O’zbekistonda Visa Virtual kartasini onlayn ochish mumkin bo’lgan ilovalar, karta shartlari va narxi haqida
Xorijga sayohat Siz uchun odatiy holmi? Internet orqali xorijiy do’konlardan tez-tez onlayn harid qilasizmi? Yoki turli saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, o’yinlar hisobini to’ldirish kerakmi? Unda to’lovlar uchun Sizga aniq Visa kartasi kerak.
Visa – bu xalqaro to’lov tizimi bo’lib, Visa kartasi dunyoning 200 dan ortiq davlatida Visa logotipi tushirilgan savdo nuqtalari va bankomatlarda amal qiladi. Shu jumladan, O’zbekistonda HUMO to’lov tizimi terminal va bankomatlarida ham. Shuningdek Visa kartasi bilan onlayn xaridlarni ham to’lash imkoniyati mavjud.
Visa kartasi narxi, qo’llanish shartlari va taqdim qilinadigan imkoniyatlariga ko’ra farq qiladigan bir nechta turda bo’ladi: Visa Classic, Visa Gold, Visa Platinum, Visa Infinite va Visa Virtual.
Ushbu kartalardan ochish va foydalanish eng oson bo’lgani Visa Virtualdir. Bu o’z nomi bilan virtual karta bo’lib, faqat elektron shaklda ilova yoki saytda ochiladi va saqlanadi. Ya'ni, u oddiy kartalar kabi jismoniy vositaga ega emas. Visa Virtual kartasi cheklangan imkoniyatlarga ega bo’lib, asosan internet orqali xaridlarni to’lash uchun ishlatiladi.
E’tiboringizga O’zbekistonda Visa Virtual kartasini ochish mumkin bo’lgan ilovalar va saytlar ro’yxatini hamda karta shartlarini taqdim qilamiz:
Kartani ochish | Karta bahosi | Kamaymaydigan qoldiq* | Xizmat ko’rsatish** | To’lov uchun komissiya | Valyuta*** | |
1 | CLICK ilovasi va click.uz saytida | Bepul | 0 so’m | Bepul | 0% | So’m |
2 | Payme ilovasi va payme.uz saytida; | Bepul | 0 so’m | Bepul | 0% | So’m |
3 | Humans | Bepul | 0 so’m | Bepul | 0% | So’m |
4 | Hamkor Mobile | Bepul | 0 dollar | Bepul | 0,5% (kamida 0,5 AQSh dollari) | Dollar |
5 | OFB | Bepul | 0 so’m | Bepul | 0,5% (kamida 0,5 AQSh dollari) | So’m/Dollar |
6 | RBK-Mobile | Bepul | 2 dollar | Bepul | 0% | So’m |
7 | Apelsin ilovasi va apelsin.uz saytida | Bepul | 5 dollar | Bepul | 0% | Dollar |
8 | Ipak Yo'li Mobile ilovasi va ipakyulibank.uz saytida | Bepul | 5 dollar | Bepul | Aksiya davomida (31.12.2021 yilgacha) - 0%, keyin 0,7% (kamida 0,5 AQSh dollari) | Dollar |
9 | Milliy ilovasi va milliy.nbu.uz saytida; | 10,000 so’m | 5 dollar | Bepul | 0% | Dollar |
10 | Beeline Uzbekistan | 10,000 so’m | 0 so’m | Bepul | 0% | So’m |
Visa Virtual kartasini ochish uchun tanlangan ilova yoki saytda Kartalar bo’limiga kirish, Virtual kartani ochish, Kartaga buyurtma berish, Visa Virtual kartasini ochish tugmasini bosish, so’ngra karta shartlari bilan tanishib Kartani qo’shish yoki Buyurtma berish tugmasini bosish kerak bo’ladi (tanlangan ilova yoki saytga ko’ra ushbu tugmalar nomi va harakatlar ketma-ketligi farq qilishi mumkin).
Muhim shartlar:
*Kamaymaydigan qoldiq bu karta hisobida doim saqlanadigan, ishlatib bo’lmaydigan pul miqdori.
**Xizmat ko’rsatish bu karta uchun har oy yoki yilga to’lanadigan to’lov turi.
***Valyutasi so’mda bo’lgan kartalardan, boshqa valyutadagi (masalan, dollar yoki rubldagi) xaridlar uchun to’lov amalga oshirilayotganda valyuta avtomatik ravishda o’sha kungi kurs bo’yicha konvertatsiya qilib to’lanadi.
Ushbu maqoladagi ma’lumotlardan foydalanib o’zingizga eng qulay kartani tanlashingiz va xorijiy do’konlarda to’lovni komissiyasiz amalga oshirishingiz mumkin!
Barcha kartalar shartlari bilan batafsil Depozit.uz saytining Debet kartalar sahifasida tanishishingiz mumkin.