Oldingi maqolalarda biz ikkilamchi bozor uchun avtokreditlarning afzalliklari, xususiyatlari, shartlari va boshqa jihatlarini ko'rib chiqdik. Bugun biz ularni umumlashtiramiz.
Avtokreditlarni taqdim etuvchi deyarli barcha banklar haydalgan mashina sotib olish uchun ham avtokredit taklif qiladilar. Ular bo’yicha o'rtacha foiz stavkasi 23% dan 36% gachani tashkil qiladi, bu kredit hajmiga, kredit muddatiga va dastlabki to'lovga bog'liq.
Dastlabki to'lov miqdori transport vositasi narxining 20-30 foiziga teng bo'ladi. Shuningdek, boshlang’ich to’lov talab etilmaydigan takliflarni ham topish mumkin.
Ko'p hollarda, haydalgan avtomobil uchun avtokredit 5 yilgacha bo'lgan muddatga beriladi. Biroq 7 yilga kredit beradigan banklarni ham topish mumkin. Ammo bunday muddat uchun yuqoriroq foiz stavkasini o’rnatilishi mumkin.
Haydalgan mashinalar uchun avtokreditlar bo'yicha banklar qarz oluvchilar uchun qo'shimcha shartlar va cheklovlarni ilgari suradilar: ishlab chiqarilgan mamlakat, avtomobil ishlab chiqarilgan yili va yurgan masofasi va ushbu ko'rsatkichlarga qarab, kredit muddati, dastlabki to'lov va kredit bo'yicha foiz stavkasi belgilanadi.
Foydalanilgan avtomobil uchun avtokredit tanlashda e'tiborga olinishi kerak bo'lgan zarur shartlar:
- Avtokredit hisobiga haydalgan mashinani dilerlik markazlarida ham, jismoniy shaxslardan ham sotib olish mumkin. Jismoniy shaxslardan avtomobil sotib olayotganda, kredit olish uchun bankka murojaat qilishdan oldin, xaridor sotuvchi bilan nafaqat avtomobil narxini, balki bank krediti bilan bog'liq bitim sxemasini ham kelishib olishi kerak. Avtomobil egalarining hammasi ham bankning qarorini kutishga rozi bo'lmaydi.Ikkilamchi bozordan avtomobilni avtosalondan sotib olishda esa eng munosib kredit dasturini tanlash uchun salon qaysi banklar bilan hamkorlik qilishini oldindan bilib olish maqsadga muvofiqdir
- Bank muassasalari sotib olinayotgan avtomobilning yurgan masofasi va ishlab chiqarilgan yili bo'yicha juda qattiq talablarni qo'yadi. Shuning uchun, avtokreditlar shartlarida avtomobilning ruxsat etilgan maksimal ishlab chiqarilgan yili va yurgan masofasiga bo’lgan talabni aniqlashdan boshlash to'g'ri bo'ladi. Ko'p hollarda, mashina ko’pi bilan besh yil oldin ishlab chiqarilgan bo'lishi kerak, lekin ba'zida banklar faqat bir yoki ikki yilga ruxsat berishadi.
- Ikkilamchi bozorda sotib olish uchun maqbul bo'lgan avtomobil markalari. Gap shundaki, O‘zbekiston banklari so‘nggi paytlarda barcha rusumdagi, jumladan, import qilingan avtomobillar uchun ham avtokreditlar berishni boshlaganiga qaramay, aynan ikkilamchi bozor uchun majburiy mahalliy ishlab chiqarish sharti qo’yiladi, xususan, ko‘pincha kredit hisobiga faqatgina haydalgan GM Uzbekistan avtomobillarini sotib olishga ruxsat beriladi. Shunga asoslanib, agar siz xorijda ishlab chiqarilgan avtomobilni sotib olishga qaror qilsangiz, qaysi bank import qilingan avtomobilni sotib olishga ruxsat berishini diqqat bilan o'rganishingiz kerak.
Umumiy rasmiylashtirish tartibi quyidagicha bo’ladi:
- Bank filialida yoki internet orqali ariza topshirish.
- Bankdan tasdiq olish.
- Qo'shimcha bosqich – agar ariza masofadan turib to'ldirilgan bo'lsa, hujjatlarni yig'ish va ularni bankka topshirish.
- Bitim tuzish. Bitim tuzishda avtomobil sotuvchisi va xaridor bo'lishi kerak.
- Dastlabki to'lovni to'lash. Qoidaga ko'ra, buning uchun sotuvchi kreditor bankda hisob ochadi va xaridor unga pul mablag'larini naqd pulda kassa orqali kiritadi. Pulni qo'ldan qo'lga o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi. Birinchi to'lovni to'lashning hujjatli dalillari saqlanishi muhimdir.
- Oldi-sotdi shartnomasini tuzish. Bu kredit menejeri ishtirokida amalga oshiriladi.
- Sug'urta polislarini ro'yxatdan o'tkazish.
- Kredit shartnomasi va garov shartnomasini imzolash.
Kreditga ariza berish jarayoni tugallangandan so'ng, bank sotuvchining hisob raqamiga pul o'tkazadi, sotib olingan avtomobil bankka garovga qo'yiladi va xaridor-qarz oluvchi xarid qilingan avtomobildan foydalanishi mumkin.
O'zbekiston banklarida barcha mavjud avtokreditlar shartlari bilan Avtokreditlar sahifasida tanishishingiz mumkin.