Top.Mail.Ru

Kredit ta’minoti: mohiyati, turlari va ahamiyati

Mijozlar bankdan kredit olishda ko’p hollarda qo'shimcha ta'minot taqdim qilinishi talabi bilan duch keladi.

Kredit ta’minoti: mohiyati, turlari va ahamiyati

Masalan, mol-mulkni garovga qo’yish yoki kafil berish. Kredit ta’minoti o’zi nima, u nega zarur va nima ta’minot sifatida qabul qilinishi mumkin, batafsilroq aytib beramiz.

Kredit ta’minoti: bu nima va u nega kerak?

Banklar turli mahsulotlardan daromad oladilar, ularning eng daromadlisi esa bu kreditlardir. Berilgan pulning qaytarilishini ta'minlash maqsadida banklar turli xil choralarni qo'llashlari mumkin: qarz oluvchini diqqat bilan tekshirish, to'lov qobiliyatini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish, faqat ma'lum toifadagi mijozlar bilan ishlash va hokazo. Ammo risklarni minimallashtirish uchun kreditor kredit garovi ko'rinishidagi qo'shimcha kafolatlardan ham foydalanishi mumkin, bu esa kreditni to'lamay qolish ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.

Ta'minot - berilgan kredit bo'yicha bank manfaatlarini himoya qilish mexanizmlaridan biri. Darhaqiqat, bu bankka qarz oluvchi moliyaviy muammolar yuzaga kelgan taqdirda ham olingan mablag'larni foizlar bilan qaytarishiga ishonch hosil qiladigan kafolatdir. U asosan mijoz katta miqdordagi kredit olishni xohlasa yoki uning kredit tarixi shubhali bo'lsa (yomon kredit tarixi) qo'llaniladi.

Kreditlarni ta'minlash qarz oluvchiga ham bir qancha imkoniyatlarni beradi:

  • kattaroq miqdorda kredit olish imkoniyati;
  • kredit shartnomasini uzoqroq muddatga rasmiylashtirish;
  • so’ralgan kredit miqdori tasdiqlanishi ehtimoli yuqoriroq bo’lishi.

Ushbu munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni bilan tartibga solinadi: Banklar garov, kafolatlar, kafillik, majburiyatlar asosida va majburiyatlar bajarilishini ta’minlashning qonunda nazarda tutilgan boshqa usullari asosida kreditlar beradi.

Har bir bank majburiyatlarni bajarish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi va ularni shartnomada belgilab qo’yadi. Agar shartnoma majburiyatlari buzilgan bo'lsa, kreditor qo’shimcha foiz hisoblash, shuningdek o’zining undirish huquqidan foydalanishi mumkin - mol-mulkni sotish, kompensatsiya talab qilish, kafilni javobgarlikka tortish va h.k.

Kredit ta'minotining asosiy shakllari

Mijozning toifasiga (jismoniy yoki yuridik shaxs) qarab, bank kredit operatsiyalarini amalga oshirishda qo'shimcha kafolatlar olishning turli shakllarini qo'llashi mumkin. Bank mahsulotlari ta’minotining barcha shakllarini ikki turga bo'lish mumkin:

  • asosiy shakllari: garovga qo'yiladigan mol-mulk, jismoniy yoki yuridik shaxsning kafilligi, sug'urta;
  • qo'shimcha shakllar: bank kafolati, bank depoziti.

Garov shartnoma bo'yicha majburiyatlarni bajarishning eng samarali usullaridan biri bo'lib, banklarda eng ko'p qo'llaniladigan ta'minoti turi hisoblanadi. Kreditlashning ayrim turlari (ipoteka va avtokreditlar) uchun garov shartnomasini rasmiylashtirish majburiy talab hisoblanadi.

Hujjatlarda garovga qo'yilgan mol-mulkning tavsifi, uning baholash qiymati, tomonlarning huquqlari va shartnoma muddati davomida ushbu mulkdan foydalanish tartibi belgilanishi shart. Kredit shartnomasi amalda davri mobaynida qarz oluvchi uni to'liq tasarruf eta olmaydi, deyarli barcha operatsiyalar faqat qarz beruvchi (garovga oluvchi) bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Qarz oluvchilar uchun qanday imtiyozlar mavjud? Bu garovning qiymatiga bog'liq. Agar ipoteka yoki ko'chmas mulk bilan ta'minlangan kredit haqida gapiradigan bo'lsak, unda mijoz pastroq foiz stavkalari, uzoqroq to'lov muddati yoki kattaroq miqdorda kredit olishi mumkin yoki bu buzilgan kredit tarixi bilan kredit olish imkonini beradi.

