Top.Mail.Ru

Omonatga pul qo'yishning afzalliklari va risklari

Bank depoziti pulni investitsiya qilishning eng oson usuli hisoblanadi. Buning sababi shundaki, bank hisob raqamiga pul qo'yishdan oldin siz shartlarni oldindan bilib olishingiz mumkin: foizlar, omonat muddati, to'ldirish yoki muddatidan avval yechib olish imkoniyati va boshqalar.

Omonatga pul qo'yishning afzalliklari va risklari

Omonat qanday vazifalarni bajaradi?

  1. Omonat pulni xavfsiz saqlaydi: moliyaviy muassasaga pul qo’yganingizda, ular xavfsiz joyda ekanligini aniq bilasiz.
  2. Depozit moliyaviy intizomni shakllantiradi: bankka qo’yilgan pullarni yechib olish pulni hamyondan chiqarish yoki kartadan kartaga "o'tkazish" kabi oson ish emas. Naqd pulni uyda saqlash asossiz xarajatlarga olib keladi, jamg'armalarni kamaytiradi.
  3. Bank siz uchun muhim bo’lgan pul miqdorini saqlagan va ko'paytirganda holda, sizni kredit berish uchun ishonchli mijoz deb hisoblaydi va bunday mijozga oson kredit berishi mumkin.

Omonatlarning afzalliklari:

  • omonat ochish uchun maxsus iqtisodiy bilim talab etilmaydi;
  • bank mahsulotidan foydalanish qulayligi;
  • pulni yo'qotish xavfi nolga teng;
  • bank bankrot bo’lganda yoki uning litsenziyasi bekor qilingan taqdirda barcha omonatlar davlat tomonidan sug‘urta qilingan bo’ladi;
  • sarmoya kiritish uchun minimal talab — eng kam summadan boshlab jamg’arishni boshlash mumkin;
  • bank bilan hamkorlik qilish shartlari oldindan ma’lum – shartnomada omonat muddati, to‘ldirish va yechib olish imkoniyati, daromadni hisoblash foizi aniq ko‘rsatiladi;
  • bank depozitlari barqaror daromad olish imkonini beradi;
  • bank depoziti passiv daromadning ishonchli manbai hisoblanadi;
  • jamg'armalar har kuni ishlaydi va foyda keltiradi.

 

Umuman olganda, bu ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin, ammo bunday ko’p sonli afzalliklar ro'yxati bilan bir vaqtda qandaydir kamchiliklar yoki risklar ham mavjudmi degan savol tug'iladi. Yuqorida aytib o'tganimizdek, bank omonatlari – bu sarmoya kiritish, saqlash va kapitalni ko'paytirishning eng xavfsiz va ishonchli usullaridan biridir, ammo bu yerda ham ba'zi muhim jihatlar mavjud.

Pul bilan qilingan har qanday harakatning o’zi risk hisoblanadi. Mablag'larni depozitga joylashtirish orqali mijoz risk zonasiga kiradi. Boshqa tomondan, bu risklar oldindan ma'lum, ya'ni ularni boshqarish mumkin va boshqarish kerak. 

Bank depozitlari bilan bog’liq asosiy risklarni, shuningdek ularni boshqarish usullarini ko'rib chiqamiz.

1. Bankning bankrot bo’lish riski. Bank bankrot yoki defolt bo’lishi eng ma’lum risk hisoblanadi. Omonatchi uchun bunday holat bankning mijoz oldidagi majburiyatlarini bajara olmasligini bildiradi. Biroq, O‘zbekiston banklarida aholining barcha omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash jamg‘armasi tomonidan sug‘urtalangan. Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston banklarida riskning bunday turi mavjud emas, deb aytishimiz mumkin. Ammo bunday tizim barcha mamlakatlarda ham mavjud emas, shuning uchun bu turdagi xavf haqida birlamchi bilimlarga ega bo'lish kerak.

Masalan, Rossiyada depozitlarni sug'urta qilish to'g'risidagi qonunga muvofiq, bankrotlik holatida kompensatsiya miqdori 1,4 million rubldan oshmasligi kerak. Mijoz pulni bir nechta hisobvaraqlarda, lekin bitta bankda saqlasa, ushbu summadan ortiq pul ololmaydi. Agar depozitlar turli banklarda bo'lsa va ularning har biri bankrotga uchragan bo'lsa, u har bir bankdan kompensatsiya oladi. Demak, xulosa shuki, eng to'g'ri yo’l – pulni turli savatlarda, ya'ni banklarda saqlashdir.

2. Foiz riski. Depozit stavkasi shartnomaning birinchi shartidir. Uni imzolaganda, mijoz omonatning butun muddati uchun stavkani o’rnatadi. Biroq, bu davr mobaynida bozor stavkalari o'zgarishi mumkin. Masalan, ikki yil muddatga yillik 20 foiz bilan omonat ochildi. Bir yil o'tgach, stavkalar 25% gacha ko'tarildi. Bu ikkinchi yil uchun siz 5% kamroq daromad olasiz degan ma'noni anglatadi. Biroq, agar stavkalar, aksincha, tushib ketsa, siz yutasiz. Aynan shunday holat foiz stavkasi riskini ifodalaydi: siz yutishingiz ham yutqazishingiz ham mumkin.

Foiz riskini boshqarish - foizlarni yo'qotmagan holda omonatni muddatidan oldin yechib olish imkoniyati bilan uzoq muddatli depozitni tanlashdir (usbu jihat shartnomada ko'rsatilishi kerak). Depozit stavkalari keskin oshgan taqdirda, siz eski omonatdagi barcha mablag'laringizni olib, yuqoriroq stavkada yangisiga qo'yishingiz mumkin bo'ladi.

3. Valyuta riski. Valyuta tovar bo‘lib, uning narxi (aniqrog‘i, valyuta kursi) doimo o‘zgarib turadi. Jahon birjalarida tom ma'noda har daqiqada valyutalar sotiladi. Bir kunda valyuta kurslari, qoida tariqasida, unchalik o'zgarmaydi, biroq bir necha oy yoki yil ichida kurs 20-30% ga ko'tarilishi yoki tushishi ham mumkin.

Misol uchun, siz yillik 5% bilan 1000 dollar miqdorida 1 yil muddatga dollar depozitini ochdingiz. Joriy yil davomida dollar kursi bir dollar uchun 12 ming so‘mdan 11 ming so‘mga tushdi. Bir yil ichida, foizlarni hisobga olgan holda, omonat summasi 1050 dollarga yetadi. Joriy kurs bo‘yicha bu 11,55 million so‘mni tashkil etadi, ya’ni omonatga qo’yilgan puldan daromadni so‘mda baholasak, siz nafaqat daromad olmaysiz, balki yutqazis ham (dollarda, bank va’da qilganidek, 5 foiz daromad olasiz). Biroq, bu misol shartli, chunki O'zbekistonda hozirgi valyuta bozoridagi vaziyat biroz boshqacha - dollar kursi barqaror o'sishda davom etmoqda va shuning uchun O'zbekistonda omonatchilar uchun bunday xavf yo'q deb aytishimiz mumkin.

4. Inflyatsiya riski. Inflyatsiya - pulning qadrsizlanishi, ya'ni uning xarid qobiliyatining pasayishi. Inflyatsiyaning asosiy ko'rsatkichi iste'mol narxlari indeksining o'sish sur'atidir. Iste'mol narxlari indeksi oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, aloqa, transport, sog'liqni saqlash va boshqa katta odam yashashi uchun kerak bo’lgan bir qancha narsalarni o'z ichiga olgan tovarlar va xizmatlar savatining narxi sifatida o'lchanadi. Agar yil davomida bu savat 10% ga qimmatlashgan bo'lsa, bu aynan inflyatsiya darajasini ifodalaydi: bir xil pul miqdoriga yil oxirida siz yil boshiga qaraganda 10% kamroq narsa sotib olishingiz mumkin.

Inflyatsiya xavfini boshqarish - inflyatsiyadan himoyalangan vositalarga investitsiya qilishdir. Inflyatsiya bilan bog'liq bo'lgan deposit bo’lsa mijoz uchun eng yaxshi variant bo'ladi. Misol uchun, yillik omonat uchun muddat oxirida ikki parametr - inflyatsiya va mukofot yig'indisiga teng foiz stavkasi to'lanadi. Bu ba'zi rivojlangan mamlakatlarda, masalan, AQShda allaqachon yo’lga qo’yilgan.

Shunday qilib, banklarga omonat qo'yishda yodda saqlang - omonat maqsadini aniq bilish shartnoma shartlarini to'g'ri tanlash imkonini beradi (muddati, to'ldirish va muddatidan oldin yechib olish imkoniyati va boshqalar). Har qanday pul qo’yilmasi xavflarni o'z ichiga oladi va bank depozitlari bundan mustasno emas. Shuning uchun, bank depozitlarining barcha afzallik va risklarni aniq tushunib, siz o'z jamg'armalaringizni osongina boshqarishingiz mumkin.

O‘zbekiston banklaridagi eng foydali depozitlar hamda omonatlar bo‘yicha eng yuqori foizlarni taklif etayotgan banklar Depozit.uz saytida Omonatlar sahifasida keltirilgan.

15:34 • 17 August, 2023

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish