13 Aug 2021 |  3,242

Debet va kredit karta farqlari

Debet va kredit karta farqlari

Debet va kredit karta farqlari

Bugungi kunda deyarli barchada bank plastik kartasi bor. Ba’zilarda esa, hatto bir nechta. Lekin ularning qaysi turdagi karta ekanligini bilasizmi? Keling ushbu maqola orqali buni aniqlaymiz.

Avvalo karta turlari haqida to’xtalsak.

Debet karta – tovar va xizmatlarga haq to’lash, o’tkazmalarni amalga oshirish va bankomatdan naqd pul yechish imkoniyatini taqdim qiluvchi kartadir.

Kredit karta - tovar va xizmatlarga haq to’lash uchun, mijozga bank bilan tuzilgan shartnoma tariflariga ko’ra taqdim qilingan bank mablag’lari hisobiga to’lovlarni amalga oshirish imkoniyatini taqdim qiluvchi kartadir.

Karta turlarining asosiy farqi, kartadagi mablag’ kimnikiligidadir. Ya’ni, debet kartada avval o’z pullaringizni kartaga o’tkazib, yoki bu ish haqi kartasi bo’lsa, oylik tushgandan so’ng sarflashingiz mumkin. Muhim sharti, faqat kartada bor miqdordagi mablag’ni ishlata olasiz. 

Kredit kartada esa, shartnomaga ko’ra belgilangan limit miqdoririda bank mablag’larini ishlatishga yo’l qo’yiladi. Kartaga oylik tushganda yoki mablag’ o’tkazilganda esa, limitdan ishlatilgan mablag’lar bank tomonidan qaytarib olinadi. Agar ishlatilgan mablag’ belgilangan vaqtda qaytarilmasa jarima va penya qo’llanila boshlaydi. Kredit kartada nafaqat kartada bor summa, balki ma’lum miqdordagi summani “qarzga” ishlatishga yo’l qo’yiladi. Shartnoma shartlariga ko’ra kredit kartaning imtiyozli davri bo’lishi mumkin. Va imtiyozli davr davomida belgilangan limitdagi mablag’dan foiz hisoblanmagan holda foydalanishga ruxsat beriladi. Agar imtiyozli davrdan keyin yoki limitdan tashqari mablag’ ishlatilsa unga qo’shimcha foiz ko’rinishida ustama to’lashga to’g’ri keladi. 

Debet kartani rasmiylashtirish uchun pasport va ariza kerak bo’ladi xolos.
 
Kredit kartani rasmiylashtirish esa biroz qiyinroq. Buning uchun Siz rasmiy daromadlaringiz haqidagi ma’lumotnoma, passport, ariza va ta’minot haqidagi hujjatlarni taqdim qilishingiz kerak bo’ladi. Va agar kredit tarixingiz yomon bo’lsa rad javobini berishlari ham mumkin. 

So’nggi farq bu ommaboplik. Debet kartalar yurtimizda kredit kartalarga qaraganda ancha ommaboproq. Sizning kartangiz qaysi turdagi ekanligini bilmoqchi bo’lsangiz, kartaga diqqat bilan razm solishingiz kifoya. Odatda Visa va MasterCard kartalaridagi “debit” yoki “credit” yozuvidan karta turini aniqlashingiz mumkin. Yoki, bu Uzcard va Humo kartalari bo’lsa, kartani internet banking xizmatiga ulab, karta haqidagi ma’lumotlarni, jumladan, karta turini ham ko’rishingiz mumkin. Shuningdek, karta turini bankka qo’ng’iroq qilib aniqlashingiz ham mumkin.

Barcha bank kartalari shartlari bilan Depozit.uz saytining Debet kartalar va Kredit kartalar sahifasida tanishishingiz mumkin.

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish