Kuni kecha Uzcard kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasida bank, moliya va sug‘urta sektorlarida Islomiy yo‘nalishda moliyalashtirishni rivojlantirish va ularni raqamlashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Kuni kecha Uzcard kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasida bank, moliya va sug‘urta sektorlarida Islomiy yo‘nalishda moliyalashtirishni rivojlantirish va ularni raqamlashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda UZCARD Bosh direktori Farrux Ziyayev, FinExtra Group Bosh direktori Nargiz Do‘smatova, Islomiy moliya bo‘yicha ekspert Rustam Shomurodov, Alif Moliya Uzbekistan Bosh direktori Zuxursho Raxmatulloyev, Islomiy moliya bo‘yicha mutaxassis Arif Sayid, Birlashgan Arab Amirliklari AlHuda CIBE FZ LLE Bosh direktori Muhammad Zubayr Mug‘al, Quvayt International Turnkey Systems kompaniyasi Bosh direktori Muhammad Mahdiy, Malayziyaning Amanie Advisors kompaniyasi eksperti Edige Alpysbay hamda Temenos kompaniyasidan Sergey Metelskiylar ishtirok etdi.
Anjuman doirasida “Islomiy moliyalashtirish asoslari va ularning ishlash tamoyillarini tushunish”, “O‘zbekistonda Islomiy moliyalashtirishning rivojlanish tendensiyasi (raqobat muhiti va imkoniyatlari)”, “O‘zbekiston bozori uchun noyob mahsulotlarni tuzishda shariat qonunlariga rioya qilishning ahamiyati”, “Anʼanaviy bank tizimlarida "Islomiy darcha" tamoyilini joriy etishdagi asosiy qiyinchiliklar va foydalar”, “Islomiy bank axloqiy moliyaviy muammolarni qanday hal qiladi”, “Boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish” kabi qator masalalar muhokama qilindi.
Islomiy moliyalashtirish sohasidagi mahalliy va xalqaro ekspertlar so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda Islomiy moliyalashtirishni rivojlanish moyilliklari, raqobat muhiti va imkoniyat tamoyillarini joriy etish va amaldagi qonunchilikka qator o‘zgartirishlar kiritish orqali bu sohani tezda yo‘lga qo‘yib olish mumkin. Buning uchun esa avvalo tijorat banklari tarmog‘ining halol, shaffof raqobat muhitini yaratish hamda bank tizimi aktivlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini mustahkamlash zarur.
Maʼlumki, bugungi kunda O‘zbekistonda islomiy banking tizimini rivojlantirish va hayotga tadbiq etish uchun qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, bunda Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qator tegishli meʼyoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish va asos yaratish talab etilmoqda. Bu masalada bir yildan ortiq muddat davomida qator tijorat banklari bilan hamkorlikda tegishli ishlar olib borilayotgani hech birimizga sir emas.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 30 ta tijorat banklari, 137 ta lizing va 30 dan ortiq sug‘urta kompaniyalari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 10-12 tasi “Islomiy darcha” tamoyilida o‘z faoliyatini davom ettirishga tayyorligini bildirmoqda va bu borada amaliy ishlarni boshlab yuborgan. Ammo islom darchasi aynan ishga tushishi hanuz mavhumligicha qolmoqda.
Pandemiya davrida aholining kambag‘al qatlami uchun bank, sug‘urta va lizing kompaniyalari tomonidan imtiyozli mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, aholining katta qatlami bu foizli kreditlardan voz kechdi. Chunki, anʼanaviy banklarning ajratayotgan mablag‘lari islom taʼlimotiga ko‘ra sudxo‘rlik hisoblanadi. Bu esa islomiy moliyalash standartlarga to‘g‘ri kelmaydi.
Albatta, bugungi kunda tijorat banklari tomonidan ko‘plab qulay bank mahsulotlari taqdim etilayotgan bo‘lishiga qaramay, o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 68 foiz tadbirkorlik subyektlari shariat qonunlari standartlarga mos kelmasligi sababli, standart anʼanaviy bank xizmatlariga rad javobini berishadi.
