Top.Mail.Ru
01-November, 11:57 |  5,402

Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun imtiyozli kredit beriladimi?

Kimlar nogironligi bo'lgan shaxs hisoblanadi? Ularga imtiyozli kredit ajratiladimi? ijtimoiy yordam, soliq imtiyozlari va qo'shimcha kafolatlar beriladimi?

Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun imtiyozli kredit beriladimi?

“O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxslar nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topiladi.

Nogironlar uchun alohida tijorat kredti ajratilishi qonunchilikda belgilanmagan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha kafolatlar:

I va II guruh nogironi bo‘lgan xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘i holati, mehnatning shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va o‘zga holatlarni inobatga olib, mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga binoan mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordamning quyidagi turlari ko‘rsatiladi:

•  pul to‘lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo‘la beriladigan to‘lovlar);
•  reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, tiflotexnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan ta’minlash;
•  tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;
•  transport xizmatlari;
•  dori vositalari bilan ta’minlash.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari:

Quyidagilar qisman soliq solishdan ozod etiladi:
•  urush nogironlari va ishtirokchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan va doirasi qonun hujjatlarida belgilanadigan shaxslar;
•  bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
•  bolaligidan nogironligi bo‘lgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki ona.
•  Ushbu soliq imtiyozlari tegishli hujjatlar taqdim etilgan taqdirda qo‘llaniladi.


Qat’iy belgilangan soliq stavkasi to‘lovchisi I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblanganida faoliyat turidan va uni amalga oshirish joyidan qat’i nazar, oyiga qat’iy belgilangan miqdordagi soliqning 50 foizini, biroq BHMning 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘laydi.

•  Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar mulkida bo‘lgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi.
•  I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mulkida bo‘lgan mol-mulk 60 kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.
•  Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar yer solig‘idan ozod etiladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.
•  Ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan qo‘l bilan boshqarishga moslashtirilgan yengil avtomobilni va (yoki) motoaravachani sotib oluvchi barcha guruhlardagi nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarini sotib olish va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilinadi.

 

 Teglar

Kreditlar

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish