Top.Mail.Ru

Kredit kartalar: qaysi banklarda qanday shartlarda rasmiylashtirish mumkin?

Kredit kartalari mamlakatimizda eng kam tarqalgan bank mahsulotlaridan biridir. Shunga qaramay, ba'zi banklar mijozlarga kredit kartalar rasmiylashtirishni taklif qiladilar.

Kredit kartalar: qaysi banklarda qanday shartlarda rasmiylashtirish mumkin?

Birinchi navbatda, kredit karta nima, u nima uchun kerak va qanday afzalliklarga ega ekanligini aniqlab olamiz.

Kredit kartalar - bu mijozga tovar va xizmatlar uchun bank mablag'lari hisobidan to'lash imkonini beruvchi to'lov kartalaridir. Kredit kartasi unda mijozning o'z mablag’lari mavjud bo’lishini nazarda tutmaydi, ya'ni karta egasiga kredit kartada o'z pullarini saqlashga ruxsat bermaydi.

Kredit kartaning asosiy xususiyati shundaki, uning balansida ma'lum miqdorda pul mavjud bo’ladi. Bu bank mijoz uchun tasdiqlagan kredit limitidir. Mijoz bu pulni xohlaganicha ishlatishi mumkin:

  • to'lovlarni to'lash;
  • maishiy ehtiyojlarga, mahsulot sotib olishga sarflash;
  • buyum va jihozlar sotib olish;
  • boshqa shaxslarga o'tkazish;
  • naqd pul yechib olish;
  • shoshilinchroq qarzlarni to'lash.

Kredit limiti shuni anglatadiki, odam tasdiqlangan miqdordan ortiq mablag' sarflay olmaydi. Uning miqdori bank tomonidan kelajakdagi qarz oluvchining turli xil xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi: yoshi, daromad darajasi, kredit tarixi va boshqalar.

Kredit kartaning boshqa kreditlardan qanday afzalliklari bor?

Kredit karta va boshqa kreditlar, masalan, iste'mol krediti yoki mikroqarzlar umumiy xususiyatga ega - mijoz ikkala holatda ham qarzga pul oladi. Ammo ular orasida farqlar ham mavjud:

  • Kredit rasmiylashtirilganda shartnomada ko‘rsatilgan summa bir martada to‘liq chiqarib beriladi. Kredit karta bilan hozir va istalgan vaqtda kerakli miqdorda pul sarflash mumkin.
  • Kredit har doim kelishilgan muddatda asosiy qarz va foizlarni muntazam to'lanishini nazarda tutadi. To'lovlar miqdori oldindan belgilanadi. Agar kredit muddatidan oldin to'lansa, foiz to’lovini kamaytirish mumkin. Kredit kartada qarzni imtiyozli muddat ichida to'laganda foizlarni to'lamaslik mumkin.
  • Kredit bir marta beriladi. Keyingisi uchun yangi shartnoma tuzish kerak bo'ladi va miqdor, stavka, mablag'larni qaytarish kabi shartlarni boshidan belgilash zarurdir. Kredit karta belgilangan muddat ichida tasdiqlangan kredit limiti doirasida istalgan vaqtda pulni ishlatish imkoniyatini beradi. Kredit mablag'larining limiti va kartadagi imtiyozli davr har safar oldingi qarzni to'lash bilanoq yangilanadi.

Umuman olganda, kredit karta kreditga qaraganda rasmiylashtirilishi osonroq va foydalanish uchun qulayroq bo'lgan bank mahsulotidir. Bu odatiy xarajatlar uchun ham, katta xaridlar uchun ham foydali bo'ladi.

Bugungi kunda 31 ta bankdan faqat 4 tasi kredit kartalarini taqdim etmoqda. Maksimal summa 100 million so‘m, 5 yilgacha muddatga, foiz stavkasi yillik 27,99 foizdan 35,99 foizgachani tashkil etadi.

Bank nomiFoiz stavkasiMaksimal muddatMaksimal summa
Agrobank27.99%4 yil50 mln. so’m
Asia Alliance bank27.99%3 yilO’rtacha oylik ish haqining 3 barobarigacha 
Davr bank32%5 yil100 mln. so’m
32%4 yil30 mln. so’m
Infin bank35.99%2 yil30 mln. so’m

Shuningdek, banklar o’zlarning hamkor kompaniyalaridan tovarlarni sotib olish uchun muddatli to'lov kartalarini taklif qiladi. Ular orasida Anorbank “ANOR” muddatli to’lov kartasi – 30 million so‘mgacha 2 yil muddatga va Davrbank “Kredit karta Zero” kartasi – 25 million so‘mgacha 1 yil muddatga beriladi. Bunday kartalar bo'yicha foiz stavkasi 0% ni tashkil qiladi.

Kredit kartalarning batafsil shartlari bilan Kredit kartalar sahifasida tanishish mumkin.

15:53 • 16 November, 2022
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish