Hozirgi vaqtda mikroqarzlar jismoniy shaxslar tomonidan eng ko’p talab qilinadigan kreditlardan biri hisoblanadi.
Mikroqarzlar mavzusini davom ettiramiz, chunki hozirgi vaqtda mikroqarzlar jismoniy shaxslar tomonidan eng ko’p talab qilinadigan kreditlardan biri hisoblanadi. Mikroqarz qulay, chunki u qarz oluvchining istalgan maqsadi uchun beriladi va pul zarur bo’lganda ayni foydalidir.
Muhim jihat! Ko'pchilik mikroqarz olish uchun rasmiy daromad manbai bo'lishi shart emas va garovga ehtiyoj yo'q deb hisoblashadi. Bu unday emas. Mikroqarz olish uchun potentsial qarz oluvchi rasmiy ish haqiga ega bo'lishi kerak va o'rtacha oylik ish haqi asosida potentsial qarz oluvchi olish mumkin bo'lgan maksimal miqdor hisoblab chiqiladi. Ta’minot sifatida kichikroq miqdordagi (10-25 million so'm) mikroqarzlar uchun uchinchi shaxslarning kafilligi yoki sug'urta polisi, katta miqdorlar uchun mol-mulk garovi talab qilinadi.
Bugungi kunda mikroqarzlar uchun maksimal summa 50 million so'mni tashkil etadi, bu miqdordagi mablag'ni O’zsanoatqurilishbank, Tenge Bank, Ziraat Bank, Turon Bank, Qishloq qurilish bank, Ipak Yuli Bank, Aloqabank, Agrobank, Asia Alliance Bank, Trust Bank, Savdogar Bank, Mikrokreditbank, Hamkorbank, Ipoteka Bank, Anor Bankdan olish mumkin.
Mikroqarzning maksimal muddati uch yil. Bunday muddat uchun mikroqarz quyidagi banklarda berilishi mumkin: Tenge Bank, Davr Bank, Ziraat Bank, Turon Bank, Asia Alliance Bank, TBC Bank va Hamkorbank. Shuni ta'kidlash kerakki, kredit muddati qancha ko'p bo'lsa, foiz stavkasi ham shuncha yuqori bo'ladi.
Kreditni rasmiylashtirish, ma’lumki ikki yo'l bilan - onlayn va offlayn rejimda amalga oshiriladi. Onlayn kreditlarni asosan ish haqi kartasiga olish mumkin va plastik karta aynan onlayn mikroqarz beradigan bankda ochilgan bo’lishi kerak. Faqatgina TBC Bank mikroqarzi bundan mustasno. Ushbu bank o’zida plastik kartani (ish haqi loyihasi doirasida emas) ochilishini va rasmiy daromadga ega bo’lishni talab qiladi. Offlayn rejimda mikroqarz olish uchun siz bankka murojaat qilishingiz mumkin, ammo bankka bir necha bor tashrif buyurishingiz kerak bo'ladi, shuning uchun ba'zi banklar bank veb-saytida ariza qoldirish imkoniyatini yaratadilar va kredit tasdiqlangandan keyingina bankka borish yetarli bo’ladi
Mikroqarzlar ko'pincha qarz oluvchining plastik kartasida yoki o'sha bankda ochilgan kartaga beriladi, ba'zilarida naqd pul shaklida ham olish mumkin.
Mikroqarz olish uchun hozirda kerakli hujjatlar minimal darajaga yetkazilgan - bu pasport va daromad to'g'risidagi ma’lumotnoma.
Shunday qilib, keling, qaysi bank mikroqarzlar uchun eng yaxshi shartlarga ega ekanligini ko’rib chiqamiz. Shartlar keskin o’zgarmagan, biroq ba’zi o’zgarishlar bor.
Halk Bankda siz yillik 22,99% stavka bilan "Barakali Xamyon" mikroqarzini olishingiz mumkin. Ushbu kredit to'qqiz oygacha muddatga beriladi, maksimal miqdori 12,25 million so'mni tashkil qiladi va naqd ko’rinishda beriladi. Ammo mikroqarz olish uchun ariza faqat har oyning 20-kunidan keyingi oyning 5-kunigacha berilishi mumkin. Ta’minot sifatida uchinchi shaxs kafilligi talab qilinadi.
Asia Alliance Bank yiliga 23 foiz, bir yilgacha muddatga mikroqarz taqdim etadi. Maksimal summasi 18.3 mln. so’mdan 50 million so'mgacha ko’tarildi. Kredit 36,75 mln. so’mgacha uchinchi shaxs kafilligi yoki sug'urta polisi, undan ortiq summa garov asosida shu bankda ochilgan plastik kartada tushirib beriladi.
Ziraat banki yiliga 24.25 foiz bilan (23.9% edi) bir yilgacha bo'lgan muddatga, 50 million so'mgacha bo'lgan miqdorda mikroqarz beradi. Shuningdek, siz uch yilgacha ham kredit olishingiz mumkin, ammo foiz stavkasi yuqori bo'ladi. Mablag'lar ushbu bank kartasiga beriladi. Muhim shart - bu ta’minot sifatida faqatgina likvid garov talab etiladi.
Trast bankda siz kafillik yoki sug'urta polisi asosida 25 million so'mgacha mikroqarz olishingiz mumkin. Shu bilan birga, yillik foiz stavkasi bir yilgacha bo'lgan muddat uchun 25%, ikki yilgacha bo'lgan muddat uchun yillik 27% ni tashkil qiladi. Mikroqarz plastik kartada yoki naqd pulda beriladi.
Mikroqarzlarni tanlovi ancha katta va har kim o'z talablari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, o'zi uchun mos variantni tanlashi mumkin. Shu bilan birga, mikroqarz tashkilotlari tomonidan ham qator takliflar mavjud, ammo ularda foiz stavkasi yuqoriroq.
Mikroqarzlar bo'yicha barcha batafsil ma'lumot Depozit.uz saytida keltirilgan.