Har bir mijozga kredit ajratishda yuzaga keladigan xavf darajasi kreditorlar tomonidan turli omillar asosida baholanadi.
Xavfning asosiy ko'rsatkichlari bo’lib potentsial qarz oluvchining kreditga layoqatliligi va to'lov qobiliyati hisoblanadi. Ko'p hollarda bu bir xil ma’noga ega bo’lgan ikkita tushuncha deb qaraladi, biroq ularning bir-biridan farqlari mavjud. Bugun ushbu moliyaviy tushunchalar nima ekanligi va ularning farqi nimada ekanligini aniqlaymiz.
Jismoniy shaxsning kreditga layoqatliligi
Hech bir moliya instituti potentsial qarz oluvchining kreditga layoqatliligini tekshirmasdan kredit ajratilishini tasdiqlamaydi. Kreditorning asosiy vazifasi foydalanishga berilayotgan mablag'larning qaytarilmasligi ehtimoli bilan bog'liq barcha risklarni baholashdir.
Jismoniy shaxsning kreditga layoqatliligi – bu har bir shaxsning ma'lum miqdorda kredit olish va u bo'yicha oylik to'lovlarni o'z vaqtida qaytarish qobiliyatini tasdiqlovchi bir qator ijobiy omillarning yig’indisidir.
Shuni tushunish kerakki, raqobat sharoitida banklar har doim ham faqat ishonchli va kreditni qaytarishga puli yetarli bo’lgan qarz oluvchilar bilan ish olib bormaydi. Ko’p hollarda, aksincha, bank mijozlari orasida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan odamlar ustunlik qiladi.
Shu sababli, kredit xodimlarining qarz oluvchining o'z zimmasiga olgan qarz majburiyatlari bo'yicha kuchli va zaif tomonlarini tahlil qilish va to’g’ri baholash qobiliyatiga ega bo’lishi – har qanday bankning asosiy vazifasidir, chunki kreditlash jarayoni bank uchun iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarihi mumkin bo’lgan turli xil xavf omillarining ta'siri bilan uzviy bog'liqdir.
Kreditga layoqatlilikni baholashda kredit tashkilotlari quyidagi omillarni hisobga oladi:
Baholanadigan ko'rsatkichlar soni juda ko’p bo'lishi mumkin va har bir bank yoki mikrokredit tashkiloti o'z mijozini baholash uchun ko'rsatkichlarni mustaqil ravishda belgilaydi.
Jismoniy shaxslarning kreditga layoqatliligini baholashning turli usullari mavjud va bu usullardan biri jismoniy shaxsning to'lov qobiliyatining moliyaviy ko'rsatkichlari asosida kreditga layoqatliligini baholashdir.
To'lov qobiliyati - mijozning belgilangan muddat davomida o'z majburiyatlarini to'lash qobiliyatidir.
Ko'pincha to'lov qobiliyati koeffitsiyenti mavjud mablag'larning nafaqat ma'lum bir sanadagi, balki o'tgan davrdagi to'lovlar miqdoriga nisbati sifatida hisoblanadi. Agar koeffitsiyent 1 ga teng yoki undan katta bo'lsa, qarz oluvchi to'lovga layoqatli hisoblanadi. Agar ko'rsatkich 1 dan kam bo'lsa, bu mijozning to'lovga qodir emasligini ko'rsatadi, ya'ni agar bunday qarz oluvchiga kredit ajratilsa, to'lovlarda kechikishlar bo'lishi mumkin.
Boshqacha qilib aytganda, to'lov qobiliyati ko'rsatkichlari jismoniy shaxsning daromadlari va ushbu daromadni yo'qotish xavfi darajasi to'g'risidagi ma'lumotlarga asoslanadi. Kreditni berishda banklar har bir qarz oluvchining to'lov qobiliyatini ish haqi to’g’risidagi ma’lumotnoma yoki soliq deklaratsiyasi orqali oldingi 3-12 oy uchun o'rtacha oylik daromadlari to'g'risidagi ma'lumotlar asosida hisoblab chiqadilar. O'tgan oylar soni bankning ichki siyosatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Demak, to'lov qobiliyati - bu qarz oluvchining ma'lum vaqtdagi moliyaviy holatini aks ettiruvchi lakmus qog’ozi desa ham bo’ladi. To’lov qobiliyati holati bank tashkilotlari uchun muhim signaldir.
Shunday qilib, to'lov qobiliyati jismoniy shaxsning kreditga layoqatliligini baholashning tarkibiy qismlaridan biridir.
Shuningdek, mijozning kreditga layoqatliligini baholashda kredit tarixini baholash va skoring kabi usullar birgalikda qo'llaniladi. Ular haqida keyingi maqolalarda gaplashamiz.
Siz o'zingizning kredit layoqatingizni bizning saytimizda Kreditga layoqatlilikni tekshirish sahifasida bilib olishingiz mumkin.