So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lm
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, huquqiy va maʼnaviy-psixologik qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi.
Xususan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tomorqa yer egasi yoki “Har bir yoshga – bir gektar” tamoyili asosida ekin maydoni berilganlarga subsidiya ajratilishi yo‘lga qo‘yildi. Subsidiya miqdori: urug‘lik va ko‘chatlar olish uchun BHMning 8 baravarigacha (1 mln 960 ming so‘mgacha).
Subsidiya olish tartibi qanday?
- sektorga ariza beriladi;
- sektor kotibi murojaatni 3 ish kunida joyiga chiqib urug‘lik va ko‘chatlar uchun sharoitni o‘rganadi;
- o‘rganish natijasi bo‘yicha dalolatnoma tuzadi;
- urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilinishi bo‘yicha xulosa Vasiylik kengashiga kiritiladi;
- Vasiylik kengashi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratiladi.
“Yoshlar daftari”ga kimlar kiritiladi va mazkur subsidiya mablag‘laridan kimlar foydalanishi mumkin?
«Yoshlar daftari»ga o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar — muomalaga va mehnatga layoqatsiz, nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan (nafaqa olmaydigan), boquvchisini yo‘qotgan, yetim, “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyalangan, muqaddam sudlangan, probatsiya hisobida, profilaktik hisobda yoki maʼmuriy nazorat ostida turuvchi ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlar, shuningdek, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning professional va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchi farzandlari;
- iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini boshlash, shuningdek o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlar;
- psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, turli xil muammolar sababli ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj yoshlar (suitsid sodir etishga harakat qilgan va boshqalar);
- ishsiz yoshlar — haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli yoshlar (bundan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganlar mustasno).