Xo‘sh, respublikada islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi banklar tashkil etilsa qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? So‘rovnomada ishtirok etgan murojaatchilarning taʼkidlashicha, agar yurtimizda islomiy moliyalashtirish joriy etilsa, 61 foiz tadbirkorlik subyektlari va 75 foiz aholi garchand qimmat bo‘lsa-da islomiy bank xizmatlaridan foydalanishini hamda bank mijoziga aylanishga tayyor ekanligini bildirgan. Bundan tashqari, 27 foiz tijorat banklari ham normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zgartirishga, yaʼni qonunchilik bazasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritishda yordam berishga tayyor ekanligini taʼkidlamoqda.
Shunday ekan, nimaga bu borada hanuz aniq qadamlar tashlanmagan yoki amaliy ishni ko‘rmayapmiz?
Islom moliyasi bo‘yicha shuncha xalqaro anjumanlar, tijorat banklari tomonidan katta-katta uchrashuvlar qilinib, Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi (ITFC) Islom taraqqiyot banki kabi moliya muassasalari bilash kelishuvlarga erishilmoqda. Hatto Prezidentimizning shaxsan o‘zlari ham islom moliyasi joriy etish bo‘yicha fikr bildirib o‘tgan edilar. Biroq amaliy ishlar sust ketayotgandek nazarimizda.
Taʼkidlash joizki, Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi (ITFC) Islom taraqqiyot banki (IsDB) va O‘zbekistondagi tijorat banklari o‘zaro hamkorlikda “Islomiy darcha” tamoyilini joriy etish borasida faoliyat yuritayotgan bo‘lishiga qaramay, hanuz bu masalada oqsoqlik sezilmoqda.
Misol uchun raqamlashtirish masalasiga to‘xtalib o‘tiladigan bo‘lsa, “Islomiy darcha” tamoyilini joriy etishni istagan bironta tijorat banki to‘liq transformatsiya jarayoniga tayyor emasligi yaqqol sezilayapti. Albatta, O‘zbekiston banklarida bugungi kunda bank sohasida islom moliyasi yo‘nalishida qo‘llaniladigan strategiyalar yetarli darajada emas, tijorat banklari bu yo‘nalishda o‘z mutaxassislarini, korporativ mijozlarini va aholini mazkur infratuzilmadan foydalanishlariga tayyorlashlari lozim.
Gapning indallosini aytganda, regulyator sifatida Respublika Markaziy banki hukumatga bu masalada zudlik bilan o‘z takliflarini bayon etishi, tegishli qonun va qonunosti hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilishi natijasida respublikada Islomiy bank tizimini shakllantirishga erishish mumkin. Biroq Markaziy bankimizning bu sohadagi amaliy qadamlari nazarga tashlanmayapti.
Albatta, moliya sohasiga yangi tizimni olib kirish oson emasdir. Ammo bugun kun talabidan, aholining ehtiyoj va xohishlaridan kelib chiqib, islomiy moliyalash tizimini tezda yo‘lga qo‘yish lozimdir. Chunki bugungi ko‘plab tadbirkoru oilalarning bank tizimiga ehtiyoji bor. Ular o‘z biznesini, katta-katta loyihalarini amalga oshirishni istaydi. Biroq qo‘lida mablag‘, orqasida moliyaviy suyanchig‘i, ishongani yo‘q. Shu sabab ular o‘z maqsadlarini amalga oshira olmayapti. Agar bu soha ishga tushsa o‘ylaymizki, moliya tizimi hamda iqtisodiyotimiz yana-da rivoj topishi tayin.
Bejiz AQSH, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya va boshqa ko‘plab musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda ham Islomiy bank tizimida faoliyat olib borayotgani yo‘q. Tizimning O‘zbekistonda ham ishga tushirilishi birinchi navbatda halol va shaffof bank amaliyotidan foydalanishga, xususan jamiyatni yemiruvchi illat sanalmish “poraxo‘rlik”ning ham oldini olishga hamda aholining banklarimizga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga zamin yaratadi.