Kafillik

Garovdan keyin ikkinchi eng keng tarqalgan ta’minot turi. Kafillik taqdim etish orqali amalga oshiriladi, ya'ni boshqa tomonning (jismoniy yoki yuridik shaxs) ishtiroki talab qilinadi. Bunda birgalikda qarz oluvchi yoki kafilni jalb qilish mumkin, odatda ular qarz oluvchining qarindoshlari yoki yaqin do'stlari / hamkasblari bo’ladi.

Kafillik shartnomasi - bu kafil bilan kreditor o'rtasidagi bitim bo'lib, kafil birgalikda javobgarlikni o'z zimmasiga oladi. Ya'ni, kafil asosiy qarz oluvchi bilan bir xil darajada qarzni to'lash uchun javobgardir. Bankning maqsadi ham shu: agar qarz oluvchi biron bir sababga ko'ra kreditni to'lay olmasa ham, ikkinchi tomon majburiyatlarni o'z zimmasiga oladi.

Sug'urta shartnomasi

Agar qarz oluvchiga katta miqdorda pul kerak bo'lsa, u holda kredit qaytarilishining qo'shimcha kafolatini sifatida sug’urta kompaniyasining kafolati rasmiylashtirilishi mumkin. Sug'urta shartnomasi tuzilgan kundan e'tiboran amal qiladi, sug'urtalovchi qarz oluvchi bilan sug'urta hodisasi yuz berganda bankka belgilangan pul miqdorini to'lanishini ta'minlaydi.

Bank kafolati

Bu yuridik shaxslar tomonidan yirik operatsiyalarni amalga oshirishda foydalaniladigan maxsus moliyaviy xizmatdir. Kafolat - bank yoki boshqa kredit/sug'urta tashkilotining kafilligi bo’lib, u bitim taraflaridan biri ikkinchi tomon oldidagi majburiyatlarni bajarilishini kafolatlaydi. Shu bilan birga, bank mijozning qarzini to'lash majburiyatini oladi, agar u o'z majburiyatlarini bajarmasa, bank kafolat berish uchun alohida to'lov oladi.

Bank depoziti

Kam ishlatiladigan, ammo hali ham amaldagi ta’minot turidir. Agar qarz oluvchining katta miqdorda alohida depozit hisobvarag'i bo'lsa, u holda kreditor undan kafolat yoki to'lov qobiliyatini qo'shimcha tasdiqlash manbasi sifatida foydalanishi va yanada qulayroq kredit shartlarini taklif qilishi mumkin. Ammo odatda, agar mijozning omonati bo'lsa, u katta miqdordagi kreditni olmaydi (chunki depozitlar bo'yicha stavkalar har doim kreditlarga qaraganda past bo'ladi - ortiqcha to'lov bank foydasiga bo'ladi).

Kredit ta’minoti sifatida yana nimalardan foydalanish mumkin

Yo'qotilishi mumkin bo’lgan mablag'lar uchun qo'shimcha kafolat va kompensatsiya olishning yana bir usuli - jarima qo’yishdir. Bu shartnomada belgilangan pul miqdori bo'lib, qarz oluvchi o'z majburiyatlarini buzgan taqdirda qarz beruvchiga to’lanishi shart.

Kelishuvlardan kelib chiqqan holda, majburiyatlarni buzganlik uchun ham jarima belgilanishi mumkin. Misol uchun, agar qarz oluvchi kredit bo'yicha to'lovni kechiktirgan bo'lsa, unga darhol jarima belgilanadi.

Shunday qilib, banklar berilgan kreditlarning qaytarilishini ta'minlash uchun keng imkoniyatlarga ega. Qarz oluvchi uchun ta’minot bo’yicha chora-tadbirlar ijobiy ta'sir ko'rsatadi, chunki ularning mavjudligi kredit tasdiqlanishi ehtimolini sezilarli darajada oshiradi, shu bilan birga mijozning mas'uliyatini ham oshiradi.

Shuning uchun, barcha majburiyatlarni bajara olishga ishonch bo'lsagina, garov bilan ta'minlangan kreditlardan foydalanish kerak, aks holda garov sifatida berilgan mol-mulkdan va boshqa aktivlardan ayrilib qolish mumkin.

19:34 • 15 November, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish