunday "o'tkazmalar" firibgarlar tomonidan ham yuborilishi mumkin. Shu orqali ular o'zlarining jinoiy sxemalariga begona odamlarni jalb qilishadi.
Masalan: firibgar internet orqali bir kishiga biror narsani sotgan va to'lov usuli sifatida begonaning bank kartasi ma'lumotlarini ko'rsatgan. Natijada, xaridor ushbu shaxsga pul o'tkazadi va keyin firibgarlar pulni oluvchi bilan bog'lanib, tasodifan unga pul o'tkazmasini amalga oshirganliklari haqida xabar berishadi. Ular sizdan noto'g'ri o'tkazilgan mablag'larni qaytarishingizni so'raydi, lekin boshqa rekvizitlarni beradi.
Natijada, va'da qilingan tovarni olmagan xaridor pulni qabul qiluvchiga da'vo qiladi. Chunki pulni u shu odamga o’tkazgan bo’ladi va pul o‘tkazmasini olgan fuqaro pulni qaytarishga majbur bo‘ladi. O'z mablag'larini esa tajribali firibgarlardan qaytarishi kerak bo'ladi, buni qilish juda qiyin.
Shunday qilib, kartadan kartaga pul o’tkazayotganda maksimal darajada e’tiborli bo’lish kerak. Ketgan pulni qaytarish har doim qiyin bo’ladi.
Pul o'tkazmalarini maksimal foyda bilan amalga oshirish uchun batafsil ma'lumotni To'lovlar sahifasidan olishiningiz mumkin.