Ayni damda valyuta ayirboshlash operatsiyalarida qator qulayliklar yaratilib, bank ayirboshlash shoxobchalari orqali aholi istagan mablag‘ini istalgan valyutaga ayirboshlashi uchun sharoit yaratilgan.
Ayni damda valyuta ayirboshlash operatsiyalarida qator qulayliklar yaratilib, bank ayirboshlash shoxobchalari orqali aholi istagan mablag‘ini istalgan valyutaga ayirboshlashi uchun sharoit yaratilgan. Biroq, 2019 yildan boshlab respublikada valyuta ayirboshlash operatsiyalarida yaratilgan qulayliklarga qaramay, xalqni qiynayotgan masala yechimida biroz oqsoqliklar kuzatilmoqda.
Maʼlumki, barcha tijorat banklari tomonidan valyuta sotish va sotib olish xizmati ayirboshlash shoxobchalari tomonidan amalga oshiriladi. Agar aholida valyuta sotib olishga zarurat tug‘ilsa, faqatgina 100 AQSH dollarini pasportsiz (shaxsini tasdiqlovchi hujjat) olishi mumkin. Undan yuqori har qanday summa uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi shart.
Buning nimasi yomon deyishingiz mumkin? Ammo...
Qachon bank binosiga tashrif buyurmang, turnaqator navbatlarning guvohi bo‘lasiz, asabiylashgan mijozlarga ko‘zingiz tushadi. Qarabsizki, 1000 AQSH dollari sotib olish istagini bildirgan inson, navbatsiz ko‘chadagi valyutafurushga yana murojaat qiladi. Bu yerda ham qonun buzilyapti ham bank g‘aznasiga tushishi kerak bo‘lgan valyuta boshqa cho‘ntaklarga kirim bo‘lmoqda. Bundan albatta bank yutqazmoqda. Oz bo‘lsa-da uning daromadiga taʼsir qilishi tayin.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “qora bozor”dan qutulish tarafdori bo‘lsa, nima sababdan valyuta sotib olishni cheklaydi? Nega yuqoridagi kabi holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rmaydi? Savollar ketma-ketligini agar tuzadigan bo‘lsak, qachon-qachonlarimiz juda ham ko‘p.
Bu savolga darhol, pasport tizimi orqali aholi daromadini legallashtirish maqsadida bu tizim yo‘lga qo‘yilgan degan turli bahona-yu – vajlarni taxt qilish mumkin. Biroq, rivojlanish sari olg‘a intilayotgan Yangi O‘zbekistonning boshqa davlatlardan nima kami bor deyishni istaydi kishi. Chunki, yon qo‘shnimiz Qozog‘istonga chiqsangiz har qadamda ayirboshlash shoxobchasi faoliyat yuritadi va istalgan miqdorda chet el valyutasini xohlagan valyutaga ayirboshlash mumkin. Pasport tizimini yuqori summalarga joriy qilinsa, albatta nur ustiga aʼlo nur, qarshiligimiz yo‘q. Lekin, 1000-2000 AQSH dollari uchun qatʼiy nazorat o‘rnatib, aholini valyutafurushlar davrasiga yana jalb qilishdan nima naf?
Darhaqiqat, “qora bozor”ning yo‘qotilgani faqat qog‘ozda qolayotgani, har bir bozor va tijorat banki atrofi hanuz paket ko‘tarib yuruvchi qo‘shtirnoq ichidagi “vakil-dollarfurushlar” mavjudligi hech birimizga sir emas.
Bu holatga oydinlik kiritish maqsadida Sanoatqurilishbankning Toshkent viloyati mintaqaviy filialida joylashgan ayirboshlash shoxobchasiga 700 AQSH dollari sotib olish uchun kirdik. Ko‘rinki, bank kassasi oldida turnaqator navbat, kimdur valyuta sotmoqchi va kimdur xarid qilmoqchi, albatta o‘sha jarayonning o‘zida hattoki bank kameralari oldida ham o‘zaro oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirilmoqda. Diqqat qiling, bankning shundoq yonginasida. Bunga biror bank mutasaddisi yoki tegishli tashkilotlar eʼtibor qaratmagan. Ko‘rgan bo‘lishsa ham o‘zlarini ko‘rmaganga olishayotganiga nima deyish mumkin.
Xuddi shunday “Ipak Yo‘li” bankining Oybek metrosi yaqinida joylashgan Mirobod filiali ayirboshlash shoxobchasi doim gavjum, bank binosi yonginasida valyutafurush yigit ochiq-oydin sizga xolis yordam berishini aytib turadi. Bunga nima deysiz?! Afsuski, bunday “qora bozor”larni poytaxtimizning turli nuqtalarida uchratasiz.
Bularni ko‘rib savollar kelaveradi. Bu tizim qachon tartibga solinadi? Nahotki, bu sarsongarchiliklar va asabbuzilishlarni tartibga soluvchi yuqorida o‘tirgan vakillar o‘ylab ham ko‘rmagan. Yoki “qora bozor”dan kimlardir manfaatdormi?!...
Bu fikrlarimiz bilan bank sohasiga qora loy chaplamoqchi emasmiz. Faqat dilingni xira qiladigan holat yo‘q bo‘lishini, aholi qo‘lida valyuta bilan sarson bo‘lmasligini, qonuniy yo‘l bo‘la turib jinoyatchiga sherikka aylanmasligini aytmoqchimiz xolos.
Shu bois normativ hujjatlarni ishlab chiqishda faol Markaziy bankimiz bu borada bosh qotirsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Bu masalada Markaziy bank masʼullaridan javob kutib qolamiz.