Mikroqarzlar jismoniy shaxslar uchun eng katta talabga ega bo’lgan kreditlardan biri hisoblanadi.
Ma'lumki, hozirgi vaqtda mikroqarzlar jismoniy shaxslar uchun eng katta talabga ega bo’lgan kreditlardan biri hisoblanadi. Mikroqarz qulay, chunki u qarz oluvchining istalgan maqsadi uchun beriladi va ko'pincha undan tezda pulga muhtoj bo'lganlar foydalanadilar.
Muhim jihati, ko'pchilik mikroqarz olish uchun rasmiy daromad manbai bo'lishi shart emas va garovga ehtiyoj yo'q deb hisoblaydi. Lekin unday emas. Mikroqarz olish uchun potentsial qarz oluvchi rasmiy ish haqiga ega bo'lishi kerak va o'rtacha oylik ish haqi asosida olish mumkin bo'lgan maksimal miqdor hisoblab chiqiladi. Ta’minot sifatida kichikroq miqdordagi (10-25 million so'm) mikroqarzlar uchun uchinchi shaxslarning kafilligi yoki sug'urta polisi, katta miqdorlar uchun mol-mulk garovi talab qilinadi.
Bugungi kunda mikroqarzlar uchun maksimal summa 50 million so'mni tashkil etadi, bu miqdordagi mablag'ni Tenge Bank, Ziraat Bank, Turon Bank, Qishloqqurilish bank, Ipak Yo’li Banki, Aloqabank, Agrobank, Asia Alliance Bank, Trastbank, Savdogarbank, Mikrokreditbank, Hamkorbank, Ipoteka Bank va Anor Banklardan olish mumkin.
Mikroqarzning maksimal muddati uch yil. Bunday muddat uchun mikroqarz quyidagi banklarda berilishi mumkin: Tenge Bank, Davr Bank, Ziraat Bank, Turon Bank, Asia Alliance Bank, TBC Bank va Hamkorbank. Shuni ta'kidlash lozimki, kredit muddati qancha ko'p bo'lsa, foiz stavkasi ham shuncha yuqori bo'ladi.
Kreditni rasmiylashtirish, ma’lumki ikki yo'l bilan - onlayn va offlayn rejimda amalga oshiriladi. Onlayn kreditlarni asosan ish haqi kartasiga olish mumkin va plastik karta aynan onlayn mikroqarz beradigan bankda ochilgan bo’lishi kerak. Faqatgina TBC Bank mikroqarzi bundan mustasno. Ushbu bank o’zida plastik kartani (ish haqi emas) ochilishini va rasmiy daromadga ega bo’lishni talab qiladi. Offlayn rejimda mikroqarz olish uchun siz bankka murojaat qilishingiz mumkin, ammo bankka bir necha bor tashrif buyurishingiz kerak bo'ladi, shuning uchun ba'zi banklar bank veb-saytida ariza qoldirish imkoniyatini yaratdilar va kredit tasdiqlangandan keyingina bankka borish yetarli bo’ladi.
Mikroqarzlar ko'pincha qarz oluvchining plastik kartasiga yoki o'sha bankda ochilgan kartaga beriladi, ba'zilarida siz uni naqd pul shaklida olishingiz mumkin.
Mikroqarz olish uchun hozirda kerakli hujjatlar minimal darajaga yetkazilgan - bu pasport va daromad to'g'risidagi ma’lumotnoma.
Shunday qilib, keling, qaysi bank mikroqarzlar uchun eng yaxshi shartlarga ega ekanligini ko’rib chiqamiz.
Xalq Bankda siz yillik 22.99 foiz stavka bilan "Barakali Hamyon" mikroqarzini olishingiz mumkin. Ushbu kredit to'qqiz oygacha muddatga beriladi, maksimal miqdori 12.25 million so'mni tashkil qiladi va naqd pul ko’rinishida beriladi. Ammo mikroqarz olish uchun ariza faqat har oyning 20-kunidan keyingi oyning 5-kunigacha berilishi mumkin. Ta’minot sifatida uchinchi shaxs kafilligi talab qilinadi.
Asia Alliance Bank yiliga 23 foiz, bir yilgacha muddatga 18.3 million so'mgacha bo'lgan miqdorda mikroqarzlar taqdim etadi. Kredit uchinchi shaxs kafilligi yoki sug'urta polisi asosida shu bankda ochilgan plastik kartaga tushirib beriladi.
Ziraat banki yiliga 23.9 foiz miqdorida, bir yilgacha bo'lgan muddatga, 50 million so'mgacha bo'lgan miqdorda mikroqarz beradi. Shuningdek, siz uch yilgacha ham kredit olishingiz mumkin, ammo foiz stavkasi yuqoriroq bo'ladi. Mablag'lar ushbu bank kartasiga beriladi. Muhim sharti – bu ta’minot sifatida faqatgina likvid garov talab etilishidir.
Trastbankda siz kafillik yoki sug'urta polisi asosida 25 million so'mgacha mikroqarz olishingiz mumkin. Shu bilan birga, yillik foiz stavkasi bir yilgacha bo'lgan muddat uchun 25 foiz va ikki yilgacha bo'lgan muddat uchun yillik 27 foizni tashkil qiladi. Mikroqarz plastik kartaga yoki naqd pulda beriladi.
Mikroqarzlarni tanlovi ancha katta va har kim o'z talablari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, o'zi uchun mos variantni tanlashi mumkin. Shu bilan birga, mikroqarz tashkilotlari tomonidan ham qator takliflar mavjud, ular ham mikroqarz ajratadi, ammo ular bo'yicha foiz stavkasi yuqoriroq.
Mikroqarzlar bo'yicha barcha batafsil ma'lumot Depozit.uz saytida keltirilgan.